Xorvatiya Panamani mag‘lub etib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi

Xorvatiya Panamani mag‘lub etib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi

JCH-2026 guruh bosqichining «L» guruhidan o‘rin olgan Panama va Xorvatiya milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlandi.

Toronto shahridagi «Bi-Em-O Fild» stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda Xorvatiya minimal hisobda g‘alaba qozondi.

Uchrashuv taqdirini Ante Budimirning aniq zarbasi hal qildi. Xorvatiyalik hujumchi 54-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasiga muhim uch ochkoni olib keldi.

Bahs davomida har ikki jamoa ham ehtiyotkor futbol namoyish etdi. Panama hisobni tenglashtirish uchun bir qator urinishlar qildi, biroq Xorvatiya himoyasi raqib hujumlariga bardosh berdi.

Eslatib o‘tamiz, guruh bosqichining birinchi turida Panama Ganaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.

Xorvatiya esa Angliya milliy jamoasiga qarshi sermahsul kechgan uchrashuvda 2:4 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.

Shu tariqa, xorvatiyaliklar mundialdagi dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritib, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini saqlab qoldi. Panama esa ikkinchi uchrashuvdan keyin ham ochkosiz qoldi.

Ikkinchi turdan so‘ng Xorvatiya 3 ochko bilan uchinchi o‘rinda ketmoqda. Jamoa navbatdagi uchrashuvini 28 iyun kuni Ganaga qarshi o‘tkazadi, 0 ochko bilan oxirgi o‘rindagi Panama shu kuni Angliya bilan kuch sinashadi.

AQSH, Kanada va Meksikada o‘tayotgan JCH-2026 musobaqasi 19 iyulga qadar davom etadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar