Islom Ismoilov «Andijon» ustidan qozonilgan yirik g‘alaba haqida gapirdi

Islom Ismoilov «Andijon» ustidan qozonilgan yirik g‘alaba haqida gapirdi
Qisqacha

Farg'onaning «Neftchi» klubi O'zbekiston Superligasi 17-turidagi vodiy derbisida mehmonda «Andijon»ni 3:0 hisobida mag'lub etdi. «Neftchi» bosh murabbiyi Islom Ismoilov ikkinchi bo'limda jamoa tempni oshirib, raqibni xatoga majbur qilganini aytdi va Usmonali Ismonaliyevning chetlatilishini 100 foizlik qizil kartochka deb baholadi.

O‘zbekiston Superligasi 17-turi doirasida kechgan shiddatli vodiy derbisida Farg‘onaning «Neftchi» klubi mehmonda «Andijon»ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida farg‘onaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov o‘yin tafsilotlari, raqibning qizil kartochkasi, jamoadagi og‘ir jarohatlar va 18 yoshli iqtidor sohibi haqida atroflicha fikr bildirdi.

«Ikkinchi taymda raqibni xato qilishga majbur etdik»

Islom Ismoilov dastlab uchrashuvdagi taktik reja va stadiondagi muhitga to‘xtalib o‘tdi:

«Birinchi navbatda ajoyib g‘alaba bilan muxlislarimizni tabriklayman. Stadionda xuddi o‘z uyimizda o‘ynagandek bo‘ldik. Vodiy derbisi har doim og‘ir o‘tadi. Afsonaviy murabbiy Lobanovskiyning ajoyib gapi bor: natija qoladi, o‘yin unutiladi.

Birinchi bo‘limda «Andijon»ga maydonda biroz tashabbus berdik, bu oldindan ishlab chiqilgan rejamiz edi. Ikkinchi bo‘limda esa tempni ko‘tarib, o‘z o‘yinimizni ko‘rsata boshladik va raqibni xatolar qilishga majbur etdik. Raqibimiz «Andijon» ham juda yaxshi shakllangan jamoa, ularning kelajagi porloq».

«Qonun-qoida bo‘yicha bu 100 foiz qizil kartochka edi»

Mezbonlar futbolchisi Usmonali Ismonaliyevning 51-daqiqada maydondan chetlatilishi o‘yin taqdirini hal qildimi, degan savolga murabbiy shunday javob berdi:

«Bu futbol, 11 kishiga qarshi o‘ynaganimizda ham baribir o‘z golimizni ura olardik. Boisi, ikkinchi taymni juda hujumkor boshlagan edik. O‘sha fol ishlatilgan vaziyatga yaqin turgandim. Raqib atayin qo‘pol o‘ynamagan bo‘lishi mumkin, lekin qoida hamma uchun bir xil. Qonun bo‘yicha bu 100 foizlik qizil kartochka edi».

Lazaretdagi yo‘qotishlar va «yangi Abduqodir Husanov»

Farg‘onaliklar ustozi jamoada yetakchi futbolchilarning jarohat olishi sababli tarkib borasida katta muammolarga duch kelayotganini yashirmadi:

«Jarohatlar ko‘payib ketdi. Yovan Jokich, Abror Ismoilov, Anvar G‘ofurov safdan chiqqan edi, bugun Ratino ham jarohat oldi. Ikrom Aliboyev esa to‘rtinchi sariq kartochkasini olib, «Buxoro»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Shunga qaramay, 18 yoshli himoyachimiz Nurmuhammad Abdug‘aniyevning ishonchli o‘yini quvonarli. Murabbiy sifatida tavakkal qilyapmiz, ammo u berilgan ishonchni to‘liq oqlamoqda. Agar ishlashdan to‘xtamasa, u ham Abduqodir Husanov darajasidagi yuqori saviyadagi himoyachi bo‘lib yetishadi».

OFK Elit Chempionlar ligasi oldidagi xavotirlar

Jurnalistlarning Elit Chempionlar ligasi oldidan bunday yo‘qotishlar bilan jamoa qanday ishtirok etishi haqidagi xavotirli savoliga Ismoilov quyidagicha munosabat bildirdi:

«Bu bo‘yicha murabbiylar shtabi bilan yana maslahatlashamiz. Hozir bir narsa deyish qiyin. Yozgi tanaffusdan so‘ng har bir o‘yin o‘ta og‘ir kechmoqda. Qayerdadir ochko, qayerdadir asosiy futbolchilarimizni yo‘qotyapmiz. Umid qilamanki, OFK Elit musobaqasigacha barcha o‘yinchilarimiz to‘liq sog‘ayib, safga qaytishadi».

Fikringizni izohlar bo‘limida qoldiring va maqolani Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishlaringizga ulashing.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar