
Dubay shahrida Osiyo Kubogiga tayyorgarlik avjida. Kechagi kun voqelarga boy bo‘ldi. Dastlab, OFK vakillari yig‘ilish o‘tkazib, musobaqa tartib-qoidalarini ipidan-ignasigacha tushuntirishdi.
Keyin esa Osiyo Kubogida instruktor sifatida taklif etilgan o‘zimizning Farhod aka Abdullayev futbol qoidalariga kiritilgan juz’iy o‘zgarishlar haqida murabbiy va futbolchilarga ma’lumot berib, hakamlarning jazolariga yo‘liqmaslik uchun nimalarga ahamiyat qaratish zarurligi haqida aytib o‘tdilar. Kuperdan tortib barcha futbolchilar, ayniqsa, himoyachilar Farhod akaning so‘zlarini diqqat bilan tinglashdi.
“Chorak finaldan boshlab Osiyo Kubogida VAR tizimi ishga tushadi. Bu tizim qanday ishlashi haqida ham batafsil ma’lumot berib o‘taman. Xudo xohlasa, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritganingizdan keyin yana uchrashamiz”, - dedi Farhod Abdullayev.
Keyin OFK vakillari milliy terma jamoamiz a’zolari ishtirokida foto va videosessiya uyushtirishdi. Ushbu jarayon ancha quvnoq tarzda o‘tdi. Ayniqsa, futbolchilardan gol urilgandan keyingi holatni aks ettirish so‘ralganda, ko‘pchilik bu talabni bajarayotganda qiynaldi. Futbolchilar aktyor emas, to‘g‘ri tushunish kerak. Ularda hissiyotlarning hammasi tabiiy bo‘ladi. Gol urilgan paytdagi hissiyotlarni faqat gol urilgan paytda ko‘rsata olishadi. Bunday hissiyotlarni Osiyo Kubogi davomida ko‘p bor ko‘rish nasib qilsin!
Kechqurun navbatdagi mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulot paytida qiziqarli voqea ro‘y berdi. Maydon ishchilaridan biri Ektor Kuperni tanib qoldi.
-Kuper?! Terma jamoangiz bosh murabbiyi Ektor Kupermi?
-Ha, shunday.
-Kuper. Saloh. Misr.
Hozircha Kuper deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga Muhammad Saloh va Misr terma jamoasi keladi. Nasib qilsa, milliy terma jamoamiz Osiyo Kubogida chiroyli o‘yinlar namoyish qilib, yaxshi natijalar qayd etadigan bo‘lsa, bu iboralar “Kuper. Odil. O‘zbekiston!”ga o‘zgarishi aniq.
Mashg‘ulot ancha jiddiy tarzda o‘tdi. “Mister” (Bosh murabbiyni futbolchilar shunday chaqirishadi) futbolchilarga darvozaga zarba yo‘llashni mashq qildirdi. Zarbalari golga aylanmagan futbolchilarga esa jazo tayinladi: 25tadan “otjimaniya” qilish. Qaysi futbolchilar bunday “jazo”ga loyiq topilganini esa aytib o‘tirmayman. Bu jamoaning ichki siri bo‘lib qola qolsin. Eng muhimi o‘yin paytida mana shu “jazolangan” futbolchilarimizning zarbalari golga aylansa bo‘lgani.
Yoqubjon Bobojonov, O‘FA Matbuot xizmati boshlig‘i
Dubay, BAA.
Dubay, BAA.

Manba: O‘FA Matbuot xizmati “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar