21:54 / 18.02.2019
3 656

Superliganing bu yilgi mavsumi qachon ochilishi ma’lum qilindi

Superliganing bu yilgi mavsumi qachon ochilishi ma’lum qilindi
O‘zbekiston Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsumga jiddiy hozirlik ko‘rmoqda.
Ayni vaqtda PFL bosh liga homiylari, shuningdek, bir qator sug‘urta kompaniyalari, translyatsiya masalalari yuzasidan manfaatli kelishuvlar bo‘yicha ish olib bormoqda. Bu haqda PFL matbuot xizmati xabar bermoqda.

PFL komissiyasi 19 fevraldan boshlab futbol klublarini yakuniy tekshiruvdan o‘tkazadi hamda hafta yakunida Superligada to‘p suradigan klublar nomiga oydinlik kiritib oladi. 25 fevral kuni esa Superliganing yangi mavsumi uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. 8 mart sanasidan esa chempionat start oladi.

Mart oyidagi FIFA kunlari, shuningdek, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Tokio-2020 yo‘lidagi saralash uchrashuvlari tufayli klublar 29 martdan boshlab 2-tur uchrashuvlarini o‘tkazadi. Bunga qadar sara futbolchilar argentinalik hamda serbiyalik terma murabbiylari ixtiyorida bo‘ladi. FIFA kunlari davom etayotgan bir vaqtda PFL kubogi bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur kubokda g‘olib chiqqan jamoaga "A" Pro-ligasi uchun imtiyozli yo‘llanma taqdim etish rejalashtirilgan.

PFL 2019 yilgi mavsumda format qanday bo‘lishini 12 ta klubga moslab tuzib chiqqandi. Ammo yuqorida ko‘rsatilgan muddatlarga qadar klublar ishlarini yakunlab ulgurishmasa, ular avtomatik ravishda bitta quyi ligaga tushiriladi. Jamoaning xalqaro maydonda ishtirok etishi yoki sovrinli o‘rinlar uchun kurashish qudratiga ega ekaniga emas, litsenziyalash talablarining bajarilishiga birinchi galda e’tibor qaratiladi.

Ma’lumot uchun, fevral oyining so‘nggi kunida PFL vakillari OFK komissiyasi bilan uchrashish uchun Kualama-Lumpurga yo‘l oladi. Bunda litsenziyalash talablari, ulardagi barcha jihatlar OFK vakillari bilan muhokama qilinadi. Aynan 2019 yildan boshlab O‘FA klublarga qo‘yilayotgan talablarni oshirgan bo‘lib, bunda tashkilot Yaponiya tanlab olgan yo‘ldan yurishga qaror qilgan. Ya’ni, milliy litsenziyalash talablariga javob bera oladigan klublar OFK litsenziyalash komissiyasi talablariga hech bir qiyinchiliksiz mos kelishi shart.

Shu yilning 1 may kuniga qadar esa barcha futbol klublari uchun 2020 yilgi mavsum talablari aks etgan reglament rasman taqdim etiladi. Klublar yil davomida shuning ustida ishlashi kerak bo‘ladi. 31 oktyabr kuni esa PFL litsenziyalash jarayonini yakunlaydi. Mazkur muddatdan bir kun kech qolgan jamoalarning arizasi qabul qilinmaydi. Ya’ni, 2020 yil uchun qadam noyabr oyi boshlanmay turiboq qo‘yiladi.

Professional futbol ligasi qur’a va chempionat starti kabi marosimlar sanasi ochiqlanishi biroz kechikkani uchun futbol muxlislaridan uzr so‘raydi. Shuningdek, davlat korxonalari berayotgan tayyor pulga jamoa tuzayotgan klub rahbarlarini o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshishga chaqiradi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superliganing bu yilgi mavsumi qachon ochilishi ma’lum qilindi