Qo‘shnining bir iltimosi 27 yoshli yigitning tok urishiga sababchi bo‘ldimi?

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida 27 yoshli yigit elektr toki urishi oqibatida halok bo‘ldi. Marhumning yaqinlari ushbu fojiada qo‘shnisini ayblab, voqeaga huquqiy baho berish jarayoni yetarlicha olib borilmayotganidan norozi ekanini bildirdi.
Marhum Shahzod Sayfiddinovning ota-onasi Jamoliddin Isayev va Adolat Isayevaning so‘zlariga ko‘ra, fojia 2026 yil 19 may kuni sodir bo‘lgan. Aytilishicha, qo‘shnisi Asliddin ismli shaxs yigitni uyidagi elektr simini ulab berish uchun yordamga chaqirgan.
Ota-onasining ta’kidlashicha, ular o‘g‘lini bu ishga bormaslikka undagan. Ammo qo‘shni uylariga kelib, uni o‘zi bilan olib ketgan. Oradan ko‘p o‘tmay yigitni elektr toki urgan.
Yaqinlarining iddaosiga ko‘ra, voqeadan keyin jabrlanuvchi hali tirik bo‘lgan vaqtda uni ariqdagi suvga tushirishgan. Ular shu holatdan keyin yigit vafot etganini, qo‘shni esa hodisa joyini tark etganini aytmoqda.
Marhumning oilasi voqeaga 15 yoshli o‘smir guvoh bo‘lganini, biroq unga ayrim shaxslar tomonidan bosim o‘tkazilib, voqea haqida gapirmaslik so‘ralganini ham ma’lum qildi.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura axborot xizmati voqeani tasdiqladi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, kuchli shamol oqibatida uzilib qolgan elektr simini mustaqil ravishda tiklashga urinish vaqtida fuqaro texnik elektr toki ta’siriga uchrab, voqea joyida vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida ham o‘limga elektr toki ta’siri sabab bo‘lgani qayd etilgan. Shuningdek, elektr tarmog‘idagi nosozlik vakolatli tashkilotlarga xabar berilmasdan, o‘zboshimchalik bilan bartaraf etishga urinilgani aniqlangan.
Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, ushbu ish bo‘yicha avval qabul qilingan protsessual qaror viloyat prokuraturasi tomonidan bekor qilingan. Hozirda voqeaning barcha jihatlarini to‘liq va xolis o‘rganish maqsadida qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…