21:28 / 16.01.2018
5 586

O‘zbekiston terma jamoasini Bert van Marveyk boshqaradi. Nima uchun?

O‘zbekiston terma jamoasini Bert van Marveyk boshqaradi. Nima uchun?
O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiy saytida milliy terma jamoani boshqarishga asosiy nomzodlar ro‘yxati e’lon qilingan edi.

Ro‘yxatda Dan Petresku, Slavolyub Muslin, Miodrag Radulovich, Anjelio Alessio, Bernd Shtork, Branko Ivankovich, Slaven Bilich, Valter Matssari va Bert van Marveyk kabi dunyoning yetakchi futbol mutaxassislari nomi tilga olingan edi.

Ayni kunlarda barcha futbol muxlislari kim milliy terma jamoaning yangi bosh murabbiyi etib tayinlanishiga qiziqayotgani shubhasiz. Ana shuni hisobga olib, murabbiylar orasida kimlar O‘zbekiston termasini boshqarishga asosiy nomzod ekanini aniqlashga harakat qildik.

Shuni alohida aytish kerakki, O‘FF prezidenti bu boradagi savollarga javoban quyidagi fikrda sobit turibdi — milliy terma jamoani yevropalik, Osiyo futbolini yaxshi biladigan, o‘zining sobiq terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqa olgan mutaxassis boshqaradi.

Milliy terma jamoamiz uchun xorijdan keladigan murabbiy deyarli tayyor. U Osiyo futbolini yaxshi tushunadigan, ishlagan terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqqan tajribali mutaxassis. Oldindan nimadir aytmay turganim ma’qul. Ammo o‘sha murabbiyni ko‘rgach, bundan xalqimiz albatta xursand bo‘ladi. U hozirgi kunda terma jamoani jahon chempionatiga olib chiqqan murabbiy sanaladi.

Umid Ahmadjonov, O‘FF prezidenti


Keling, ana shu uch jihat bo‘yicha nomzodlarni tahlil qilib ko‘rsak. Ro‘yxatda keltirilgan murabbiylarning barchasi yevropalik va ko‘pchiligi Osiyo futboli bilan tanish. Ammo ularning hammasi ham terma jamoada ishlamagan va sobiq terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqmagan.

Masalan, Dan Petresku va Valter Matssari nafaqat terma jamoalarni mundialga olib chiqmagan, hatto ularda faoliyat ham ko‘rsatmagan. Olti yil davomida Xorvatiya terma jamoasini boshqargan Slaven Bilich jahon chempionatiga chiqa olmagan.

Alessio Italiya termasida faqat yordamchi murabbiy bo‘lgan, Radulovich esa ayni paytda Livan termasini boshqarmoqda. O‘z vaqtida Eron milliy va olimpiya terma jamoalarini boshqargan Branko Ivankovich hozir «Persepolis» klubi bosh murabbiyi ekanini hisobga olsak, terma jamoa boshqaruviga u kelmaydi.

Yana bir jiddiy nomzod Qozog‘iston va Vengriya terma jamoalari sobiq bosh murabbiyi Bernd Shtork edi. Ammo u Vengriyani Rossiyada o‘tadigan jahon chempionatiga olib chiqolmagani bois iste’foga chiqarildi. Demak, Shtork ham Ahmadjonovning talabiga mos kelmaydi.

Mutaxassislar orasida Serbiya terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqqan va federatsiya rahbariyati bilan kelishmovchilik sababli iste’foga chiqqan Slavolyub Muslin nomzodlar orasida eng ko‘p tilga olingan mutaxassislardan bo‘ldi. Ammo uning O‘zbekiston terma jamoasini boshqarishi mumkinligi haqidagi xabarlarni O‘FF inkor qildi.

Shunday qilib, bizda bitta nomzod — hollandiyalik Bert van Marveyk nomzodi qolayapti va u Umid Ahmadjonov aytgan talablarning barchasiga to‘liq mos keladi.

Bert van Marveykning Hollandiya milliy terma jamoasi, «Borussiya» (Dortmund), «Hamburg» klublaridagi faoliyati ko‘pchilikka tanish. Uning so‘nggi ish joyi Saudiya Arabistoni terma jamoasi bo‘lgan edi. U jamoani Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga olib chiqqan bo‘lishiga qaramay, iste’foga chiqdi. Bu qarorini bu mamlakatda yashash oilasiga to‘g‘ri kelmagani bilan izohlagan edi.

Yuqoridagi fikrlarning barchasi taxmin xolos. Biz ushbu maqolada federatsiya taqdim etgan ro‘yxat va boshqa ma’lumotlardan foydalandik. Albatta, aynan kim murabbiy etib tayinlanishini hozircha hech kim bilmaydi. Balki bu ro‘yxatga kiritilmagan boshqa mutaxassis tayinlanishi ham mumkin. Eng asosiysi — terma jamoaga xalqimiz kutganidek, uni jahon chempionatiga olib chiqishga qodir murabbiy kelishidan umidvormiz.

Federatsiya yaqin kunlar ichida milliy terma jamoani kim boshqarishini rasman e’lon qiladi. Bizningcha, u aynan Bert van Marveyk bo‘ladi. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Ahmad Yusupov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston terma jamoasini Bert van Marveyk boshqaradi. Nima uchun?