OpenAI eng kuchli GPT-5.6 modelini taqdim etishga tayyorlanmoqda

ChatGPT asoschisi bo‘lgan OpenAI kompaniyasi 9 iyul kuni o‘zining yangi GPT-5.6 modelini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Avvalroq rejalashtirilgan taqdimot AQSH rasmiylari tomonidan xavfsizlik bilan bog‘liq ehtimoliy risklar qo‘shimcha o‘rganilgani sababli iyun oyida kechiktirilgan edi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, texnik sinovlar yakunlanib, kompaniya rahbariyati hamda AQSH rasmiylari ishtirokidagi muzokaralardan so‘ng Oq uy mazkur modelni ishga tushirishga ruxsat bergan. OpenAI yangi GPT-5.6 modelini kompaniya tarixida yaratilgan eng kuchli sun’iy intellekt tizimi sifatida baholamoqda. Ta’kidlanishicha, model kiberxavfsizlik, biologiya hamda mustaqil vazifalarni bajara oladigan sun’iy intellekt sohalarida ancha yuqori imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Taqdimot nima uchun kechiktirildi?
Manbalarga ko‘ra, taqdimotning qoldirilishiga Vashingtonda ilg‘or sun’iy intellekt tizimlaridan noqonuniy yoki xavfli maqsadlarda foydalanish ehtimoli yuzasidan xavotirlar kuchaygani sabab bo‘lgan.
Iyun oyida Oq uy OpenAI raqobatchisi hisoblangan Anthropic kompaniyasiga ham milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan uning eng ilg‘or Fable va Mythos modellaridan foydalanishni vaqtincha to‘xtatishni buyurgan. Ushbu cheklovlar esa faqat o‘tgan haftada yumshatilgani aytilmoqda.
AQSH rasmiylari fikricha, zamonaviy sun’iy intellekt modellari dasturiy ta’minotdagi zaif nuqtalarni aniqlash imkoniyatiga ega. Bu imkoniyatdan esa xorijiy armiyalar yoki razvedka xizmatlari, jumladan, Rossiya va Xitoy kabi davlatlar g‘arazli maqsadlarda foydalanishi mumkinligi xavotir uyg‘otmoqda.
Shu sababli Oq uy OpenAI'dan taqdimotni vaqtincha kechiktirishni so‘ragan va kompaniya bu taklifga rozilik bildirgan. Biroq OpenAI o‘z bayonotida davlat tomonidan o‘tkaziladigan bunday tekshiruvlar doimiy amaliyotga aylanmasligi lozimligini ham ta’kidlagan.
Vashington xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda
AQSH prezidenti Donald Tramp ikkinchi prezidentlik muddati boshida sun’iy intellekt sohasini tartibga solishda cheklovlarni qisqartirish tarafdori bo‘lgan edi. Uning fikricha, ortiqcha talablar AQSHning Xitoy bilan texnologiyalar bo‘yicha raqobat qilish imkoniyatini susaytirishi mumkin.
Biroq iyun oyida Tramp ilg‘or sun’iy intellekt modellari bilan bog‘liq kiberxavfsizlik risklarini kamaytirishga qaratilgan yangi farmonni imzoladi. Hujjatga muvofiq, dasturchilar o‘z modellarini ommaga taqdim etishdan bir oy avval hukumatga ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi. Qayd etilishicha, ushbu jarayon ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.
OpenAI esa kelgusida yangi modellarni ishga tushirish uchun davlat idoralari bilan doimiy xavfsizlik mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi.
GPT-5.6 uch xil versiyada taqdim etiladi
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 9 iyul kuni taqdim etiladigan GPT-5.6 modeli uchta versiyada chiqariladi. Sol versiyasi OpenAI tarixidagi eng kuchli model sifatida tavsiflanmoqda. Terra kundalik vazifalar uchun mo‘ljallangan o‘rta darajadagi variant bo‘lsa, Luna yuqori tezlik va samaradorlikka e’tibor qaratilgan eng arzon versiya hisoblanadi.
Shuningdek, GPT-5.6 modeliga ko‘p bosqichli xavfsizlik tizimi o‘rnatilgani ham ma’lum qilindi. Kompaniya ta’kidlashicha, ushbu himoya mexanizmlari sun’iy intellektdan kiberhujumlar yoki boshqa zararli harakatlarda foydalanishning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.
Avvalroq Malta o‘z aholisi uchun ChatGPT Plus xizmatini bepul taqdim etishi haqida xabar berilgan edi. Shu tariqa mamlakat bunday imkoniyatni yo‘lga qo‘ygan ilk davlatga aylangan. OpenAI bilan imzolangan kelishuvga muvofiq, Malta fuqarolari va rezidentlari ChatGPT Plus'dan bir yil davomida bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Buning uchun ular mamlakatning onlayn identifikatsiya tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi.






























Izohlar 0
…