Boks bo‘yicha Jahon kubogi: 4 nafar bokschimiz finalga yo‘llanma oldi

Bugun boks bo‘yicha Jahon kubogining yarim final bahslariga start berildi. O‘zbekiston boks federatsiyasi xabariga ko‘ra, ringga ko‘tarilgan hamyurtlarimiz keskin va murosasiz janglarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi.
Hozircha o‘tkazilgan janglar yakuniga ko‘ra, 4 nafar bokschimiz final yo‘llanmasini naqd qildi, 2 nafar vakilimiz esa musobaqaning bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Yarim final janglarining umumiy natijalari
Bokschimiz | Vazn toifasi | Raqib va uning davlati | Jang hisobi | Yakuniy natija |
Farzona Fozilova | -48 kg | Anjelika Kristaforszka (Polsha) | 5:0 | Finalga yo‘l oldi |
Sitora Turdibekova | -60 kg | Viktoriya Grefeyeva (Qozog‘iston) | 1:4 | Bronza medali |
Abdumalik Halokov | -60 kg | Radoslav Rosenov (Bolg‘ariya) | 4:1 | Finalga yo‘l oldi |
Oltinoy Sotimboyeva | +80 kg | Dina Islambekova (Qozog‘iston) | 5:0 | Finalga yo‘l oldi |
Akmaljon Isroilov | -85 kg | Paolo Karuso (Italiya) | 2:3 | Bronza medali |
To‘rabek Habibullayev | -90 kg | Xuyezen Xan (Xitoy) | 5:0 | Finalga yo‘l oldi |
Janglardan qaynoq tafsilotlar
Qizlar o‘rtasidagi shiddat: -48 kg vazndagi vakilamiz Farzona Fozilova polshalik raqibasi ustidan to‘liq ustunlik qilib, hakamlarning bir ovozdan bergan bahosi bilan (5:0) finalga chiqdi. Afsuski, -60 kgdagi Sitora Turdibekova qozog‘istonlik raqibasiga imkoniyatni boy berib, shohsupaning 3-pog‘onasi bilan kifoyalandi.
Abdumalik Halokovdan mahorat darsi: -60 kg vazn toifasida chempionlik uchun asosiy da’vogar bo‘lgan Abdumalik bolgariyalik Radoslav Rosenovni qiyinchiliksiz mag‘lub etdi. Halokov barcha raundlarda (5:0, 4:1, 4:1) ustunlik qilib, yakunda 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Oltinoy Sotimboyevadan «Trilogiya» g‘alabasi:
+80 kg vazndagi Oltinoy Sotimboyeva va qozog‘istonlik Dina Islambekova o‘rtasidagi qarama-qarshilik yilning eng qiziqarli voqeasiga aylandi. Bu ularning joriy yildagi uchinchi to‘qnashuvi edi («Strandja»da Oltinoy, Osiyo chempionatida Dina yutgandi). Hal qiluvchi bahsda vakilamiz raqibasiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi — 5:0! O‘zaro hisob 2:1 ko‘rinishiga keldi, Oltinoy esa finalda!
To‘rabek mezbonni ayab o‘tirmadi: -90 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan To‘rabek Habibullayev musobaqa mezboni, xitoylik Xuyezen Xanga qarshi ringga chiqdi. To‘rabek har uchchala raundda ham raqibini butunlay zararsizlantirib (5:0), yaqqol ustunlik bilan final chiptasini qo‘lga kiritdi.
Murosasiz bahsdagi alamli mag‘lubiyat: -85 kg vazndagi Akmaljon Isroilov italiyalik Paolo Karusoga qarshi tengma-teng jang olib bordi. Biroq hakamlarning bahsli qaroriga ko‘ra, 2:3 hisobida italiyalik bokschi g‘alaba qozondi. Akmaljon musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
Oldinda bizni yana 5 ta jang kutmoqda!
O‘zbekiston boks terma jamoasining Jahon kubogidagi yurishi davom etadi. Tez orada yana 5 nafar mahoratli bokschimiz yarim final doirasida ringga ko‘tariladi. Vakillarimizga chin dildan omad tilaymiz va ulardan faqat g‘alaba kutib qolamiz!































Izohlar 0
…