Tunisda doping mojarosi: 8 futbolchining testi ijobiy

Tunis milliy jamoasining sakkiz nafar futbolchisi JCH-2026 vaqtida topshirgan doping-testda taqiqlangan modda izlari aniqlangani xabar qilindi.
Daily Mail nashri ma’lumotiga ko‘ra, futbolchilarning organizmida Butunjahon antidoping agentligi tomonidan taqiqlangan klenbuterol moddasi topilgan.
Sakkiz futbolchining testi ijobiy chiqqan
Manba xabariga ko‘ra, Tunis milliy jamoasining sakkiz nafar a’zosi topshirgan namunalar ijobiy natija bergan.
Gap nafas yo‘llarini kengaytirish xususiyatiga ega bo‘lgan klenbuterol moddasi haqida bormoqda. U WADA tomonidan taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Modda organizmga qanday tushgan bo‘lishi mumkin?
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, klenbuterol futbolchilar organizmiga qasddan emas, zararlangan go‘shtni iste’mol qilish orqali tushgan bo‘lishi mumkin.
Tunis terma jamoasi futbolchilari mazkur go‘shtni Meksikadagi mashg‘ulot bazasida iste’mol qilgani aytilmoqda.
Hozircha bu holat yakuniy xulosa sifatida tasdiqlanmagan. Vaziyat haqida futbolchilar to‘p tepadigan klublarga ham ma’lumot berilgan.
Tunis mundialni erta tark etgandi
Tunis milliy jamoasi JCH-2026da guruh bosqichidan o‘ta olmadi.
Birinchi turdagi mag‘lubiyatdan keyin mamlakat futbol federatsiyasi bosh murabbiy Sabri Lamushini lavozimidan ozod qilgan edi.
Shundan so‘ng jamoani Erve Renar boshqardi, ammo Tunis uning rahbarligida o‘tkazilgan qolgan ikki uchrashuvda ham mag‘lubiyatga uchradi.
Endi futbolchilarni qanday qaror kutadi?
Sakkiz futbolchining testida bir xil modda aniqlangani vaziyatni yanada jiddiylashtirmoqda.
Endi antidoping idoralari moddaning organizmga qanday tushganini o‘rganishi va futbolchilarga nisbatan jazo chorasi qo‘llanish-qo‘llanmasligi bo‘yicha qaror qabul qilishi kutilmoqda.































Izohlar 0
…