10:30 / 30.12.2018
3 024

Umid Ahmadjonov O‘FA nega OFKga "yo‘q" deganini izohlab berdi

Umid Ahmadjonov O‘FA nega OFKga "yo‘q" deganini izohlab berdi
So‘nggi paytlarda O‘FA OFK qarorlariga qarshimi degan savol ko‘p bor yangrayapti.
Gapni bir boshidan boshlaydigan bo‘lsak, shu yilning 31 oktyabr kuni OFK shtab-kvartirasida tashkilotning 28-kongressi bo‘lib o‘tdi. Bunda OFK nizomiga o‘zgartirish kiritish masalasi alohida ko‘rib chiqildi. Qabul qilingan yangi nizomga ko‘ra, endilikda OFK prezidenti bo‘lish uchun da’vogar shaxs OFKga a’zo istalgan uchta federatsiya nomidan ovoz yig‘ib prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin.

Kongress paytida nizomga shu bo‘yicha o‘zgartirish kiritish ovozga qo‘yilganida OFKga a’zo 46ta davlatdan 42tasi "ha" degan bo‘lsa, to‘rtta davlat "yo‘q" degan javobni ko‘tardi. Qizig‘i shundaki, "yo‘q" deganlar orasida O‘zbekiston ham bor. Qolgan uchta davlat BAA, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni.

Ana shundan keyin mashmasha boshlandi. Xorij saytlaridan biri insideworldfootball.com ikki bor "O‘zbekiston nega OFKga "yo‘q" dedi?" deya jar solib maqola yozdi. O‘sha kongressda O‘FA xodimi sifatida ishtirok etgan Behzod Mirtimirov "yo‘q" degan variantni ko‘targandi. Keyinchalik OFK qaror chiqarib ushbu xodimni futbolga doir har qanday faoliyatdan ikki oyga chetlatdi. Mirtimirov chetlatilgach, mavzu yana ochildi. Ko‘plab salbiy fikrlar yuzaga kela boshladi. Biz esa aslida nima bo‘lganini bilish maqsadida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovdan fikr olishga harakat qildik.

O‘z navbatida Umid Ahmadjonov O‘FA nima sababdan OFKga "yo‘q" deganini quyidagicha izohlab berdi: "Albatta, bo‘lib o‘tgan gaplardan xabardormiz va vaziyatni tushunib turibmiz. Avvalo shuni aytishim kerak, O‘FA - mustaqil tashkilot bo‘lib, har bir qabul qilinadigan qarorga o‘z munosabatini bildira oladi. 31 oktyabr kuni o‘tkazilgan OFK kongressida Nizomga o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqildi. Yangi qabul qilingan nizomga ko‘ra, bundan keyin OFK prezidenti bo‘lishni xohlovchi shaxs faqat o‘z federatsiyasidan nomzodini qo‘yishi shart emas. Boshqa istalgan uchta federatsiya uning nomini qo‘llab-quvvatlasa prezidentlik saylovida ishtirok eta oladi".

"Biz bu qarorga yo‘q dedik, chunki qanday qilib o‘z federatsiyasi qo‘llamagan shaxs boshqa federatsiyalardan ovoz yig‘ib nomzodini qo‘yishi mumkin? Aytaylik, Bahraynning o‘zi keyingi saylovda Shayx Salmon nomzodini ilgari surmayapti. Shu bois u o‘z joyini saqlab qolish maqsadida nizomga shunday o‘zgartirish kiritishni lozim topdi. Chunki Bahrayn ovoz bermasa ham boshqalar ovoz berishi mumkin. Endi hamma "ha" desa, biz ham "ha" deb ergashib ketavermaymiz-ku. Biz bu qarorimiz orqali O‘zbekiston o‘z fikriga ega ekanini ko‘rsatdik. Mayli, OFK qarorlar qabul qilaversin, biz ham o‘z munosabatimizni bildiraveramiz".

"Endi Behzod Mirtimirovning chetlatilganiga kelsak, OFK haqiqatdan uni chaqirib suhbat o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Ya’ni, nima uchun "yo‘q" degan qog‘ozni ko‘targani uchun. Birinchidan, biz mustaqil tashkilotmiz, nima qilayotganimizni o‘zimiz yaxshi bilamiz. Ikkinchidan, "yo‘q" dedikmi, buni OFKga borib tushuntirib berishimiz shart emas. OFK buni qanday xohlasa shunday tushunaversin. Biz o‘z fikrimizni bildirdik, xolos. OFK Behzod Mirtimirovni suhbatga chaqirgan paytda u Qatarda tashkil etilgan FIFA sammitida men bilan ishtirok etishi kerak bo‘lib bora olmasdi. Shunda OFK agar kelmasa sanksiya qo‘llaymiz dedi. Biz esa chetlatsa chetlataversin, chunki O‘zbekiston uchun FIFA sammiti muhim, negaki bunda keyingi jahon chempionatida ishtirokchilar sonini 48 taga yetkazish masalasi ko‘rib chiqiladi dedik".

"Aytib o‘tganimdek, biz ham mustaqil tashkilotmiz va OFKning har bir qaroriga o‘z munosabatimizni bildirishga haqlimiz. To‘g‘risi, bizga nizomga kiritilgan oxirgi o‘zgarish ma’qul kelmadi. Chunki prezidentlikka da’vogar shaxs avvalo o‘z federatsiyasidan nomzodini ilgari surishni xohlaymiz. Bor gap shu. Shu o‘rinda muxlislardan OFK endi O‘FAni yomon ko‘rib qoldi, xalqaro maydonlarda jamoalarimizni "sindirishga" harakat qiladi kabi gaplarga e’tibor bermasliklarini so‘rab qolaman. Agar biz yaxshi o‘yin ko‘rsatishda davom etsak, bizni hech kim "sindira" olmaydi".
X.Xoliqov yozib oldi.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov O‘FA nega OFKga "yo‘q" deganini izohlab berdi