16:30 / 14.09.2017
3 741

Server Jeparov: "Vaqti kelib gol ham, salto ham bo‘ladi"

Сервер Жепаров: "Вақти келиб гол ҳам, сальто ҳам бўлади"
"Darakchi" gazetasining "10 qaltis savol" loyihasi mehmoni O‘zbekiston milliy terma jamoa­si futbolchisi, O‘zbekiston kubogi sohibi, O‘zbekiston Oliy ligasi chempioni, Osiyoda ikki karra yilning eng yaxshi futbolchisi Server JEPAROV...

— Terma ja­­moamiz Ja­hon chempiona­ti saralash bos­qichlarida sust o‘yin namoyish etayotganiga sabab nima?

— Bu borada hali aniq qarorlar chiqarishga va xulosa qilishga erta. Oldinda uchta o‘yin bor va Jahon chempionatiga chiqish uchun imkoniyatimiz yetarli, deb o‘ylayman.

— Sizningcha, o‘zingiz o‘ynagan qaysi jamoalar (xorij klub­lari ham)ning murabbiyi uslubi bo‘yicha eng kuchli?

— Alohida kimnidir ta’kidlolmayman. Boisi har bir murabbiyning o‘z uslubi va yondashuvi bor. Eng muhimi, bu uslub, yondashuvlar yetarlicha natijalarni beryapti.

— Agar siz terma jamoa murabbiyi bo‘lganingizda, kimlarni jamoaga jalb qilgan bo‘lardingiz? Uch nafar futbolchini sanab o‘tsangiz...

— Uch nafar futbolchini sanab o‘tolmayman. Ayta olishim mumkin bo‘lgani, ayni damda jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lgan, maydonga tushish istagi bor futbolchilarni chaqirgan bo‘lardim.

— Hozir O‘zbekistonda “Barselona” va “Real” jamoalari muxlislari ko‘paygan. Siz bu jamoa­larning qaysi biriga ishqibozlik qilasiz va nega?

— (Kuladi) “Barselona” jamoa­siga, chunki ularning o‘yin uslubi yoqadi.

— Dunyo futboli “yul­duz"­lari nafaqat o‘yini bilan, balki xayr-saxovati bilan ham mashhur. Bizda ham shunday futbolchilar bormi?
— Balki bordir. O‘zimga kelsak, hali bunday saxovatga qo‘l urib ulgurganimcha yo‘q.

— Karerangizni tugatsangiz nima bilan shug‘ullanasiz: futbol murabbiyi, futbol “skaut”i, futbol tomoshabini?

— Aniq tomoshabin bo‘lmayman (miriqib kuladi)! Murabbiy yo futbol “skaut”i bo‘lish haqida hali aniq to‘xtamga kelganimcha yo‘q.

— Telegramingizga “Ikkiyuzlamachi odamlarni yoqtirmayman, qaysi biri asli ekanini bilmaysan”, degan aforizm joylagansiz. Ikkiyuzlamachilardan ko‘p kuyganmisiz, deyman?

— (Xo‘rsinib) Ming afsuski, undaylar judayam ko‘p... Atrofimdagilarning ikkiyuzlamachiligini bilganim zahoti, darhol ular bilan aloqani to‘xtataman.

— Gol urganda salto qilardingiz. Hozir gol ham yo‘q, salto ham...

— Demak, hozir shunday vaqt. Lekin vaqti kelib, bari yaxshi tomonga o‘zgaradi va siz sanab o‘tgan gol ham, salto ham bo‘ladi (kuladi)!

— Qiziqchi­larimiz futbolni asosiy mavzuga aylantirganiga javoban, "tanqid “tosh”larini oti­shiga imkon yaratgan o‘zimiz", degan fikr bo‘ladimi yo jahlingiz chiqadimi?

— Yumor hamma vaqt foydali. Muhimi, yumorga yumor bilan munosabatda bo‘lish kerak (kuladi). Chunki to‘g‘ri qilingan tanqid har doim ijobiy natija beradi!

Maxsus savol:
Alisher Uzoqov, aktyor: — Server, sizni judayam hurmat qilaman. Sizni “Arsenal” jamoa­sining futbolchisi Mesut Ozilga o‘xshataman. Mesutda jismoniy tayyorgarlik juda yomon va maydon markazida to‘p uchun kurashmaydi. Sizda ham shu kamchiliklar bor, nega bunga e’tibor bermaysiz?

— (Miriqib kuladi) Meni o‘zgartirishmoqchimi?! Ajoyib savol. Hatto nima deb javob berishni ham bilmayman.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Server Jeparov: "Vaqti kelib gol ham, salto ham bo‘ladi"