JCH-2026. O‘zbekiston Portugaliyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi

JCH-2026. O‘zbekiston Portugaliyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi

JCH-2026 guruh bosqichining ikkinchi turida O‘zbekiston milliy terma jamoasi turnir favoritlaridan biri Portugaliyaga qarshi maydonga tushdi.

Uchrashuv Roberto Martines shogirdlarining 5:0 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlandi. Portugaliya birinchi bo‘limdayoq katta ustunlikka erishib, O‘zbekiston darvozasiga javobsiz uchta gol urdi.

Bahsning 6-daqiqasida Krishtianu Ronaldu hisobni ochdi. Qanotdan amalga oshirilgan uzatmadan keyin tajribali hujumchi to‘pni Abduvohid Ne’matov qo‘riqlayotgan darvozaga joylab qo‘ydi.

17-daqiqada portugaliyaliklar ustunligini oshirdi. Nunu Mendesh jarima to‘pini aniq amalga oshirib, O‘zbekiston darvozabonini ojiz qoldirdi.

37-daqiqada Ronaldu yana bir bor o‘z so‘zini aytdi. 41 yoshli futbolchi uchrashuvdagi ikkinchi golini urib, dublni rasmiylashtirdi. Shu tariqa, Portugaliya birinchi bo‘limni 3:0 hisobida o‘z foydasiga yakunladi.

Tanaffusdan keyin O‘zbekiston murabbiylar shtabi tarkibda o‘zgarishlar amalga oshirdi. Hojiakbar Alijonov va Akmal Mozgovoy maydonga tushirildi. Biroq Portugaliya bosimni pasaytirmadi.

60-daqiqada Abduvohid Ne’matov to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi va hisob 4:0 ko‘rinishiga keldi.

Uchrashuvning 83-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan Rafael Leau ko‘p o‘tmay gol urishga muvaffaq bo‘ldi. 88-daqiqadagi ushbu gol bahsga yakuniy nuqta qo‘ydi — 5:0.

Mazkur g‘alabadan keyin Portugaliya ochkolari sonini to‘rttaga yetkazib, «K» guruhida peshqadamga aylandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa dastlabki ikki uchrashuvda ochko jamg‘ara olmadi va guruhning so‘nggi pog‘onasida qoldi.

Endi Fabio Kannavaro shogirdlarini guruh bosqichining hal qiluvchi uchrashuvi kutmoqda. Milliy jamoamiz 28 iyun kuni Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi maydonga tushadi.

JCH-2026. Guruh bosqichi, 2-tur

Portugaliya — O‘zbekiston — 5:0

Gollar: Ronaldu, 6, 37; Mendesh, 17; Abduvohid Ne’matov, 60 — avtogol; Leau, 88.

Portugaliya: Koshta, Kanselu (Semedu, 46), Diash, Veyga, Mendesh, Vitinya (Leau, 83), Nevesh, Fernandesh, Netu (Konseysau, 46), Feliks (Trinkau, 64), Ronaldu.

O‘zbekiston: Abduvohid Ne’matov, Abduqodir Husanov, Rustam Ashurmatov, Otabek Shukurov, Behruz Karimov, Sherzod Nasrullayev (Hojiakbar Alijonov, 46), Abdulla Abdullayev, Odil Hamrobekov (Akmal Mozgovoy, 46), Aziz G‘aniyev, Abbosbek Fayzullayev (Igor Sergeyev, 74), Eldor Shomurodov.

Ogohlantirish: Veyga, 68.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar