22:40 / 27.08.2018
2 859

Kayfiyatni tushirmang yigitlar. Siz maydonda boringizni berdingiz!

Kayfiyatni tushirmang yigitlar. Siz maydonda boringizni berdingiz!
Xabaringiz bor, Indoneziyada XVIII Osiyo oʻyinlari davom etmoqda. Bugun, mazkur oʻyinlar doirasida Oʻzbekiston terma jamoasi futbolchilari Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi maydonga tushishdi va yakunda 3:4 hisobida imkoniyatni boy berib qoʻyishdi.

Uchrashuv oldidan mazkur bahs finalga qiyoslangandi va oʻyin davomida bu taxminlar oʻzini toʻlaligicha oqladi. Oʻzbekistonlik futbolchilar hisobda ikki marotaba ortda qola turib, muvozanatni tiklashga muvaffaq boʻlishdi. Hattoki hisobda ham oldinga chiqib olishdi.

Oʻyin shu darajada keskin tus oldiki, uchrashuv davomida futbol bilan bogʻliq har qanday holatga guvoh boʻldik. Gollar shousi, avtogol, qizil kartochka va penalti ham boʻldi bahs davomida. Umuman, ana shu jihatdan olib qaraydigan boʻlsak, oʻyin chorak finalning bezagiga aylandi. Janubiy Koreya terma jamoasi bugun Osiyo oʻyinlarining amaldagi chempioni sifatida maydonga tushdi. Jamoa tarkibida jahonning eng kuchli chempionatlaridan biri hisoblangan Angliya Premyer Ligasining “Tottenxem” klubida toʻp suruvchi Son Xyon Min oʻyinni qoʻlga oldi va muhim vaziyatlarda jamoadoshlarini oʻz ortidan ergashtira oldi.

Afsuski, Ikrom Aliboyevning maydondan chetlashtirilishi bosh murabbiy Ravshan Haydarovning rejalarini oʻzgartirib yubordi va yigitlarimiz qoʻshimcha boʻlimlarni bir kishi kam boʻlib oʻtkazishga majbur boʻlishdi. Ekstra taymlar ham koʻrsatib berdiki, har ikki jamoa ham holdan toygan, barcha penaltilar seriyasini kutayotgandi goʻyo. Ammo, kutilmaganda oʻyin yakunlanishiga uch daqiqa qolganida hakam darvozamiz tomon penalti belgiladi. Koreyalik futbolchilar esa ushbu imkoniyatni qoʻldan chiqarishmadi. Aynan penaltidan kiritilgan gol sabab Janubiy Koreya terma jamoasi yarim finalga yoʻl oldi.

Shu oʻrinda futbolchilarga aytar soʻzimiz bor:

“Sizlar qoʻldan kelgancha harakat qildingiz. Buni barcha koʻrdi! Maydonda boringizni berib oʻynadingiz va biz buni qadrlaymiz. Albatta, biz sizni final oʻyininda koʻrishni juda-juda istagandik. Ammo, bu futbol. Unda gʻalaba va magʻlubiyat yonma-yon yuradi. Shunday ekan, kayfiyatni tushirmang yigitlar! Hayot davom etadi!”.

Manba: www.ufa.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kayfiyatni tushirmang yigitlar. Siz maydonda boringizni berdingiz!