Indoneziyada ulkan chiqindi poligoni sakkiz kundan buyon yonmoqda

Indoneziya poytaxti Jakarta chekkasida joylashgan ulkan «Jativaringin» chiqindi poligonida sakkiz kundan buyon davom etayotgan yirik yong‘in yuzlab aholini uylarini tark etishga majbur qildi. Hozirga qadar yong‘in 15 gektardan ortiq hududni qamrab olgan bo‘lib, atrofni quyuq va zaharli tutun qoplagan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Sog‘liqni saqlash idoralari havo ifloslanishi oqibatida nafas olish yo‘llari kasalliklari keskin ko‘payganini ma’lum qildi. Yong‘inni bartaraf etish uchun o‘t o‘chiruvchilar vertolyotlar, suv tashuvchi maxsus texnikalar, buldozerlar va dronlarni jalb qilgan. Mutaxassislar yong‘inni hafta oxiriga qadar to‘liq o‘chirishga umid bildirmoqda. Ekologlar esa bu voqeani mamlakatdagi chiqindi muammosining yana bir og‘ir oqibati va ekologik inqirozning yorqin namunasi sifatida baholamoqda.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in 30 iyun kuni kichik uchqundan boshlangan. Keyinchalik kuchli shamol ta’sirida olov tez sur’atda tarqalib, chiqindilar baland uyilgan va o‘t o‘chiruvchilar yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni ham qamrab olgan.
Bir hafta davomida poligondan ko‘tarilgan qora tutun yaqin atrofdagi aholi yashash punktlarini qoplab oldi. Atrof-muhit vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, havo sifati xavfli darajagacha yomonlashgan, garchi so‘nggi kunlarda vaziyat biroz yaxshilangan bo‘lsa ham.
45 yoshli mahalliy fuqaro Sarmanahning aytishicha, zaharli tutun uyini to‘ldirib yuborgani sababli u farzandi bilan xavfsiz joyga ko‘chishga majbur bo‘lgan.
«Tutun shunchalik quyuq ediki, hech kimni ko‘rishning iloji yo‘q edi. Burunni achishtiradi, yo‘taltiradi va nafas olishni qiyinlashtiradi. Shu sabab uyimizni tark etishga majbur bo‘ldik», — dedi u.
Yuzlab boshqa aholi ham mahalliy hukumat tashkil qilgan vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirildi. 37 yoshli Tosiyani ismli ayolning ta’kidlashicha, tutundagi zaharli gazlar tufayli ularga hozircha uylariga qaytishga ruxsat berilmagan.
Shifokorlar yong‘in oqibatida sog‘lig‘i yomonlashgan kamida 234 nafar fuqaroni ko‘rikdan o‘tkazgan. Ulardan 72 nafarida o‘tkir nafas yo‘llari infeksiyasi aniqlangan.
Hozir ham poligonning g‘arbiy va janubiy qismlarida chiqindi uyumlari ichida yong‘in o‘choqlari saqlanib qolmoqda. Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy agentligi vakili Johan Darmavanning aytishicha, olov chiqindilarning chuqur qatlamlarida yonayotgani uchun uni bartaraf etish ancha murakkab kechmoqda.
Rasmiylar hozircha yong‘inning aniq sababini e’lon qilmagan. Biroq Indoneziyaning atrof-muhit sohasidagi nodavlat tashkiloti WALHI organik chiqindilarning chirishi natijasida hosil bo‘lgan metan gazi portlashga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Mutaxassislar bu holat mamlakatdagi tartibga solinmagan ochiq chiqindi poligonlari muammosining oqibati ekanini ta’kidlamoqda.
Mahalliy aholi bu hududda yong‘indan avval ham doimiy badbo‘y hid, pashshalar ko‘payishi va chiqindi ko‘chkisi xavfidan shikoyat qilib kelgan. Ekologlar fikricha, issiq ob-havo va iqlim o‘zgarishi tufayli to‘planayotgan metan gazi bunday poligonlarni har qanday paytda alangalanishi mumkin bo‘lgan «porox bochkasi»ga aylantirmoqda.






























Izohlar 0
…