00:31 / 25.05.2017
4 200

Fil Nevill: O‘zbekistonning bironta futbolchisini tanimayman, demak futbolingiz unchalik rivojlanmagan

Fil Nevill: O‘zbekistonning bironta futbolchisini tanimayman, demak futbolingiz unchalik rivojlanmagan
Bugungi o‘yin o‘tadigan "Frends Arena" stadionining media-markazida ko‘plab jurnalistlarni uchratish mumkin.

Ular orasida bir paytlar taniqli futbolchi bo‘lib, keyinchalik sharhlovchilik sohasiga o‘tib ketgan mashhur insonlar ham bor.

Shulardan biri "qizil iblislar"ning afsonaviy sobiq futbolchisi Fil Nevilldir. Yaxshi bilasiz, u bir paytlar "Manchester Yunayted" sharafini himoya qilgan.

Men "MYu" afsonasi bilan ko‘rishdim va birga tushlik qildim. Ketar chog‘ida UFF.uz sayti uchun qisqa eksklyuziv intervyu berishini so‘radim.

Suhbatdoshim bajonidir savollarimga javob qaytardi.

- Mister Nevill, yaxshimisiz? Sizni bu erda ko‘rib turib darhol bir narsa xayolimdan o‘tdi: ekspertlik qilyapsizmi yoki shunchaki ishqiboz sifatida keldizmi?
- Unisiyam bunisiyam. Qanday qilib o‘z jamoamning muhim o‘yinini o‘tkazib yuborishim mumkin? (kulib) Lekin, asosan bu erda xizmat yuzasidanman. BBC agentligi uchun tahlilchi sifatida kelganman. Nasib qilsa, o‘yinni sharhlab boraman.

- Sizningcha, bugungi o‘yinda kimning imkoniyatlari yuqoriroq?
- To‘risini aytsam men "Manchester Yunayted"ning kichik hisobdagi g‘alabasini taxmin qilyapman. Nima qilib bo‘lsa ham ishni qo‘shimcha bo‘limlarga qoldirish kerak emas.

Aks holda, odatda bunaqa payt ikkinchi raqam ostida harakat qilayotgan jamoalar ruhiy ustunlikka ega bo‘lib qolishadi. Agar ish penaltilargacha borib taqalsa, kimda kim ruhiy barqaror bo‘lsa o‘sha g‘alaba qozonadi. Shunday ekan, menimcha imkoniyatlar deyarli teng.

- Yaqinda Manchester shahrida terrorchilik harakatlari sodir etildi. Bu sizga qanday ta’sir o‘tkazdi?
- Aslida men vatanimda qolishim va u erdagi jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatishim kerak edi. Ammo, imkon qadar o‘z yordamimni ayamadim.

Manchesterdagi Qirollik bog‘chasida jabrlanuvchilarga va navbatchi xodimlarga ovqat tanqisligi sezildi. Darhor o‘z qaramog‘imda bo‘lgan mehmonxonaga qo‘niroq qilib, egulik borasida yordam ko‘rsatdik. Hozir ham qalbimning bir joyi Manchester shahri bilan bog‘lanib turibdi. Bugungi futbol yurakka sig‘mayapti desam ham bo‘ladi.

- Keling, hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilaylik. "Manchester Yunayted"ning transfer siyosatini qanday baholaysiz va kelayotgan mavsumga kimlarni xarid qilgan bo‘lardingiz?
- Nima desam ekan? Albatta klub rahbarlari meyorni bilib va mablag‘larni oqilona ishlatishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ko‘rib turibmizki, ayrim sotib olingan futbolchilar ishonchni oqlay olishmadi va ularning kelajagi savol ostida turibdi.

Yozgi transferlar mavsumiga kelsak: menimcha De Xeani tarkibda saqlab qolish kerak yoki uning o‘rniga kamida Donarumma singari darvozabonni olib kelish kerak. Men "Yuventus"dan yaxshi bir himoyachi ham sotib olgan bo‘lardim.

O‘z navbatida hujum chizig‘ini Grizmann yoki Morata singari futbolchilar bilan to‘ldirishni xohlardim. Reshford va Marsyalni albatta olib qolish kerak deb hisoblayman.

- Fil, so‘nggi savolim. Men Toshkentdan kelganman. O‘zbekiston futboli yoki futbolchilari haqida eshitganmisiz? Umuman Osiyo futboli haqida nima deya olasiz?
- Osiyoda futbol o‘syapti. Tez orada qit’angiz Afrikaga etib oladi. BUnga shubham yo‘q. Mana, "Tottenxem" va "Lester"da osiyolik mohir futbolchilarni ko‘rish mumkin.

Afsuski, O‘zbekiston futboli haqida biron narsa deya olmayman. Futbolchilaringizni deyarli tanimayman ham. Ko‘nglingizga yaqin olmang-ku, ammo futbolingiz rivojlangan bo‘lganda balki o‘zbek futbolchisini ham tanirmidim?!

Termangiz hali katta musobaqalarda ishtirok etmagan bo‘lsa kerak. Shuning uchun bu mavzuda aniq gap ayta olmayman. Umid qilaman, hali O‘zbekiston o‘zining dunyoga taniqli futbolchilarni etishtirib chiqaradi. Sizlar uchun hammasi oldinda. Faqat futbolingizni rivojlantirsangiz bo‘ldi.

- Mister Nevill, katta rahmat! "Manchester"ga omad tilayman.
- Rahmat!

San’at Sharipov suhbatlashdi
Stokgolm, Shvesiya

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fil Nevill: O‘zbekistonning bironta futbolchisini tanimayman, demak futbolingiz unchalik rivojlanmagan