07:01 / 10.10.2018
4 631

Nuriddinov, Dusanova va Menkov endi leytenant (foto)

Nuriddinov, Dusanova va Menkov endi leytenant (foto)
Xabaringiz bor, shu yilning 18 avgust – 2 sentyabr kunlari Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida XVIII Osiyo oʻyinlari boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston terma jamoasi vakillari 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida beshinchi oʻrinni egallashgandi.

9 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida Osiyo oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan harbiy sportchilarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda MOQ rasmiy sayti xabar bermoqda.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Umid Ahmadjonovlar ham ishtirok etishdi.

MOQ rahbari soʻzga chiqar ekan, Osiyo oʻyinlaridagi muvaffaqiyatda harbiy sportchilarimizning oʻrni katta ekanligi haqida gapirdi.

“Osiyo oʻyinlaridagi muvaffaqiyatda albatta harbiy sportchilarimizning hissalari katta. Umuman, oʻzbek sportida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi sport klubining tutgan oʻrni beqiyos. Sportning deyarli har bir turida Mudofaa vazirligi sport klubi vakillarini uchratishimiz mumkin. Ular orasida Osiyo oʻyinlari, Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini himoya qilib kelayotgan sportchilarimiz talaygina. Fursatdan foydalanib, Sizlarni qitʼamizda toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqada sovrindor boʻla olganligingiz bilan tabriklayman. Endi 2020 yilda Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻynlarida ham muvaffaqiyatli yurishni davom ettirishingizga tilakdoshmiz”, – dedi Umid Ahmadjonov.

Qayd etish lozimki, Osiyo oʻyinlarida sovrindor boʻlgan sportchilarning 33 nafari Mudofaa vazirligi sport klubi aʼzolari hisoblanadilar. Tadbir davomida Osiyo oʻyinlari sovrindorlariga qimmatbaho sovgʻalar taqdim etildi. Musobaqa chempionlari Vadim Menkov, Ruslan Nuriddinov, shuningdek, kumush medal sohibasi Nadiya Dusanovaga leytenant harbiy unvonlari tantanali ravishda topshirildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Nuriddinov, Dusanova va Menkov endi leytenant (foto)