Lionel Messi faoliyatida ilk bor Angliyaga qarshi: Jaxon chempionatida tarixiy toʻqnashuv

Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi oʻzining afsonaviy faoliyati davomida hali amalga oshmagan kam sonli maqsadlaridan biriga erishish arafasida turibdi. 2026-yilgi Jaxon chempionatining yarim finalida Argentina va Angliya terma jamoalari oʻzaro toʻqnash keladigan boʻldi. Bu uchrashuv nafaqat turnirning markaziy oʻyini, balki Messi uchun xalqaro maydondagi noyob debyut sifatida ham tarixga kiradi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Chorak final bosqichida Argentina terma jamoasi Shveytsariya ustidan qoʻshimcha boʻlimlarda 3:1 hisobida gʻalaba qozongan boʻlsa, Thomas Tuchel boshqaruvidagi Angliya Norvegiya toʻsigʻidan 2:1 hisobida oʻtdi. Shu tariqa, Atlanta shahri mezbonlik qiladigan yarim finalda futbol olamining ikki giganti oʻzaro hisob-kitob qiladi. Goal.com nashrining xabar berishicha, 39 yoshli Messi oʻzining uzoq yillik faoliyati davomida hali biror marta Angliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushmagan.
Maradona merosi va yangi chaqiriq
Argentina va Angliya oʻrtasidagi qarama-qarshilik futbol tarixida alohida oʻringa ega. Ayniqsa, 1986-yilgi Jaxon chempionatida Diego Maradona tomonidan kiritilgan ikki mashhur gol bu raqobatni afsonaviy darajaga koʻtargan. Lionel Messi garchi u voqealarni jonli koʻrmagan boʻlsa-da, bu tarix har bir argentinalikning qonida borligini taʼkidladi."Angliyaga qarshi oʻyin doim oʻzgacha ahamiyatga ega, chunki ular dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri. Men deyarli barcha kuchli terma jamoalarga qarshi oʻynaganman, faqat Angliya bundan mustasno edi. Shu sababli ham bu bahsni intiqlik bilan kutyapman. Biz bu oʻyinga Jaxon chempionati yarim finali sifatida qaraymiz va bor kuchimiz bilan gʻalaba uchun harakat qilamiz", — deya oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi Inter Miami yulduzi.
Lionel Messi joriy turnirda ajoyib sport formasini namoyish etmoqda. Hozirda u 8 ta gol bilan toʻpurarlar poygasida Kylian Mbappe bilan birga peshqadamlik qilmoqda. Shunisi eʼtiborliki, Messi Jaxon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi toʻpurarga aylanib oldi — uning hisobidagi gollar soni jami 21 taga yetdi. U guruh bosqichi va pley-offning dastlabki bosqichlarida Jazoir, Avstriya, Iordaniya, Kabo-Verde va Misr darvozalarini ishgʻol qilishga ulgurdi.
Rekordlar va kutilayotgan bahs
Shveytsariyaga qarshi kechgan qiyin bahsda Messi gol ura olmagan boʻlsa-da, muhim golli uzatmani amalga oshirdi. Bu uning Qatar 2022 turniridagi Avstraliyaga qarshi oʻyindan boshlangan ketma-ket gol urish seriyasiga yakun yasadi. Shunga qaramay, argentinaliklar sardori jamoaviy muvaffaqiyat har qanday shaxsiy rekorddan ustun ekanini yana bir bor isbotlamoqda.Ushbu yarim final nafaqat final yoʻllanmasi, balki ikki xil futbol maktabining toʻqnashuvi sifatida ham oʻta ahamiyatlidir. Angliya terma jamoasi Thomas Tuchel qoʻl ostida tartibli va hujumkor oʻyin koʻrsatayotgan boʻlsa, Argentina Lionel Messi atrofida shakllangan tajribali va irodali jamoa sifatida gavdalanmoqda. Atlantadagi oʻyin butun dunyo futbol jamoatchiligi diqqat markazida boʻlishi shubhasiz.






























Izohlar 0
…