67 yillik futbolka millionlab dollarga sotildi

Braziliya futboli afsonasi Pelening 1958 yilgi Jahon chempionati finalida kiygan formasi kimoshdi savdosida ulkan mablag‘ga sotildi. Sotheby's auksion uyi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, noyob futbolka yangi egasiga 4,88 million AQSH dollari evaziga sotilgan.
Mazkur forma Pele faoliyatidagi eng unutilmas uchrashuvlardan biri bilan bog‘liq. Aynan 1958 yilgi Jahon chempionati finalida yosh hujumchi ikki marta gol urib, Braziliya terma jamoasining tarixdagi ilk jahon chempionligini qo‘lga kiritishiga hal qiluvchi hissa qo‘shgan. Shvetsiya mezbonlik qilgan hal qiluvchi bahsda braziliyaliklar maydon egalarini 5:2 hisobida mag‘lub etgan edi.
Ushbu g‘alaba Pelening ilk Jahon chempionligi bo‘lgan. Keyinchalik u yana ikki marta mundial g‘olibi bo‘lib, jami uch marta Jahon chempionati kubogini qo‘lga kiritgan tarixdagi yagona futbolchi bo‘lib qolmoqda.
Shuningdek, Pele aynan o‘sha finalda urgan gollari bilan yana bir tarixiy natijaga erishgan. U 17 yoshu 249 kunligida Jahon chempionati finalida gol urgan eng yosh futbolchi sifatida rekord o‘rnatgan. E’tiborlisi, ushbu rekord hozirgacha hech bir futbolchi tomonidan yangilanmagan.
Ma’lumot uchun, futbolkalar sotuvi bo‘yicha mutlaq rekord hali ham Diyego Maradonaga tegishli. Uning 1986 yilgi Jahon chempionati chorak finalida Angliyaga qarshi o‘yinda kiygan mashhur futbolkasi 2022 yilda kimoshdi savdosida 9,3 million dollarga sotilgan va bu ko‘rsatkich hozirgacha eng yuqori natija bo‘lib qolmoqda.






























Izohlar 0
…