Kongoliklar O‘zbekistonga qarshi o‘yinni «hayot-mamot bahsi» deb atadi

Kongoliklar O‘zbekistonga qarshi o‘yinni «hayot-mamot bahsi» deb atadi

2026 yilgi jahon chempionatining «K» guruhida so‘nggi ikki pog‘onani egallab turgan Kongo Demokratik Respublikasi va O‘zbekiston milliy terma jamoalarida hamon pley-off bosqichiga chiqish imkoniyati saqlanib qolmoqda.

Guruh bosqichining ikkinchi turida har ikki jamoa mag‘lubiyatga uchradi. O‘zbekiston Portugaliyaga 0:5 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, Kongo Demokratik Respublikasi Kolumbiyaga minimal hisobda yutqazdi. Shu tariqa, kongoliklar keyingi bosqich yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritish imkoniyatidan foydalana olmadi.

Kongo Demokratik Respublikasi milliy jamoasi bosh murabbiyi Sebasten Desabr Kolumbiyaga qarshi uchrashuvdagi mag‘lubiyat va O‘zbekiston bilan bo‘ladigan hal qiluvchi bahs haqida fikr bildirdi.

«Bu mag‘lubiyatni qabul qilishimiz, boshimizni baland tutib, imkoni boricha tezroq kurashga qaytishimiz kerak. Albatta, durang qayd etganimiz yaxshi bo‘lardi, ammo tan olish lozimki, Kolumbiya kuchliroq edi.

Ular to‘pni juda yaxshi nazorat qildi, biz esa o‘yinga kech kirishdik. Ikkinchi bo‘limda ancha yaxshiroq harakat qildik, ammo bu futbol. Endi bo‘lib o‘tgan voqealarni tahlil qilib, oldinga harakatlanishimiz lozim», — dedi Desabr.

Murabbiyning ta’kidlashicha, jamoa Portugaliyaga qarshi birinchi o‘yinda jahon chempionatidagi ilk golini urganidan mamnun. Kongoliklar buni muhim tajriba sifatida qabul qilmoqda.

«Birinchi golimizdan xursandmiz va buni tajriba orttirish jarayonining bir qismi deb hisoblaymiz. O‘zbekistonga qarshi uchrashuv oson bo‘lmaydi, chunki ular yaxshi himoyalanadi. Lekin biz maydonda bor kuchimizni ishga solamiz. Hozir eng muhimi — dam olish va kuch-quvvatni tiklash», — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.

Kongo Demokratik Respublikasi futbol federatsiyasi bosh kotibi Lilian Tshimpumpu ham O‘zbekistonga qarshi uchinchi tur uchrashuvini jamoa uchun hal qiluvchi bahs deb atadi.

«Biz juda qiyin guruhga tushdik va allaqachon musobaqaning asosiy favoritlariga qarshi o‘ynab bo‘ldik. Endi O‘zbekiston bilan bo‘ladigan bahsni terma jamoamiz uchun “hayot o‘yini” deb atash mumkin. Futbolchilarimiz ham bu haqda ochiq gapira boshladi.

Menimcha, O‘zbekiston aynan bizga qarshi uchrashuvda turnirdagi eng yaxshi o‘yinini namoyish etishga va ilk ochkolarini qo‘lga kiritishga harakat qiladi», — dedi Tshimpumpu.

Hozircha Kolumbiya 6 ochko bilan «K» guruhida peshqadamlik qilmoqda. 4 ochko to‘plagan Portugaliya ikkinchi, 1 ochkoga ega Kongo Demokratik Respublikasi esa uchinchi o‘rinda bormoqda. Hisobida hali ochko bo‘lmagan O‘zbekiston guruhning so‘nggi pog‘onasini egallab turibdi.

Kongo Demokratik Respublikasi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hal qiluvchi uchrashuv 28 iyun kuni AQSHda bo‘lib o‘tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 04:30 da boshlanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar