3 000
Ro‘ziqul Berdiyevning nomi O‘zbekiston termasi bosh murabbiyligi bilan bog‘lanishini kutganmidingiz?
To‘g‘risi, qachonlardir shunday bo‘lishini ko‘pchilik taxmin qilgandi. «Nasaf» boshqaruvidagi uzoq yillik barqaror faoliyatdan so‘ng Ro‘ziqul akaning milliy jamoada ish boshlashini oddiy hol sifatida qabul qilishimiz tayin.
Ammo uning nomzodiga o‘z vaqtida murojaat etildimi? Hamma xorijdan kuchli mutaxassis kelishini kutayotgan bir vaqtda termaga mahalliy murabbiy tayinlansa, muxlisning hafsalasi pir bo‘lishi turgan gap.
Bu o‘rinda gap Ro‘ziqul Berdiyevning munosib yoki munosib emasligi haqida ketmayapti. Kim nima desa, desin, ammo shaxsan o‘zimda ushbu murabbiyga aslo e’tiroz yo‘q.
U - munosib. To‘g‘ri, Berdiyev hali O‘zbekiston chempionligiga erishmagan. Ammo yodingizda bo‘lsa, Abramov ham milliy jamoa boshqaruviga tayinlanganda, bunday rutbaga ega emasdi.
U yog‘ini so‘rasangiz, Vadim Karlenovich hatto kuchli uchlikka ham kirolmagan. Ro‘ziqul Berdiyev esa xoh «Bunyodkor» kuchaysin, xoh «Paxtakor» yoki «Lokomotiv», muntazam ravishda chempionlik kurashida ishtirok etib, mudom sovrindorlar qatorida bo‘lgan.
Boz ustiga, «Nasaf» aynan uning qo‘l ostida ilk kubogini qo‘lga kiritgan. Shunday ekan, Ro‘ziqul Berdiyevning murabbiylik iqtidori shubhadan xoli.
Agar O‘FF rahbariyati avval-boshdanoq termani mahalliy mutaxassis boshqarishi mumkinligini aytganda, hozir buncha gap-so‘z urchimasdi.
Federatsiya yangi bosh murabbiy faqat xorijdan qidirilayotganiga ishora berdimi, shunday qilinishi shart. Chunki muxlislar kim kelishi haqida bahs-munozaralarni allaqachon boshlab yuborishgandi.
Biri Gus Xiddinkni gapirsa, boshqasi Frank de Burdan gap ochdi. Endi o‘ylab ko‘ring, shunday vaziyatda terma jamoani mahalliy murabbiyga vaqtincha bo‘lsada topshirish qanchalik to‘g‘ri?
Hattoki, bu haqda gap-so‘z tarqalishining o‘zi o‘sha mutaxassisning obro‘yiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?
Aytaylik, federatsiya xorijdan murabbiy topa olmagan taqdirda ham klublarimizda ishlayotgan murabbiylar, xususan, Berdiyevni noqulay ahvolga solib, milliy jamoa boshqaruviga «vaqtinchalikka» tayinlashi noto‘g‘ri qaror.
Chunki Ro‘ziqul Berdiyev kabilar termada to‘laqonli ishlashga munosiblar. Lekin hozir emas.
Ulardan avval o‘sish, o‘zi boshqarayotgan klub bilan arzirliroq g‘alabaga erishish, masalan, oliy ligada chempion bo‘lish yoki OChLda finalga qadar borish talab etiladi.
Shunda ishqibozning o‘zi bunday murabbiyni O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruviga tayinlashni talab qiladi. Hozir esa aksincha holat, muxlislar nazdida termaga vaqtinchalik tayinlanadigan har qaysi mutaxassis obro‘yiga putur yetadigandek.
Mabodo milliy jamoaga vaqtincha bosh murabbiy kerak bo‘lsa, nomzodlar yetarlicha topiladi.
Masalan, O‘zbekiston yoshlar termasidagi ajoyib ishi bilan nom qozongan Jasur Abduraimovni sinab ko‘rish mumkin. Umuman, bu mutaxassis keyinchalik xorijdan keladigan hamkasbining shtabida tajribasini oshirish imkoniga ega bo‘ladi.
Hali o‘z sohasining yosh vakillaridan biri, o‘sishga erishishiga shubha yo‘q. Yoki ushbu lavozimga Inileyevni qaytarish ham ziyon qilmasdi. Menimcha, eng ma’qul nomzod ham aynan Rauf Talgatovich bo‘lsa kerak.
Chunki bu murabbiyda termada ishlash tajribasi bor, aksariyat futbolchilarni yaxshi taniydi. Ularni bitta o‘rtoqlik o‘yiniga ruhlantirish Inileyevning qo‘lidan keladi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, bir narsa aniq - 14 noyabrda BAA termasiga qarshi kechadigan o‘rtoqlik uchrashuvi O‘zbekiston MTJ uchun muhim ahamiyatga ega.
Bu oddiy nazorat o‘yini emas. U so‘nggi saralash bosqichidan keyin «xaroba» holga kelib qolgan «imorat»ning yangi ko‘rinishi qanday bo‘lishini ko‘rsatib berishi lozim.
Biz mazkur bahsdan so‘ng O‘zbekiston milliy jamoasining hozirgi avlodi «futbolda yashashga» haqli ekanini ko‘rib olmog‘imiz kerak. Balki aynan shu sababga ko‘ra ham BAA termasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etilmoqda.
Uni shunchaki nazorat bahsi sifatida o‘tkazib yuborish emas, balki keng yoritish va TVda translyatsiya qilish shart. Chunki mazkur voqea o‘zbek futbolining o‘ziga xos targ‘iboti ham bo‘ladi. Demak, shu targ‘ibotga yarasha o‘yin ham kuchli bo‘lishi shart.
ABDULLOH
Manba: www.interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Putin Ukrainaning yadroviy bomba yaratishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi
Yapon psixiatri qiyinchiliklarni qanday yengish va mazmunli yashash sirlarini aytdi
Shoygu Rossiyaning “yadro soyaboni” kimni himoya qilishini aytdi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
1 dekabrdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi