07:04 / 03.05.2018
3 300

Birodar Abduraimov Babayanning xatosi, yengiltak futbolchilar, JCh favoritlari va boshqalar haqida

Birodar Abduraimov Babayanning xatosi, yengiltak futbolchilar, JCh favoritlari va boshqalar haqida
Kecha o‘zbek futbolidagi taniqli shaxlardan biri bo‘lgan Erkin (Birodar) Abduraimovning Abduraimov bilan suhbat chop etgandik. Bugun uning davomini e’tiboringizga havola etamiz.

O‘ZBEKISTON TERMASINING MUVAFFAQQIYaTSIZLIGI HAQIDA

Men ham afsus bilan qarshi oldim, O‘zbekiston termasining o‘tgan yilgi omadsizligini. Samvel Babayanku ochiqchasiga qaysarlik qildi. U haqida gapirib o‘tirishning hojati yo‘q. Ammo, uning yordamchilari Jalilov va Haydarovlar nega indashmadi? Ular agar Babayanga do‘st bo‘lishsa aytishlari kerak ediku?! Nega indashmadi? Ular Babayanning qilayotan xatolarini ko‘rsatib berishlari shart edi.

Bizda tarkib va mahorat yetarli. Futbolchilar ham bor. Ammo, ularni o‘yinga tayyorlay olishmagan. Ruhiyat va fizika ustidan ishlanilmagan. Shularni barchasi oxirida o‘z "mevasini" berdi.

Bizning tarkibda keraksiz va no‘noq futbolchilar to‘p surdi. Yaxshiroqlari bor edi, ammo ko‘rishni istashmadi. Oddiy o‘yinlarda ochko ulashib qo‘ydik. Futbolchilar ham unchalik jon kuydirishmadi, chog‘i. O‘zi, vaziyat shunga qarab ketayotgandi, aslida. O‘sha kezlari ko‘p narsa yomon tomonga o‘zgarib bo‘lgandi.

BABAYaNNING HOZIRGI TARKIB ENG KUChLISI, DEGAN GAPLARGA MUNOSABAT

Siz mendan hozirgi tarkib O‘zbekiston futboli tarixidagi eng kuchlisi, deb so‘rayapsizmi? Shu tarkibni eng kuchlisi deyishyaptimi? Qiziq ... Unda mening javobim oddiy. O‘zingiz xulosa qilavering.

Hech zamonda Shkvirin bilan Sergeyevni taqqoslab bo‘ladimi? Fyodorov bilan Ismoilovnichi? Siz Qosimov bilan Ahmedovni taqqoslay olasizmi?..

Tushundingiz, deb umid qilaman. Mayli, eng zo‘r tarkib bo‘lsa, bo‘la qolsin. Ammo, bizga natija kerak. Rossiyadan qolib ketdik-ku?! Shu javob emasmi?

O‘ZBEK FUTBOLIGA ShAXSLAR KERAK VA FUTBOLChILARNI TARBIYaLASh KERAK

Terma jamoaning muvaffaqiyatsizligi, stadionlarda odamning yo‘qligini bittagina omil bilan ifodalasa bo‘ladi. Futbolga shaxslar kerak. Ha, o‘zbek futboliga kuchli shaxslar - o‘yinchilar kerak. Kamida Qosimov darajasidagi futbolchilar zarur bizga. Xalq shunda futbolga qaytadi.

Kerakli natijalarni ham o‘sha shaxslar qiladi. Bu oynadek ravshan narsa. Bizda ham tug‘ilyapti, iqtidorlar. Ularni jalb qilish kerak. Ularga imkon berish kerak. Kuchli murabbiylar kerak, o‘zbek futboliga.

Terma jamoaga jalb qilingan barcha futbolchilarni bazaga qamash zarur. Bu nima degani? Ulardan hozirgi smartfonlar, noutbuklar, vidjetlarni olib qo‘yish kerak. Ular faqat kuniga bir marta ota-onasi bilan gaplasha olishi lozim. Muhim o‘yinlar oldidan qulog‘iga "naushnik" taqib olib, oliftagarchilik qilishi kerakmas.

Siz termaga jalb qilingan yoshlarga e’tibor berganmizsiz? Termaga jalb qilingan futbolchilarning ayrimlariga bir qarang: mehmonxonaning "resepshn"ida bir chiroyli qizni ko‘rib qolsa, og‘zidan suvi oqib, orqasidan ketib qoladi. Ertaga muhim o‘yin esdan chiqadi qoladi.

Uning xayolida nimalar yuribdi? Smartfon, Internet yoki qizlar bo‘lishi kerakmas. Ularning kallasida faqat futbol bo‘lishi kerak.

Shuning uchun futbolchilarni qattiq rejim ostida bazada saqlash kerak. Shunda natija bo‘ladi. Ularni hamma narsadan cheklash kerak. Sen terma uchun chaqirildingmi, kechirib qo‘yasan, hamma narsani unut! Yurting sha’ni uchun ishla, mashg‘ulotlarda ter to‘k.

