Lionel Messining vorisi aniqlandi: Argentina terma jamoasida 10-raqam kimga nasib etadi?

Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni afsonaviy hujumchi Lionel Messi xalqaro faoliyatini yakunlaganidan keyin milliy jamoadagi mashhur 10-raqamli libosni egallaydigan futbolchini aniqladi. ESPN Argentina nashri insayderi Federiko Buenoning maʼlumotiga koʻra, murabbiylar shtabi bu masalada qatʼiy qarorga kelgan boʻlib, kelgusida bu ogʻir yuk yosh iqtidor egasi Niko Pazga topshirilishi kutilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Maʼlumki, 2026yilgi jahon chempionatidan soʻng Lionel Messi hamda Nikolas Otamendi milliy jamoadagi faoliyatini yakunlashi rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqib, Argentina terma jamoasida yangi davr boshlanishi va avlodlar almashinuvi jarayoni faol ravishda muhokama qilinmoqda. Garchi tarkibda Entso Fernandes va Aleksis Mak Allister kabi tajribali yulduzlar boʻlsa-da, bosh murabbiy tanlovni aynish 21 yoshli yarim himoyachi foydasiga qildi.
Kelajak vorisi va Skalonining shartnomasi
Hozircha Italiyaning Komo klubi sharafini himoya qilayotgan Niko Paz Albiseste safidagi dastlabki 11 ta oʻyinida 18-raqam ostida toʻp surgan edi. Biroq ichki rejalarga koʻra, agar bosh murabbiy Lionel Skaloni 2030-yilgacha moʻljallangan yangi shartnomani imzolasa, 10-raqamli libos aynan Niko Pazga topshirilishi ichki muhokamada allaqachon hal qilingan.«Agar Skaloni Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi shartnomasini uzaytirsa, — deb taʼkidladi Federiko Bueno, — 10-raqamli libos Niko Pazga oʻtadi. Bu masala allaqachon jamoa ichida hal qilingan va juda jiddiy qabul qilinmoqda».
Tarixiy raqam va yangi chaqiriqlar
Eslatib oʻtamiz, Lionel Messi 17 yil davomida terma jamoaning 10-raqamli libosini kiyib kelgan. U ilk bor bu raqamni 2009-yil mart oyida Diyego Maradona boshchiligida kiygan boʻlib, milliy jamoa safida mazkur raqam ostida 172 ta oʻyin oʻtkazish boʻyicha mutlaq rekord oʻrnatgan. Bu koʻrsatkich boʻyicha u Diyego Maradona, Ariel Ortega, Xuan Roman Rikelme va Marselo Galyardolarni ortda qoldirgan.Niko Paz esa klub miqyosida oʻzini koʻrsatishga ulgurdi. U Komo jamoasida 10-raqam ostida harakat qilib, 13 ta gol va 7 ta golli uzatmaga mualliflik qildi hamda jamoasining Chempionlar ligasiga chiqishida muhim oʻynadi. Hozirda Argentina terma jamoasi sentabr va oktabr oylaridagi kuzgi oʻyinlarga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bu bahslar 2014-yilgi mundial faxriylari ketganidan keyin taktik oʻzgarishlarni boshdan kechirayotgan jamoa uchun muhim sinov vazifasini oʻtaydi.






























Izohlar 0
…