Argentina titulni himoya qilmoqda: federatsiyada katta tekshiruv boshlandi

Argentina terma jamoasi JCH-2026da chempionlik unvonini himoya qilish uchun kurashayotgan bir paytda, maydon tashqarisida mamlakat futbol federatsiyasi atrofida jiddiy moliyaviy tekshiruv boshlangani aytilmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, AQSH Federal tergov byurosi Argentina futbol federatsiyasi faoliyatida pul yuvish va moliyaviy qonunbuzarliklar bo‘lgan-bo‘lmaganini o‘rganmoqda.
FBR AFA faoliyatini tekshirmoqda
EasySport ma’lumotiga ko‘ra, tergov AQSH federal prokuraturasi bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
Mutaxassislar Argentina futbol federatsiyasining AQSH hududidagi tijorat faoliyatini tahlil qilmoqda. Asosiy e’tibor moliyaviy operatsiyalar vaqtida AQSH qonunchiligi buzilgan-buzilmaganiga qaratilgan.
Diqqat markazida yirik tranzaksiyalar bor
Xabarlarga ko‘ra, tekshiruv doirasida 300 million dollardan ortiq mablag‘ bilan bog‘liq operatsiyalar o‘rganilmoqda.
Bu mablag‘lar sponsorlik shartnomalari, mediahuquqlarni sotish va boshqa tijorat kelishuvlari orqali shakllangan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
Kompaniyalar faoliyati ham o‘rganilyapti
Argentina nashri La Nación ma’lumotiga ko‘ra, tergov faqat federatsiya bilan cheklanmayapti.
Daromadlarni boshqarishda ishtirok etgan kompaniyalar faoliyati ham alohida tahlil qilinmoqda. Tergovchilar ushbu kelishuvlarda moliyaviy shaffoflik talablariga rioya qilingan-qilinmaganini aniqlashga urinmoqda.
Hozircha rasmiy ayblov yo‘q
Ayni paytgacha hech bir shaxsga nisbatan rasmiy ayblov qo‘yilmagani ta’kidlanmoqda.
Tekshiruv ishlari davom etmoqda va yakuniy xulosa hali e’lon qilinmagan. Shu bois ushbu holatda gap faqat shubha va tergov jarayoni haqida bormoqda.
Terma jamoa JCHda kurashni davom ettirmoqda
Maydondon tashqaridagi bu vaziyat Argentina terma jamoasining JCH-2026dagi ishtirokiga ta’sir qilmagani aytilmoqda.
Amaldagi jahon chempionlari o‘z unvonini himoya qilish uchun kurashni davom ettirmoqda. Ammo federatsiya atrofidagi moliyaviy tekshiruv Argentina futboli uchun turnir davomidagi eng jiddiy maydon tashqarisidagi voqealardan biriga aylanishi mumkin.































Izohlar 0
…