Ishonasizmi, hozirgilar hattoki to‘g‘ri suv ichishni bilishmaydi. Mashg‘ulotdan keyin bo‘kib ichish bu ish emas. Suv ichishni ham yo‘l-yo‘rig‘i bor.

JCh-2018 FAVORITLARI HAQIDA

Bu yilgi Jahon chempionati yaxshi bo‘lsa kerak. Futbolchilar ham yetilib pishib bo‘lishdi. Eng zo‘rlar oldinga ketaveradi. Avvaldan biron narsa deyish qiyin.

Menimcha, g‘oliblik uchun eng asosiy da’vogar bu Germaniya termasi bo‘lsa kerak. Germaniyada hamma narsa maromda, kamchilik yo‘q. Bu yil ham katta maqsadlarga erisha olishi mumkin, nemislar.

Keyin men Argentinani aytgan bo‘lardim. Messi va uning jamoadoshlari yaxshi o‘ynashsa finalgacha bora olishadi. Braziliya ham so‘zsiz uchlikka kiradi. Neymardan ko‘p narsa talab qilinadi.

Yana kimlarni sanash mumkin? Belgiya, Fransiya va Ispaniyalarni ham yoddan chiqarmaslik kerak. Ularda imkon bor.

Rossiyaga kelsak: guruhdan chiqsa katta natija bo‘ladi. Uyog‘iga to‘xtaydi. Chunki, ularda ham futbol unchalik to‘g‘ri yo‘ldan ketmayapti. Bu sobiq Ittifoq davlatlariga tekkan kasal.

ZAMON KIMNIKI? KELAJAK HAQIDA

Afsuski, bizning yosh o‘tmoqda. Futbol bunday keyin faqat kuchayadi. Sizlar Messi va Ronaldu davrida yashayapsiz. Keyingi avlod ham hademay kep qoladi. Menimcha, keyin yulduzlar Firmino, Neymar, Leroy Sane, Kevin de Bryuynelar bo‘lsa kerak.

Bunday imkoniyat Lotin Amerika vakillarida ko‘proq. Sababi, ular tug‘ma texnikaga ega bo‘lishadi. Ular Yevropada zamonaviy uslublar bilan yanayam sayqallanishadi, mahoratlarini oshirishadi. Biz ham shu yo‘ldan ketishimiz kerak.

Keyingi yulduzlar Lotin Amerikasidan chiqadi, chamamda.

MOURINYu VA GVARDIOLA ORASIDA FARQ

Darhaqiqat hozirda mana shu ikki murabbiy qolganlardan ancha kuchliroq bo‘lsa kerak. Gvardiolada o‘yinni o‘qiydigan va kerakli ko‘rsatmalarni vaqtida qila olish qobiliyati bor. U kuchli taktik. Bekorga "Barselona"ni cho‘qqiga olib chiqmagan.

Mourinyuga kelsak: uning uslubi jismoniy kuch va tezlikka qaratilgan. U 1-raqam ostida o‘ynashni hamisha ustuvor deb bilmaydi. Futbolchidan maksimum qobiliyatni "sug‘urib" oladi. Muhim o‘yinlar oldidan aniq va to‘g‘ri taktika topa oladi. Shunisi bilan u buyuk.

Ikkisi ham uzoq yillar davomida TOP-klublarda mehnat qilsa kerak hali.

Arsen Venger haqida ham ikki og‘iz aytsam. U ham o‘ziga yarasha kuchli murabbiy. "Arsenal"ning muvaffaqqiyatsizligida uning unchalik ham qo‘li yo‘q. Men bir paytlar u bilan ishlaganman. Arab davlatlarida Venger mahalliy murabbiylarga saboqlar bergan. O‘shalarning birida men ham ishtirok etganman.

O‘ZBEK FUTBOLI UChUN XIZMAT QILIShGA TAYYoRMAN

Men ayni paytda jon deb o‘zbek futboli uchun bilimlarimni berishga tayyorman. Ko‘p yillik tajribamdan kelib chiqib, u yoki bu jamoaga o‘z mehnatimni berishdan qochmayman. Menga murojaat qilishsin, fikrimni eshitishsin. O‘zlariniki bilan taqqoslashsin.

Bundan faqat futbolimiz yutadi. O‘zbek futbolidagi bo‘layotgan ishlar bir kun kelib o‘z mevasini berishigi ishonaman.

Qatar ham qo‘ldan boy berilmasligi uchun hozirdan tamal toshini qo‘yib borish lozim. Hammasi yaxshi bo‘ladi.
Azizxon Akbarov suhbatlashdi

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Birodar Abduraimov Babayanning xatosi, yengiltak futbolchilar, JCh favoritlari va boshqalar haqida