16:30 / 01.06.2018
3 910

Xayrulla Hamidovdan: “Buyuk ketish” (foto, video)

Xayrulla Hamidovdan: “Buyuk ketish” (foto, video)
O‘g‘rilar olamida mashhur gap yuradi: “O‘g‘rining oxirgi o‘g‘irligi bo‘lmaydi, oxirgisida qo‘lga tushib qoladi, xolos!” Zidan futbolchiligida ham, murabbiyligida ham “qo‘lga tushib qolmadi”. Uning xarakteri shu yerda katta sahnaga chiqdi. Insonning me’dasi va ko‘zi to‘q bo‘lsagina, eng katta natijani qo‘lga kiritgan payti “bo‘ldi”, deb to‘xtata oladi o‘yinini.

Shu paytga dovur “eng zo‘r qaytishlar” haqida eshitgandim, o‘qigandim. Lekin “buyuk ketish”, “o‘z vaqtida chiqib keta olish” kabi nominatsiyalar tuzilmagan ekan. Nari borsa, Kantona eslanardi va... futbolchi Zidan. Ularning soni ko‘p emasligiga esa, inson faktori, nafs faktori sababdir.

Zayniddinning faoliyati shu qadar qiziqki, hatto matematika ojiz qolmoqda: ikki yarim yil ishlab YECHLning 3 ta kubogini yengib olyapti. Hisob-kitobga ko‘ra uch yil ishlash kerakku?! Futbolchi Zidan va murabbiy Zidan qo‘lga kiritgan sovrinlar taqqoslanganda ham, murabbiy Zidan 16 yil to‘p tepgan yoshligini ortda qoldirdi. Vaholanki, uning futbolchilik davri yorqinroq va o‘ziga xosroq edi. Natijaga kelganda, murabbiy Zidan juda omadli va juda ishonchli chiqib qoldi.

Aslida, murabbiy Zidanning 2 yarim yil ichida qo‘lga kiritgan natijalari zamirida o‘n yil davomida “Real” futbol maktabida faoliyat yuritgani, segundadagi jamoani boshqargani, xullas, qora mehnatda pishgani yotibdi. Bularni biz ko‘rmaganmiz, hatto esimizda ham yo‘q. Biz uchun “murabbiy Zidan keldiyu hamma narsani yengib ketdi” bo‘lib gavdalanmoqda. Yo‘q, yo‘q, unday deydigan bo‘lsak, Zayniddinning g‘alabalarini tasodifga va faqat omadga yo‘yib qo‘ygan bo‘lamiz, u bu manzilga uzoq zahmat chekib kelganini unutmasligimiz lozim. Katta mehnatlar tufayli Zizu shunday mukofotlandi.


Zidanning kechagi qarorini men shaxsan qo‘llayman. Chunki qirollik klubidan mana shunday sharaf bilan ketishning boshqa chorasi yo‘q edi. “Real” o‘z yulduzlarini keraksiz bo‘lib qolganda qanday kuzatib qo‘yishini bizdan ko‘ra u yaxshiroq biladi. Hatto millionlab muxlislari qolishini istagan Del Boskeni ham rahbariyat xayrlashuv kechasisiz kuzatgan, eshikning oldigacha kelib, “bo‘pti, ko‘rishguncha!”, deb qo‘l uzatgan va... eshikni yopib qo‘ygan edi. Faqatgina Zidan “Real”dan shunday ketmoqda. Asriy an’anasiga sadoqat bilan yondoshishga qo‘ymadi qirollik klubini. Zo‘r, a?!

Zidan yana shunday paytda ketmoqdaki, misol uchun, o‘tgan yili ketganida, uning topligi borasida shubha qolib ketardi ko‘pchilikda. Birinchi kubogi tasodif deb baholangan, ikkinchisi omadga mengzalgan edi, axir. U shu ordonaqolgur kubogini uchinchi marta yengib, jami shubhalarni chilparchin qilib ketmoqda “Real”dan. Uch marta bitta kubokni yenga olgan odamning to‘rtinchi, beshinchi va hokazolarni qo‘lga kiritishiga hech kim shubhalanmaydi endi.

“Real” Yevropadagi hokimligini davom ettirsa ham, “Zayniddinning olib kirgan ruhiy olami” yana maqtaladi, YECHLda to‘xtatilsa ham, Zidan maqtaladi. Chunki bu turnir davomida fransiyalik mutaxassis mutloq g‘olib bo‘lib ketmoqda. Fakt shuki, uni hech kim Yevropa chempionlar ligasida yenga olmadi. Pley-offlarda u barchaga dars berdi.

Zidan alohida bir taktik yondoshuvga ega emas, deb uni malomat qiluvchilar ham hozir vaziyatni to‘g‘ri tushunib turibdilar. Murabbiy aslida futboldan qandaydir sxema ulashish va allambalo yangilik olib kirishga qarzdor emas. Unga yuklatilgan bitta vazifa bo‘ladi – jamoasiga g‘alaba olib kelish. Bo‘ldi!

Zidan “Real”dek shakllangan klubda shu nuqtani topa bildi va uch yil davomida shu bor narsani kuchaytira, shakllantira oldi. Unga Gvardiolaning endigina futbolga kirib kelgandagi shartlarini qo‘yish noto‘g‘riki, kataloniyalik mutaxassis yosh yigitlar bilan yangicha yo‘nalish taqdim etib, dunyoni lol qoldirishi mumkin edi. Zidan esa, futbolchilari yetuk, shartnomasi yettita nollik yulduzlar ichiga kirib kelib, murabbiylik faoliyatini boshladi. Bu yerda boshqacha holat. U mana shu yulduzlarni bir joyga jamlay bilishi va ularga xos bo‘lgan o‘yin yo‘nalishi bo‘yicha harakat qilishi kerak. Bo‘ldi. Zidan ana shu masalada maestro bo‘lib chiqdi.

Hojiboy Tojiboyev Zidanni “o‘zbek” degandi. U rostan ham o‘zbeklarning “Avvaling xor bo‘lsa bo‘lsin, oxiring xor bo‘lmasin!”, degan mashhur naqlini biladi, shekilli?! Oxirini chiroyli tugatishni istagan inson o‘sha oxirgi nuqtada turganini-da his qiladi. Zidanda “ish oxirlari”da turganini anglab yetguvchi farosat borligi ma’lum bo‘ldi. Hayotining boshqa masalalarida ham shunday xotima tilab qolamiz.

Zizu, hammasi uchun rahmat! Sen barchaga qaytishdan-da muhimroq jihatni – “qaytish naf bermaydigan nuqtada keta olish” san’atini ijro etib berding! Bunisini sendan boshqasi chiroyli bajara olmasdi!
Xayrulla Hamidov

Manba: www.tribuna.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xayrulla Hamidovdan: “Buyuk ketish” (foto, video)