Portugaliya O‘zbekistonni yirik hisobda mag‘lub etdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati «K» guruhining ikkinchi turida Portugaliyaga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Xyustondagi stadionda o‘tkazilgan uchrashuvda Krishtianu Ronaldu ikki gol urdi. Shuningdek, Nunu Mendesh va Rafael Leau raqib darvozasini ishg‘ol qildi, yana bir gol Abduvohid Ne’matovning avtogoli sifatida qayd etildi.
Hisob 6-daqiqada ochildi. Krishtianu Ronaldu Portugaliyani oldinga olib chiqdi. 17-daqiqada Nunu Mendesh ustunlikni oshirdi. Tanaffusga yaqin, 39-daqiqada Ronaldu ikkinchi golini urdi va dubl qayd etdi.
Ikkinchi bo‘limda ham Portugaliya bosimni pasaytirmadi. 60-daqiqada to‘p Abduvohid Ne’matovdan darvozaga kirib ketdi va avtogol qayd etildi. 87-daqiqada Rafael Leau uchrashuvdagi so‘nggi golni urdi.
Portugaliya raqib darvozasi tomon 16 marta zarba yo‘lladi, shundan to‘qqiztasi aniq chiqdi. O‘zbekiston yettita zarba berdi va ikkitasini darvoza sohasiga yo‘naltirdi.
To‘p nazoratida Portugaliya 66 foizlik ustunlikka ega bo‘ldi. O‘zbekistonning ko‘rsatkichi 34 foizni tashkil qildi. Portugaliya 606 ta uzatmani 92 foiz aniqlik bilan amalga oshirdi. O‘zbekiston esa 282 ta pas berib, 77 foiz aniqlik qayd etdi.
O‘yinda Portugaliya 14 marta, O‘zbekiston 15 marta qoida buzdi. Har ikki jamoa bittadan sariq kartochka oldi. Qizil kartochka ko‘rsatilmadi. Burchak zarbalari bo‘yicha Portugaliya 3:2 hisobida ustun keldi.
Bu natijadan keyin Portugaliya ikki o‘yindan to‘rt ochko jamg‘arib, guruhda birinchi o‘ringa chiqdi. O‘zbekiston esa ikki mag‘lubiyatdan so‘ng hozircha ochkosiz qolmoqda.































Izohlar 0
…