Portugaliyalik futbol agenti: Ronaldu hali eng yaxshi formasiga kirmagan

JCH-2026 guruh bosqichining ikkinchi turida Portugaliya terma jamoasi O‘zbekiston milliy jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Muhim uchrashuv arafasida futbol agenti Paulu Barboza bo‘lajak bahs haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, Portugaliya uchun O‘zbekistonga qarshi o‘yin oson kechmaydi. U portugaliyalik futbolchilarning ayrimlari hozircha eng yaxshi sport formasiga kirmaganini qayd etdi.
Barboza Krishtianu Ronalduning asosiy tarkibda maydonga tushishini kutmoqda. Biroq uning fikricha, yulduz hujumchi hozircha to‘liq tayyor emas.
«O‘yin oson bo‘lmaydi. Afsuski, Ronaldu asosiy tarkibda maydonga tushadi. Holbuki, uning hozircha to‘liq tayyor emasligini ko‘rib turibmiz. U avvalgi o‘yinlarda ham optimal holatida emasdi», — deya Barbozaning so‘zlarini keltirdi «Match TV».
Futbol agenti Portugaliyaning boshqa bir qator futbolchilari ham ayni paytda o‘zining eng yuqori darajasida emasligini ta’kidladi.
«Jamoadagi ko‘plab futbolchilar ham hozir eng yaxshi sport formasida emas», — dedi u.
Portugaliya jahon chempionatini kutilmagan natija bilan boshladi. Jamoa guruh bosqichining birinchi turida Kongo Demokratik Respublikasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Ushbu natijadan keyin portugaliyaliklarga O‘zbekistonga qarshi uchrashuvda g‘alaba juda zarur. Shu sabab raqibning bahsni yuqori bosim va faol hujumlar bilan boshlashi kutilmoqda.
O‘zbekiston milliy jamoasi esa kuchli raqibga qarshi tartibli o‘yin ko‘rsatib, mundialdagi ilk ochkolarini qo‘lga kiritish uchun harakat qiladi.
O‘zbekiston va Portugaliya o‘rtasidagi uchrashuv bugun, 23 iyun kuni o‘tkaziladi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.































Izohlar 0
…