Kongo DR murabbiyi: «O‘zbekistonga qarshi tavakkal qilishimiz shart»

Kongo DR murabbiyi: «O‘zbekistonga qarshi tavakkal qilishimiz shart»

Kongo Demokratik Respublikasi milliy jamoasi bosh murabbiyi Sebasten Desabr O‘zbekistonga qarshi bo‘ladigan hal qiluvchi uchrashuv oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, O‘zbekiston terma jamoasi himoyada tartibli harakat qiladi va shu sababli bu bahs oson kechmaydi. Biroq Kongo DR uchun durang yetarli emasligi sabab jamoa g‘alaba yo‘lida kattaroq tavakkalga borishi kerak.

«O‘zbekistonga qarshi o‘yin oson bo‘lmaydi, chunki ular yaxshi himoyalanadi. Shunga qaramay, biz bor kuchimizni ishga solamiz. Uchrashuvgacha yaxshi dam olib, kuch to‘plashimiz zarur», — dedi Desabr.

Kongo DR bosh murabbiyi so‘nggi turda jamoasi avvalgi ikki bahsga nisbatan hujumkorroq harakat qilishini ham ma’lum qildi.

«O‘zbekistonga qarshi o‘yinda tavakkal qilishimizga to‘g‘ri keladi. Chunki durang natija bizni qanoatlantirmaydi. Dastlabki ikki uchrashuvga qaraganda ko‘proq xavfga borishimiz lozim», — deya qo‘shimcha qildi u.

Desabr Kolumbiyaga qarshi uchrashuvdagi mag‘lubiyat jamoa uchun alamli bo‘lganini ham tan oldi. Uning fikricha, o‘sha bahsda durang natija qayd etilganida Kongoning turnirdagi vaziyati ancha qulay bo‘lar edi.

«Kolumbiyaga yutqazganimiz og‘ir bo‘ldi. Durang qayd etganimizda, vaziyatimiz yaxshi bo‘lardi. Lekin raqibning kuchli jamoa ekanini ham unutmaslik kerak. Endi o‘sha o‘yindagi xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz lozim», — deya Desabrning so‘zlarini keltirdi geosuper.TV nashri.

Eslatib o‘tamiz, Kongo DR va O‘zbekiston milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 28 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 04:30 da boshlanadi. Bu bahs har ikki jamoa uchun ham pley-off yo‘llanmasi taqdiriga ta’sir qilishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar