Ilon Mask va Sem Altman oʻrtasidagi nizo: Koinotdagi maʼlumotlar markazi loyihasi realmi

Sunʼiy intellekt texnologiyalari va koinotni oʻzlashtirish sohasining ikki yetakchi namoyandasi — Ilon Mask hamda Sem Altman oʻrtasidagi navbatdagi ziddiyat koinotda maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini (data-center) tashkil etish masalasini kun tartibiga chiqardi. Ushbu bahs nafaqat ikki milliarderning shaxsiy qarashlarini, balki zamonaviy texnologik imkoniyatlar va kelajak rejalari oʻrtasidagi jiddiy tafovutni ham koʻrsatib bermoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ziddiyat Ilon Maskning OpenAI rahbari Sem Altmanga nisbatan firibgarlikda ayblab yozgan posti bilan boshlandi. Bunga javoban Altman Maskning koinotda sunʼiy intellekt hisoblash quvvatlarini joylashtirish gʻoyasini tanqid ostiga oldi. Uning fikricha, Mask investorlarga koinotdagi maʼlumotlar markazlari konsepsiyasini haddan tashqari yaqin muddatda amalga oshadigan loyiha sifatida taqdim etmoqda, bu esa amaldagi texnik imkoniyatlarga zid keladi.
Gap SpaceX kompaniyasining sunʼiy intellekt vazifalarini bajarish va soʻrovlarni qayta ishlash uchun moʻljallangan maxsus sunʼiy yoʻldoshlar tarmogʻini orbitaga chiqarish rejasi haqida bormoqda. Aynan orbital hisoblash tizimlarini rivojlantirish SpaceX kompaniyasining bozor qiymati yuqori baholanishiga xizmat qilayotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Mazkur gʻoya tarafdorlari orbital markazlar yangi formatdagi bulutli xizmatlarni yaratishiga ishonishadi.
Texnik toʻsiqlar va iqtisodiy samaradorlik
Biroq koinot texnikasi boʻyicha mutaxassislar ushbu loyihaning amalga oshishi yoʻlida bir qator cheklovlar borligini taʼkidlamoqda. Iqtisodiy samaradorlikka erishish uchun yuklarni orbitaga chiqarish narxi hozirgidan ancha arzon boʻlishi va yuqori quvvatli sunʼiy yoʻldoshlarni ommaviy ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi shart. Hozirgi texnologiyalar bunday tizimlarni tezkorlik bilan kengaytirish imkonini bermaydi.SpaceX bu muammoni hal qilishda oʻzining Starship raketasiga asosiy umid bogʻlagan. Kompaniya ushbu raketani toʻliq koʻp marta ishlatiladigan tizimga aylantirib, yuk tashish xarajatlarini keskin kamaytirishni rejalashtirmoqda. Ammo yaqin oʻrtadagi sinov parvozlarida raketaning ikkala bosqichi muvaffaqiyatli qaytarib qoʻyilgan taqdirda ham, bu darhol tijoriy ekspluatatsiyaga oʻtilishini anglatmaydi.
Maʼlumotlarga koʻra, Starship raketasining vaʼda qilingan toʻliq koʻp martalik ish rejimiga oʻtishi uchun yana bir necha yil talab etilishi mumkin. Shuningdek, SpaceX investorlarga yaqin istiqbolda raketaning ikkinchi bosqichi har bir parvozdan soʻng yoʻqotilishi mumkinligini ham bildirgan. Bunday ssenariy esa koinotdagi maʼlumotlar markazlari infratuzilmasini iqtisodiy jihatdan foydasiz qilib qoʻyadi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, koinotda sunʼiy intellekt uskunalariga ega alohida sunʼiy yoʻldoshlar yaqin yillarda paydo boʻlishi mumkin, biroq bunday tizimlarning ommaviy va tizimli ravishda ishga tushishi faqat 2030-yillarga boribgina haqiqatga aylanishi ehtimoli yuqori. Hozircha Mask va Altman oʻrtasidagi bahs texnologik taraqqiyotning real surʼatlari va ambitsiyalar oʻrtasidagi kurash boʻlib qolmoqda.






























Izohlar 0
…