Desham Mbappeni nega sardor qilganini tushuntirdi...

Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dide Desham Kilian Mbappening jamoadagi o‘rni, sardorlik mas’uliyati va yetakchilik fazilatlari haqida gapirdi.
Mutaxassisning aytishicha, matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda Mbappe haqida yaratilgan «diktator» obrazi futbolchining haqiqiy xarakteriga mutlaqo mos kelmaydi.
«Bu obraz haqiqatdan juda uzoq»
Deshamdan Mbappe Fransiya terma jamoasi sardori bo‘lish uchun yetarlicha yetilib ulgurgani haqida so‘raldi.
Bosh murabbiy hujumchining yig‘inlar boshlangan birinchi kundanoq jamoaga to‘g‘ri munosabatda bo‘lganini ta’kidladi.
«Unga nisbatan ba’zan go‘yo “diktator” degan obraz yaratiladi. Lekin bu Kilianning haqiqiy qiyofasiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. U birinchi kundanoq to‘g‘ri kayfiyat va munosabat bilan ishga kirishdi», — dedi Desham.
Mbappe faqat o‘zi uchun gapirmaydi
Fransiya murabbiyining so‘zlariga ko‘ra, Mbappe jamoa oldida gapirganida shaxsiy manfaatlarini emas, barcha futbolchilarning fikrini ifoda etadi.
U jamoadoshlarining muammolarini ham murabbiylar shtabiga yetkazib turadi. Hatto bu masalalar Mbappening o‘ziga bevosita bog‘liq bo‘lmasa ham, u chetda turmaydi.
«U menga o‘yinchilarning muammolarini yetkazadi. Agar sen boshqalar haqida qayg‘urmoqchi bo‘lsang, avval o‘zingda muammo bo‘lmasligi kerak. Jamoada muammosiz futbolchi bor desak, u — Kilian», — dedi mutaxassis.
«Hamma unga ergashmoqda»
Desham Mbappening jamoada katta obro‘ga ega ekanini va boshqa futbolchilar uning ortidan ergashayotganini qayd etdi.
Uning fikricha, Fransiya terma jamoasida yaxshi muhit shakllangan va bunday sharoitda Mbappeni sardor sifatida tanlash tabiiy qaror bo‘lgan.
«Hamma unga ergashyapti. Bizda juda yaxshi jamoa shakllangan. Shunday vaziyatda uni sardor etib tanlaganim tabiiy hol», — dedi Desham.
«Diktator Mbappe» hazili jamoaga ham kirib bordi
Qizig‘i, ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan «diktator Mbappe» haqidagi hazil va memlar endi Fransiya terma jamoasi futbolchilari orasida ham aylanib yuribdi.
Muxlislar esa vaziyatga hazil bilan yondashib, «Mbappe terma jamoani ham qo‘lga oldi, endi navbat Deshamga yetdi», deya izohlar qoldirmoqda.
Biroq Deshamning so‘zlariga qaraganda, Mbappe jamoani boshqarishga urinayotgan «diktator» emas, balki futbolchilar manfaatini himoya qiladigan haqiqiy yetakchi.































Izohlar 0
…