Muhokama va munozaralarga yo‘l ochgan O‘zbekiston Superligasi tugagach, klublar qisqa muddatli tanaffusga chiqqandi. Mana, dam olish vaqti ham poyoniga yetmoqda. Har holda, ko‘plab jamoalar 20 dekabrdan yangi mavsumga qaratilgan tayyorgarlik ishlarini boshlaydi. Tabiiyki, hozirda transferlar asosiy masala bo‘lib turibdi.
Superliga ishtirokchilari o‘ziga yarasha shov-shuvli xaridlarga qo‘l urishsa ham, aslo ajablanmaymiz. Misol uchun, «Lokomotiv» safida O‘zbekiston chempioniga aylangan Ikrom Aliboyev Janubiy Koreyaning grand klublaridan biri - «Seul» bilan 3 yillik shartnoma tuzdi. Kutilishicha, bunday transferlar hali ko‘p bo‘ladi. Xususan, vitse-chempion «Paxtakor» o‘z safini iste’dodli darvozabon hisobiga kuchaytirishga yaqin turibdi. Gap «Qo‘qon-1912»ning birinchi raqamli kiperiga aylangan O‘tkir Yusupov haqida ketmoqda. Bu darvozabon Superligada klubining barcha o‘yinlarida to‘liq ishtirok etdi (chempionatimizda boshqa hech kim bunday natijaga erishgani yo‘q). Yusupov va «Qo‘qon-1912» o‘rtasidagi shartnoma 31 dekabr kuni yakunlanadi.
Darvoqe, «Mash’al» klubi tarbiyalanuvchisiga «Navbahor» ham jiddiy qiziqmoqda. Lekin O‘tkirning o‘zi OChLda o‘ynaydigan «Paxtakor» taklifini qabul qilsa kerak. U ayni payt O‘zbekiston milliy jamoasi ixtiyorida. Takror aytish kerak, O‘tkirning Superligadagi statistikasi havas qiladigan darajada: 32 ta o‘yinda 28 ta gol qo‘yib yubordi, 9 ta uchrashuvda o‘z darvozasini daxsliz saqladi. Xullas, terma jamoamiz Turkiya yig‘iniga jo‘nab ketishi oldidan O‘tkirni maxsus suhbatga chorladik.
- O‘tkir, avvalo, mavsum yakunlariga to‘xtalsak: chempionat shaxsan siz uchun qanday o‘tdi?
- Qiziqarli va shiddatli mavsum. Deylik, kutilmagan natijalar ko‘p kuzatildi. Menimcha, bu yilgi mavsum muxlislarga ham yoqdi. To‘g‘ri, hamma o‘yinlar ham birdek katta qiziqish uyg‘otmagandir, lekin umumiy olganda, namoyish etilgan futbol yaxshi taassurot qoldirdi. O‘zimga kelsak, hech ikkilanishsiz aytishim mumkin, faoliyatimdagi eng yaxshi mavsumni o‘tkazdim. Chunonchi, 32 ta o‘yinda 28 ta gol qo‘yib yubordim: o‘rtacha ko‘rsatkich -1 ta goldan kam. Bu darvozabon uchun juda muhim. Asosiysi, O‘zbekiston milliy jamoasidan taklif oldim. Demakki, orzularimdan biriga erishdim. Binobarin, bolaligimdayoq vaqti kelib, bosh jamoamiz libosini kiyishni dilimga tugib qo‘ygandim. Endi yuksak ishonchni oqlasam, bas.
- Yangicha format sizga ma’qul keldimi yoki ikki davrali avvalgi tizim yaxshiroqmidi?
- Hozir yangi ko‘rinishdagi chempionat yuzasidan turlicha fikrlar bildiryapti. Shaxsiy fikrim - avvalgisi, ya’ni ikki davrali chempionat yaxshiroq edi. Ko‘pchilik ikkinchi bosqich oldidan jamoalardan o‘zaro o‘yinlaridagi ochkolar olib tashlanishiga qarshi. Menga ham mana shu o‘zgarish yoqmadi. Masalan, birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, ta’qibchilaridan ancha o‘zib ketgan «Paxtakor» birdaniga 2-o‘ringa tushib qoldi. Biz esa 7-qatordan 11-pog‘onaga pastladik. Yangi tizimning shu jihati e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Menimcha, bu masalani qayta ko‘rib chiqish kerak. Chunki katta mehnat evaziga qo‘lga kiritilgan ochkolarning o‘z-o‘zidan yo‘qqa chiqarilishi g‘alati, baribir...
- «Qo‘qon-1912»ga chempionat davomida barqarorlik yetishmaganday tuyuldi. Bu nima bilan bog‘liq?
- Ha, fikringizga qo‘shilaman. Chindan ham, ochko olishimiz shart bo‘lgan ba’zi o‘yinlarda durang bilan cheklandik yoki mag‘lubiyatga uchradik. Bir tomondan, jamoada moliyaviy muammolar yuzaga kelgani ham notekis o‘yin ko‘rsatilishiga sabab bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, oldingi tizimda yuqori o‘rinlar uchun kurashish imkoniyati deyarli chempionat oxirigacha saqlanib turardi. Yangi format esa... Qisqasi, birinchi bosqichdan keyin ayrim jamoalarda motivatsiya yo‘qoldi. Kuchli oltilikka kirib olsangiz-ku, yaxshi. Aks holda, jamoangiz kayfiyatsiz harakat qilishni boshlaydi.
- Mavsum-2018 klub rahbariyati tomonidan ijobiy deya baholandimi?
- Aslida chempionat boshida jamoa oldiga kuchli oltilikka kirish vazifasi qo‘yilgan edi. Afsuski, buni uddalay olmadik. Keyin quyi oltilikda Pro ligaga tushib ketmaslik uchun kurash olib borishga majbur bo‘ldik. Shundan kelib chiqsak, umumiy natija rahbarlarni quvontirmagan, menimcha...
- Faqat siz Superliganing barcha 32 uchrashuvini to‘liq o‘tkazdingiz. Buni bilarmidingiz?
- Ha, albatta xabarim bor. Chunki faoliyatimni muntazam tahlil qilib, o‘yinlarim soni va o‘tkazib yuborgan gollarimni yozib boraman. Bir so‘z bilan aytganda, statistikaga befarq emasman. Darvoqe, o‘z o‘rnida menga bildirilgan ishonch uchun murabbiylarimga tashakkur bildiraman.
- Bu yilgi mavsumdagi qaysi o‘yinni eslashni istamasdingiz?
- O‘z maydonimizda «Buxoro»ga qarshi o‘yinni sira eslagim kelmaydi. O‘sha uchrashuvda biz 1:2 hisobi bilan alamli mag‘lubiyatga uchradik. Ikkita qo‘pol xato sababli ketma-ket gollar o‘tkazib yubordik. Boz ustiga, bu yoqimsiz holat o‘z muxlislarimiz ko‘z o‘ngida ro‘y berdi.
- Nima deb o‘ylaysiz, Superligada kuchli uchlikdan joy olgan jamoalar bu o‘rinlariga haqli ravishda erishdilarmi?
- Albatta. Chunki, «Lokomotiv» hal qiluvchi o‘yinlarda asosiy raqibi hisoblangan «Paxtakor»ni mag‘lub eta oldi. «Navbahor» esa yil kashfiyotiga aylandi.
- «Qo‘qon-1912» jamoasi bilan tuzilgan shartnomangiz yakunlandimi?
- Yo‘q, kelishuv 31 dekabr kuni yakuniga yetadi.
- Shartnomani uzaytirasizmi yoki boshqa rejalaringiz bormi?
- Hozircha rasmiy taklif bo‘lgani yo‘q. Balki, yangi mavsumda boshqa jamoa sharafini himoya qilarman... Qisqasi, hali hech narsa aniq emas. Qolaversa, hamma hozir ta’tilda. «Qo‘qon-1912» jamoasini ham osonlikcha tashlab keta olmayman.
