Tarixda ilk bor robotlar MMA jangida o‘zaro bellashdi

Kecha, 16 iyul kuni Xitoyda aralash yakkakurash (MMA) qoidalari asosida dunyo tarixidagi ilk robotlar jangi tashkil etildi. Ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlarini namoyish etgan ushbu bellashuv katta qiziqish uyg‘otdi. Bu haqda MMA Mania nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur musobaqa Xitoyning EngineAI kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Ultimate Robot Knock-out Legend (URKL) robototexnika turniri doirasida o‘tkazilgan. Bellashuv Shenchjen shahridagi Nanshan madaniyat va sport markazida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mashhur kino yulduzi Donni Yen maxsus mehmon sifatida ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, musobaqaning saralash bosqichida dunyoning 10 mamlakatidan 200 dan ortiq jamoa qatnashgan. Onlayn saralash yakunlariga ko‘ra, eng yaxshi natija qayd etgan 32 ta jamoa final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Barcha ishtirokchilar asosiy jangchi sifatida EngineAI'ning T800 robotiga tayangan. Biroq har bir jamoa robotini raqobatchilardan ustun qilish maqsadida unga maxsus himoya zirhlari, konstruktiv yechimlar hamda turli muhandislik takomillashtirishlarini qo‘llagan. Bu esa har bir robotning imkoniyatlarini o‘ziga xos tarzda namoyon etishiga xizmat qildi.
Final bosqichida ishtirok etgan jamoalar orasida Kaliforniya universiteti (Berkli), Stenford universiteti, Sinxua universiteti, Chjetszyan universiteti hamda Gonkong universiteti kabi nufuzli ta’lim muassasalari vakillari ham bor edi.
Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 10 million yuan (taxminan 1,48 million AQSH dollari)ni tashkil qildi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu musobaqa robototexnika va sun’iy intellekt sohasida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.






























Izohlar 0
…