UFC pul yomg‘iri yog‘dirdi: Kimlar 100 ming dollar oldi-yu, kimlar mukofotsiz qoldi?

Xitoyning Shanxay shahri mezbonlik qilgan UFC Fight Night 286 turniri keskin va murosasiz janglari bilan birga, ishtirokchilarga taqdim etilgan katta miqdordagi moliyaviy bonuslari bilan ham yodda qoldi. Dunyoning yetakchi promousheni mazkur musobaqa yakunlari bo‘yicha jami to‘rtta 100 ming dollarlik asosiy bonuslar hamda muddatidan oldin g‘alaba qozongan qator sportchilarga qo‘shimcha mukofotlar tarqatdi.
Ayniqsa, kechaning markaziy jangida mag‘lubiyatsiz favoritni qulatgan Song Yadong va shiddatli qarama-qarshilik ko‘rsatgan boshqa sportchilar oqshom qahramonlariga aylandi.
100 ming dollarlik asosiy qahramonlar va nominatsiyalar
UFC rahbariyati eng yorqin jangchilarni 100 ming dollarlik maxsus cheklar bilan taqdirladi:
«Oqshomning eng yaxshi chiqishi» — Song Yadong: 28 yoshli xitoylik yulduz Umar Nurmagomedovga qarshi bahsda dastlabki raundni uchchala hakamning bahosiga ko‘ra boy bergan bo‘lsa-da, ikkinchi raundda qarshi zarba bilan raqibni muvozanatdan chiqarib, parterda nokautga uchratdi va 100 ming dollarlik bonusga ega bo‘ldi;
«Oqshomning eng yaxshi chiqishi» — Bilol Hasan: Ligadagi debyutini o‘tkazgan indoneziyalik sportchi Nilson Roxasni ikkinchi raundda yorqin tarzda nokaut qilib, 100 ming dollarlik mukofotni naqd qildi;
«Oqshomning eng yaxshi jangi» — Lyu Se va Levi Rodriges-kichik: 1-raundning 4-daqiqasi 26-soniyasida Lyu Sening yorqin nokauti bilan tugagan murosasiz to‘qnashuv oqshom jangi deb topildi. Mag‘lub bo‘lgan Levi Rodriges-kichik ham Lyu Se kabi 100 ming dollar mukofotga loyiq ko‘rildi.
25 ming dollarlik qo‘shimcha mukofotlar va vazn jazosi
Promoushen muddatidan oldin g‘alaba qozongan boshqa sportchilarni ham e’tiborsiz qoldirmadi, ammo ayrim jangchilar qat’iy qoidalar qurboniga aylandi:
25 ming dollar olganlar: Raqiblarini vaqtidan avval mag‘lub etgan Deniz Gomes, Kay Asakura, Ri Suruya, Franchesko Nutssi va Ektor Santyago 25 ming dollardan qo‘shimcha mukofot oldi;
Vazn sabab bonussiz qolganlar: O‘z janglarini muddatidan oldin g‘alaba bilan yakunlagan Juliya Polastri va Andre Lima rasmiy vazn o‘lchash marosimida belgilangan limitni bajara olishmagani bois rasman bonuslardan mahrum qilindi.































Izohlar 0
…