- Xorij klublaridan qiziqishlar bo‘lmadimi?
- Bu mavzuda ham hech qanday yangilik yo‘q. Lekin ochig‘ini aytsam, xorij chempionatida to‘p surishni doim orzu qilaman. Har tomonlama foydali taklif bo‘lsa, albatta, qabul qilardim.
- Tasavvur qiling, arab klublaridan manfaatli taklif oldingiz. Rossiya, Janubiy Koreya yoki Yaponiyadan esa maoshi nisbatan kamroq kelishuvga undashyapti... Qaysi birini tanlagan bo‘lardingiz?
- Shubhasiz, Janubiy Koreya yoki Yaponiya chempionatida o‘ynashga rozilik berardim. Zero bu chempionatlarda futbolchi sifatida o‘sishga erishish mumkin.
- «Qo‘qon-1912» rahbariyati futbolchilar bilan hisob-kitob ishlarini to‘liq bajardimi?
- Yashirib nima qildim: klubda yana ikki oylik maoshimiz qolgan.
- Keling, endi biroz o‘tmishni eslaylik: «Nasaf» - siz uchun qadrli jamoa hisoblanadi. Bu klubdan ketishga sizni nima majbur qilgan?
- Buning o‘ziga yarasha qiziq bir sababi bor. Bilasizmi, men asli Qozog‘istonda tug‘ilganman. «Nasaf» tarkibiga qo‘shilgan paytimda O‘zbekiston fuqarosi emasdim. Nihoyat, 2017 yilda O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldim. Ammo bundan oldinroq OChLda qatnashayotgan «Nasaf» uchun legioner bo‘lib qolgandim. Legionerlar uchun esa xabaringiz bor, limit mavjud edi. Xullas, aynan legionerlar cheklovi sababli Qarshi klubini tark etganman.
- Nima uchun aynan «Neftchi»ni tanlagansiz? Bu klubni sizga kim tavsiya qilgan?
- «Neftchi» azaldan boy va shonli tarixga ega jamoa hisoblanadi. Farg‘onaga esa Denis Ivankovning tavsiyasi bilan yo‘l olganman. Alohida ta’kidlashim kerak, bu insonga hurmatim baland. O‘z ishining professional ustasi bo‘lgan bu murabbiy menga ham hayotda, ham futbolda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan. Shu kungacha erishgan yutuqlarimda Denis Ivankovning xizmatlari katta.
- «Qo‘qon-1912» jamoasiga o‘tish tarixi qanday bo‘ldi?
- «Neftchi» tarkibida yurgan kezlarim «Qo‘qon-1912»ga qarshi bir nechta o‘yinlarda qatnashganman va harakatlarimni kuzatgan No‘’mon Hasanov meni o‘z jamoasiga taklif qilgan. O‘sha paytda «Neftchi» bilan tuzilgan shartnoma ham o‘z yakuniga yetib qolgandi. Shu tariqa, erkin agent maqomida qo‘qonliklar safiga qo‘shilganman. Qo‘qonda juda ahil jamoa yig‘ilgan. Aynan shu klubda sezilarli o‘sishga erishdim. Klub rahbariyati ham, No‘’mon akaning o‘zi ham men bilan xayrlashgisi kelmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda Yusupov «Paxtakor» yoki «Navbahor»ga o‘tishi mumkin, degan xabarlar chiqqanidan keyin muxlislardan ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Ammo yuqorida aytganimdek, hali hech narsa hal bo‘lmadi. O‘zimga kelsak, OChLda o‘ynash niyatim bor.
- Agentlar bilan ishlaysizmi? Yoki biror klubga o‘tishingizni o‘zingiz hal qilasizmi?
- Yo‘q, agentlar bilan ishlamayman. Hozirgacha hech bir futbol agenti bilan hamkorlik qilmaganman. Deylik, biror klubga o‘tishim kerak bo‘lsa, eng avvalo, oila a’zolarim bilan maslahatlashaman va yakuniy qarorni qabul qilaman.
- OChLda o‘ynash haqida gapirdingiz. Bu bilan OChLda ishtirok etadigan klublarimizni nazarda tutyapsizmi?
- Xuddi shunday.
- Demak, «Paxtakor» varianti haqiqatga yaqin ekanda?
- Bunday deyishga hali erta. Birinchidan, «Qo‘qon-1912» klubi bilan tuzilgan shartnoma hali amalda. Ikkinchidan, hech bir klubdan rasmiy taklif olmadim.
- Qiziq, nima uchun aynan darvozabonlikni tanlagansiz?
- Yoshlikdan Janluijji Buffon va Oliver Kanning o‘yinlariga qiziqardim. Shu sababli darvozabon bo‘lish uchun astoydil intilganman. Birinchi murabbiyim - Otabek Nabiyev. U kishi ayni paytda futbolga ixtisoslashgan maktab-internatda ishlayaptilar. Fursatdan foydalanib, ularga minnatdorchilik bildiraman.
- O‘tkir, endi milliy terma jamoa mavzusida suhbatlashsak. Mana, orzular ushalib, mamlakatimizning bosh jamoasi yig‘inida ishtirok etdingiz. Taassurotlar qanday?
- Ilk bor terma jamoa yig‘inida ishtirok etganim uchunmi, taassurotlar bir olam. Mashg‘ulotlar qiziqarli tarzda o‘tyapti.
- Ektor Kuperning taktikasiga tushunib oldinglarmi? Talablari jiddiymi?
- To‘g‘risi, shaxsan men Kuperning asl maqsadini hali to‘liq tushunmadim. Lekin murabbiy hozir birinchi navbatda himoyani mustahkamlashga e’tibor qaratyapti va o‘ylaymanki, bu bir tomondan to‘g‘ri. Bilasiz, hujum doimo himoyadan boshlanadi. O‘rtoqlik o‘yinlari va ularda qayd etiladigan natijalar esa hamisha nisbiy ko‘rinishda bo‘lgan. Shu bois, tashvishlanishga arzimaydi.
- Lekin bu holat muxlislarni xavotirga solyapti...
- To‘g‘ri, ko‘pchilikning ikkilanayotgani ayni haqiqat. Lekin unutmaylikki, Ektor Kuperga ham vaqt kerak. U sehrgar emaski, bir zumda mavjud kamchiliklarni bartaraf eta olsa. Birdaniga hamma narsani to‘g‘rilab, joy-joyiga qo‘yib bo‘lmaydi. Buning davosi - vaqt! Murabbiyga ishonishda davom etish kerak.
- Osiyo Kubogida terma jamoamizdan ijobiy natija kutish mumkinmi?
- Terma jamoamiz barcha davrlarda faqat ijobiy natija uchun kurashgan. Hech qachon bu galgi Osiyo chempionatida guruhdan chiqib olsak, shuning uchun kifoya, degan niyat qilinmagan. Bu safar ham faqat yuqori cho‘qqi ko‘zlanyapti. O‘zbekiston uchun jonimizni berib o‘ynashga harakat qilamiz.
- Kuper Osiyo chempionati haqida sizlar bilan gaplashadimi?
- Ha, har bir yig‘ilishimizda bu haqda gapiradi.
- Sizningcha, Osiyo kubogida qanday natijaga erishamiz?
- Hozirdan bir narsa deyish qiyin. Birinchi galdagi vazifamiz guruhdan chiqib olish. Shubhasiz, biz uchun asosiy raqib Yaponiya terma jamoasi bo‘ladi. Lekin Ummon va Turkmaniston ham BAAga faqat sayohat uchun bormasligi aniq. Ular ham «pley-off» bosqichiga chiqish uchun harakat qilishadi. Biroq ishonchim komil, biz guruhdan, albatta, chiqamiz...
Kamoliddin ALIMOV suhbalashdi
Manba: interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Komil Allamjonovga suiqasdda gumonlanib 5 kishi qamoqqa olindi