Barselona va Ronald Koeman oʻrtasida nizo: Frenkie de Jong ogʻir jarohat bilan qaytdi

Ispaniyaning Barselona klubi va Niderlandiya terma jamoasi oʻrtasidagi munosabatlar Frenkie de Jongning jarohati sababli keskin yomonlashdi. Kataloniyaliklar klub yarim himoyachisining sogʻligʻi borasida terma jamoa murabbiylar shtabi va tibbiy xodimlari tomonidan chalgʻitilgan deb hisoblamoqda. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, futbolchi olti oygacha maydonga tusha olmasligi mumkin. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
AS nashri va Goal.com xabar berishicha, Frenkie de Jong dushanba kuni kutilganidan ertaroq klub ixtiyoriga qaytgan va oʻng tizzasidagi kuchli shish tufayli tibbiy koʻrikdan oʻtishni soʻragan. Jamoaning yangi bosh murabbiyi Hansi Flick bilan qisqa suhbatdan soʻng oʻtkazilgan tekshiruvlar shifokorlarni shok holatiga tushirib qoʻydi — futbolchining tizzasi mutlaqo beqaror holatda ekani maʼlum boʻldi.
Hozirda shifokorlar tizzadagi bogʻlamlarning jiddiy shikastlanganidan shubha qilishmoqda. Biroq tizzadagi kuchli ichki qon ketish va shish tufayli darhol MRT (magnit-rezonans tomografiya) oʻtkazishning imkoni boʻlmagan. Klub shish pasayishini bir necha kun kutishga majbur, shundan keyingina jarohatning aniq koʻlami va jarrohlik amaliyoti zarurligi haqida xulosa beriladi.
Ronald Koeman va terma jamoaning masʼuliyatsizligi
Barselona rahbariyati Ronald Koeman va uning shtabini qasddan maʼlumotlarni yashirishda ayblamoqda. Maʼlum boʻlishicha, De Jong soʻnggi oʻyinlarda ogʻriq qoldiruvchi ukollar yordamida maydonga tushgan, ammo kataloniyaliklarga vaziyatning bu qadar jiddiy ekani aytilmagan. Ayniqsa, Marokashga qarshi kechgan va qoʻshimcha boʻlimlargacha davom etgan bahsda futbolchining toʻliq oʻynatilgani jarohatni yanada ogʻirlashtirgan.Klub ichidagi manbalarning taʼkidlashicha, Ronald Koeman va Frenkie de Jong bu vaziyat boʻyicha jiddiy tushuntirish berishlari shart. Kataloniyaliklar terma jamoani futbolchining uzoq muddatli faoliyatini xavf ostiga qoʻyib, qisqa muddatli natijalarni ustun qoʻyganlikda va beparvolikda ayblamoqda.
Ushbu holat ikki tomon oʻrtasidagi eski nizolarni ham qayta alanga oldirdi. Avvalroq Koeman Barselona rahbariyatini futbolchining sogʻligʻiga notoʻgʻri yondashganlikda ayblab, shu sababli De Jong Yevropa chempionatini oʻtkazib yuborganini aytgan edi. Endilikda klub mutasaddilari niderlandiyalik mutaxassisning oʻzini "qabul qilib boʻlmas tavakkalchilik"da ayblamoqda.
Shu bilan birga, Frenkie de Jongning oʻziga nisbatan ham eʼtirozlar mavjud. Klub rahbariyati futbolchi oʻz imkoniyatlarini toʻgʻri baholashi va ogʻriq sezganida oʻyinni toʻxtatishi kerak edi, deb hisoblamoqda. Agar jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladigan boʻlsa, yarim himoyachi 4 oydan 6 oygacha muddatni oʻtkazib yuboradi, bu esa Barselona uchun yangi mavsum oldidan ulkan yoʻqotishdir.






























Izohlar 0
…