
Turkmanistonga qarshi oʻyinning birinchi boʻlimidagi bir holat koʻpchilikning eʼtiboriga tushgan boʻlishi tabiiy. Toʻpni qabul qilayotganda Jaloliddin Masharipov juda chiroyli fint ishlatdi, bu esa terma jamoamiz bosh murabbiyi jahlini chiqarib yubordi. Kuper bu harakatlar uchun Masharipovni yaxshigina koyibdi ham. Voqeani eʼtiborsiz qoldirganlar oʻyindan keyin, yarim himoyachimizning intervyusidan bilib olishgani shubhasiz.
“Men ishlatgan fintim uchun murabbiydan gap eshitdim. Lekin men yoshligimdan braziliyalik futbolchilarga havas qilib ulgʻayganman. Chiroyli oʻyin muxlislarga yoqadi va biz albatta, muxlislarga yoqadigan oʻyin qilishni istaymiz”, – dedi futbolchi.
Aslida bu yerda hech qanday ziddiyat yoʻq. Har kim oʻz vazifasini qilganda sodir boʻladigan ish holati. Balki, alohida eʼtibor berishga arzimas. Ammo vaziyat Masharipovning tilidan matbuotga ham koʻchgan ekan, baʼzi oʻrinlarga toʻxtalib oʻtmasak boʻlmaydi. Ektor Kuper aslida chiroyli futbolga qarshi ekan, degan notoʻgʻri taassurot ham paydo boʻlmasligi kerak.
[media=https://www.youtube.com/embed/TNCz6dNsRjg]
Xoʻsh, Kuper nega futbolchining oddiy, chiroyli qiligʻi uchun bu darajada asabiylashdi?
Birinchidan,
Kuper Lotin Amerikasidan kelgan va Ispaniyada uzoq vaqt ishlagan. U yerda bunday vaziyatlarga koʻp duch kelishadi va hosil boʻlgan qoida-oʻlchovlar bor. Masalan, har qanday fint maqsadiga qarab ikkiga boʻlinadi: 1) raqibni chalgʻitish orqali foyda chiqarish; 2) raqibni mazax qilish.
Birinchi holat futbolning bir qismi va bu doim muxlislar tomonidan ham, murabbiylar tomonidan ham olqishlanadi. Futbolchi kutilmagan harakat bilan raqibni chalgʻitib, oʻzi yoki sherigini qulay vaziyatga chiqarishi mumkin.
Ikkinchi holatda, keraksiz paytda raqib ustidan mazax qilish uchun ishlatilgan fint qoralanadi. Aynan bir vaziyatni qaysi holatga kirishini aniqlasa boʻladi, masalan, hisob yirik boʻlib turganda, maydon markazida shunchaki, fint orqali sezilarli qulaylik yaratilmaydigan vaziyatda ishlatilgan fintlar raqib ustidan kulish deb baholanadi. Bunday fint uchun bemalol raqib futbolchilari jiddiy eʼtiroz bildirishga haqlari bor, hatto hakam fint ishlatgan futbolchini sariq kartochka bilan siylash holatlari boʻlgan. Chunki bunday harakatlar oʻyin muhiti ham izdan chiqishiga sabab boʻladi. Neymarning “Atletik” bilan oʻyinda aynan bir fint tufayli raqib himoyachilari bilan bilan janjallashib ketganini va bir oʻyinda hatto fint uchun Neymarga sariq kartochka koʻrsatilganini eslasangiz kerak.
Aynan shunday oʻlchovlar asosida Kuper Masharipovning bu harakatini notoʻgʻri deb baholagan boʻlishi tabiiy va shogirdini jiddiyroq boʻlishga, koʻrsatmalardan chetga chiqmaslikka chaqirishi normal holat. Fint maydon markazida ishlatilgandi va qandaydir vaziyat yaratish uchun emas, Masharipovning oʻzi ham tan olganidek, muxlislar uchun amalga oshirilgandi.
Ikkinchidan,
Oʻsha vaziyat paytida Oʻzbekiston oʻzi uchun juda qulay hisobga erishib boʻlgandi. Bunday pallada murabbiyning xayolida oʻyin tizgini, kartinasi va ssenariysining saqlanib qolishi va eson-omon oʻyin tugashi haqida oʻylay boshlaydi. Balki, mana shunday xotirjamlik saqlanib qolsa, u turli almashtirishlar va koʻrsatmalar orqali, shogirdlarini boshqacharoq bir uslubda sinab olishi, yoʻl-yoʻlakay keyingi oʻyinlar uchun zamin tayyorlashni rejalashtiradi. Rostan ham Turkmaniston tushkunlikka tushib qolgan, oʻyinni deyarli tashlab yuborgandi.
Masharipovning finti, yaʼni raqibga boʻlgan bu munosabati turkmanlarning jahlini chiqarib yuborishi va balki u yerda kichik janjal yuzaga kelishi mumkin edi. Natijada oʻyin jiddiylashib ketardi. Ikki jamoa futbolchilariga ham taʼsir qilib, oʻyinni deyarli boshqarib turgan hisob hammaning esdan chiqishi va maydonga kurash qaytishi turgan edi. Bu esa, turli yakkakurashlarga, balki keraksiz jarohatlarga, kartochkalarga sabab boʻlish ehtimoli yaqin.
Xoʻsh, bunday oʻzgarish qaysi murabbiyga kerak? Kuper buni istamasdi albatta. Gap bu yerda uning futbolga oʻta pragmatik qarashi va uslubida ham emas. Uning oʻrnida har qanday murabbiy, hatto oʻsha chiroyli futbol namoyondasi deb aytiladigan Gvardiola yoki Klopp ham hal qilingan oʻyinning boshqa tarafga burilishini istamagan, shogirdining bunday harakatiga qarshi boʻlardi albatta. Toʻgʻri, baʼzi murabbiylar darhol reaksiya bildiradi, baʼzida tanaffusda koʻrsatmalar orqali bunday oʻynashdan qaytariladi, baʼzida futbolchidagi ishonchni oʻldirmaslik uchun indamaslik maʼqul koʻriladi. Aynan kecha, Kuper birinchi yoʻlni tanladi, shu xolos.
Bu yerda hech kimda ayb yoʻq. Istardimki, Masharipov yoki boshqa futbolchilar ham keyingi oʻyinda ham mana shunday fintlar qilishsin. Kuper yana uni koyisin, futbolchi norozi boʻlib oʻyindan keyin yana intervyu bersin. Roziman. Menimcha, murabbiy ham rozi boʻlardi bundan.
Axir xuddi kechagi oʻyin kabi, uning jahlini chiqargan yagona holat shogirdining finti boʻlsa, naqadar ajoyib, toʻgʻrimi?..
Qahramon Aslanov
Manba: Kun.uz
Futbol O‘yiniJaloliddin MasharipovE’tibor BerishFint IshlatishKuper MurabbiyO‘zbekiston JamoasiRaqibni Chalg‘itishChiroyli O‘yinO‘yinda Ziddiyat O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar