Kylian Mbappe Paragvayga javob qaytardi: Fransiyaning chorak finalga qiyin yoʻli

Fransiya terma jamoasi va Real Madrid hujumchisi Kylian Mbappe Jahon chempionati nimchorak finali doirasida Paragvayga qarshi kechgan oʻyindan soʻng raqibning oʻta qoʻpol harakatlariga munosabat bildirdi. Filadelfiyadagi jazirama issiqda oʻtgan bahsda fransuzlar 1:0 hisobida gʻalaba qozonib, turnirning chorak final yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Uchrashuvning 70-daqiqasida penaltini aniq amalga oshirgan Kylian Mbappe musobaqadagi oʻzining yettinchi golini urdi. Bu natija bilan u toʻpurarlar poygasida Lionel Messi bilan tenglashib oldi. Biroq oʻyin nafaqat gollar, balki maydondagi keskin kurashlar va raqibning provokatsiyalari bilan yodda qoldi. Goal.com nashri xabariga koʻra, Paragvay terma jamoasi oʻyin davomida oʻta agressiv taktikani qoʻllagan.
“Biz ham qoʻlimizni qonga belashga tayyormiz”
Oʻyindan soʻng bergan intervyusida Kylian Mbappe raqibning “iflos” oʻyiniga tayyor boʻlganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, koʻpchilik Fransiya terma jamoasini faqat chiroyli futbol oʻynaydigan jamoa deb oʻylaydi, biroq ular qiyin vaziyatlarda xarakter koʻrsata olishadi.“Bizni qanday oʻyin kutayotganini bilar edik. Biz ham qoʻlimizni qonga belashni (dirty work), xunuk futbol oʻynashni bilamiz. Menimcha, raqiblar bizni maydonga smokinlarda chiqadi deb oʻylashgan, lekin biz har qanday jangga tayyor edik”, — deya taʼkidladi Fransiya terma jamoasi sardori.
Oʻyin davomida 100 daraja Farengeyt (taxminan 38 daraja Selsiy) issiq kuzatilgani futbolchilarning asablariga ham taʼsir koʻrsatdi. Ayniqsa, Mbappe va Paragvay yarim himoyachisi Matias Galarza oʻrtasida bir necha bor toʻqnashuvlar yuzaga keldi. Janubiy amerikaliklar deyarli har bir vaziyatda fransuzlar yetakchisiga nisbatan qoʻpol oʻynashga harakat qilishdi.
Final hushtagidan keyingi janjal
Ziddiyatli vaziyatlar oʻyin tugaganidan keyin ham davom etdi. Maydon markazida ikki jamoa aʼzolari oʻrtasida dahanaki jang yuzaga keldi. Paragvaylik darvozabon Orlando Gill hatto Mbappening ortidan toʻp bilan zarba berdi. Keyinchalik Gill oʻz harakatini Mbappe uning salomiga javob bermagani va qoʻl berib koʻrishmagani bilan izohladi.Zaxiradan maydonga tushgan Rayan Cherki ham jamoasining matonatini yuqori baholadi. Uning fikricha, Didier Deschamps shogirdlari faqat texnik mahoratga tayanib qolmay, kerak boʻlganda haqiqiy jangchiga aylana oladilar. “Agar biz bilan urushmoqchi boʻlishsa, munosib javob olishadi”, — dedi Cherki.
Ushbu gʻalabadan soʻng Fransiya terma jamoasi chorak finalda Marokashga qarshi maydonga tushadigan boʻldi. Mutaxassislarning fikricha, bunday ogʻir va jismoniy kurashlarga boy oʻyinlar Fransiya uchun turnirning hal qiluvchi bosqichlari oldidan oʻziga xos chidamlilik testi boʻlib xizmat qiladi.






























Izohlar 0
…