20:32 / 05.07.2018
4 226

Ravshan Ermatov: “Bizga ikkita qiyin o‘tishi kutilgan o‘yinni topshirishdi”

Равшан Эрматов: "Бизга иккита қийин ўтиши кутилган ўйинни топширишди"
Xabaringiz bor, bugun FIFA Jahon chempionatida qolgan uchrashuvlarni boshqarish uchun nomzod bo‘lgan hakamlar ro‘yxatini e’lon qildi. Afsuski, bu ro‘yxatdan hamyurtimiz, FIFA referisi Ravshan Ermatov va uning guruhi joy olmadi. Ma’lum bo‘lishicha, Ravshan Ermatovning yordamchisi Abduhamidullo Rasulovning eski jarohati bezovta qila boshlagan. Natijada, Ermatov guruhi o‘yinlarda ishlay olmasligi oydinlashgan. Biz Ravshan Ermatovning o‘zi bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qildik.

-Ravshan aka, avvalambor, Sizni Jahon chempionatida uchrashuvlarni boshqarish bo‘yicha rekordni yangilab, o‘yinlaringiz sonini 11taga yetkazib olganingiz bilan barcha vatandoshlar nomidan tabriklaymiz! Ishonchimiz komilki, Sizning rekordingizni hali ko‘p yillar hech kim yangilay olmaydi.

- Tabrik uchun katta rahmat, bu yerda ham meni FIFA rahbarlaritabriklashdi. Aslida meni ko‘proq xursand qiladigan narsa bu shaxsiy rekord emas, balki Jahon chempionatlarida eng ko‘p o‘yinda ishlagan hakamlar ro‘yxatini O‘zbekiston nomi boshqarib turishi. Bu holat menga katta faxr bag‘ishlaydi!

-Bizga ham, o‘zbekistonlik millionlab muxlislarga aynan shu jihat katta faxr tuyg‘usini bag‘ishlaydi. Aytingchi, umuman JCH sizlar uchun qanday o‘tyapti?

-Jahon chempionati yaxshi o‘tyapti, mashg‘ulotlarda faol qatnashyapmiz. Bizga 2ta qiyin o‘tishi kutilgan o‘yinni topshirishdi: Argentina – Xorvati va Ispaniya – Marokash. O‘yinlar kutilgandek oson bo‘lgani yo‘q, Xudoga shukur ushbu o‘yinlarni qo‘pol xatolarsiz, yaxshi o‘tkazdik. Inspektorlar o‘yindan keyin: “Bunday qiyin o‘yinlarda 3-4 ta qizil kartochkalar bo‘lib ketadi, deb o‘ylagandik, lekin sizlar qizil kartochkalarsiz va jarohatlarsiz adolatli boshqardinglar”, - deb ishimizni yaxshi baholashdi.

-Ravshan aka, yordamchingiz Abduhamidullo Rasulovda jiddiy jarohat bor deb eshitdik...

- Ha, afsuski, yordamchimni tizzasidan olgan eski jarohati yana bezovta qilishni boshladi. Ushbu jarohat unga to‘liq harakat qilishga va maydonga chiqishga imkoniyat bermadi. Jahon chempionatida vaqt qisqa, to‘liq tiklanish esa ko‘p vaqtni talab qiladi.

- Abduhamidullo Rasulov tezroq tuzalib maydonga qaytishini Yaratgandan so‘rab qolamiz. Jahon chempionatidan o‘rin olgan Siz boshqargan barcha o‘yinlarni katta hayajon bilann kuzatdik. Nafaqat O‘zbekistondagi, balki boshqa davlatlardagi ko‘plab muxlislar ham Ravshan Ermatov brigadasi finalni boshqaradi, deb o‘ylagandi...

-Xudoga shukur, ishimiz sifati bo‘yicha bunday fikrlayotganlarni ko‘pini eshitib kelyapmiz, o‘zimizga ham aytishyapti. O‘zingiz bilasiz, jahon chempionati sport olamidagi eng katta musobaqalardan hisoblanadi va uning ishtirokchisi bo‘lishni o‘zi millionlab futbol sohasida ishlayotgan insonlarga orzu hisoblanadi, shu qatorda bizga ham. Biz sababchi bo‘lib Vatanimiz nomi shu JCHda yangragani va orzuimizni ushalganini o‘zi bizga katta baxt!

Bizdan tashqari yurtimizdan Farhod Abdullayev,Olim Arifov va Avazbek Berdiqulov ham ushbu JCHda ajoyib ishtirok etishyapti, endigi yana bir katta orzuimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH da ishtirok etishi va Vatanimizni katta futbol davlati deb tan olinishi!!

Bizni qo‘llab- quvvatlab turgan O‘FA rahbariyati va barcha muxlislarimizga o‘zimizning samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz!!!

Manba: www.the-uff.com

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Ermatov: “Bizga ikkita qiyin o‘tishi kutilgan o‘yinni topshirishdi”