Yildan-yilga xorijda toʻp suruvchi legionerlarimiz soni ortib bormoqda. Bu, albatta, oʻzbekistonlik futbolchilarga boʻlgan eʼtibor kuchliligidan dalolat. Barchangizga maʼlumki, Toshkentning “Lokomotiv” klubini ushbu mavsum asosiy tarkibdagi aksariyat futbolchilar tark etishdi. Ikrom Aliboyev “Seul”ga yoʻl olgan boʻlsa, Sardor Rashidov Portugaliyadan tushgan taklifni qabul qildi.
Jamoaning yana bir muhim futbolchisi Sanjar Shoahmedov ham legioner maqomiga ega boʻldi. Maydonni yaxshi koʻra olish, oʻyinni boshqarish xususiyatiga ega yurtdoshimiz Malayziyaning “Terengganu” jamoasi safidagi dastlabki oʻrtoqlik oʻyinidayoq “dubl” rasmiylashtirdi. Chempionat bahslarining navbatdagi turida ham u maydonni golsiz tark etmadi. Koʻrinib turibdiki, Sanjarning ishlari joyida. Malayziya Superligasining oltinchi tur uchrashuvidan soʻng, futbolchi bilan bogʻlanib, undan intervyu oldik.
- Dastlab “Terengganu” jamoasidan tushgan taklif xususida gapirsangiz.
- Milliy chempionatimiz ayni qizigan paytda, yaʼni oktabr oyida “Terengganu” klubi rahbarlari va murabbiylari taklif bilan chiqishdi. Avval bu taklifni koʻrib chiqdim, har taraflama oʻrgandim. Klubning maqsadi, sharoitlari va boshqa jihatlar boʻyicha gaplashgandan keyin kelishuvga erishdik. Oʻzim uchun ham bu jamoa, umuman, Malayziyada toʻp surish varianti qiziq tuyuldi.
- “Temiryoʻlchilar” safida qolishingiz mumkinmidi?
- Albatta, qolishim mumkin edi. Lekin oʻzim legioner boʻlishni, chet davlatlarida toʻp surishni xohladim. “Lokomotiv”da meni barcha narsa qoniqtirardi. Buning uchun Toshkent klubidan minnatdorman. “Loko”da oʻzimga yarasha obroʻ-eʼtibor qozondim, xalqaro musobaqalarda ishtirok etdim. Shunchaki, xorijda oʻzimni yana bir marta sinab koʻrgim keldi.
- Legioner sifatida ilk bor xorijda toʻp surayotganingiz yoʻq, maʼlum muddat Qatarda ham oʻynadingiz. Bu ikki yurt futbolini solishtirib koʻrdingizmi?
- Qatarda “Al-Sayliya” tarkibida oʻynaganman. Hozir Malayziyadaman. Iqlimi deyarli bir xil. Namlik, havo harorati bizga nisbatan baland. Asta-sekin moslashib boryapman. Futbolida va uslubida katta farq sezmadim. Birgina Qatardagi kuchli legionerlarni hisobga olmasa. Farqi shu. Oʻyin borasida bir-biriga oʻxshash.
- Liga oʻyinlari qanday formatda oʻtkazilishiga toʻxtalsangiz.
- Chempionat ikki davrali tizimda tashkil etiladi. Shuningdek, ikkita yirik kubok musobaqasi yoʻlga qoʻyilgan: Malayziya kubogi va qirol kubogi. Umumiy hisobda uchta musobaqada kurash olib boriladi.
- Jamoangiz oldiga chempionlik vazifasi qoʻyilganmi?
- Bu yerda nafaqat biz, balki hamma jamoalarning oʻz oldiga qoʻygan maqsadi bor. Ular ham chempionlik uchun kurashishadi. Raqobat kuchli, deyishim mumkin. Har bir oʻyinning qadri baland.
- Stadionlar, futbolga boʻlgan munosabat, tomoshabinlar tashrifi qanday ekan?
- Ijtimoiy tarmoqlarda koʻrishingiz mumkin. Deyarli har oʻyinga 30-35 ming atrofida muxlis tashrif buyuradi. Futbolga boʻlgan qiziqish oʻta yuqori ekan. Ular suyukli futbolchilarini hech qayerda yolgʻizlatib qoʻyishmaydi. Xuddi oʻzimizning oʻzbek ishqibozlariga oʻxshab.
- Qayerda yashayapsiz? Mahalliy sharoitlarga koʻnikib ulgurdingizmi?
- Menga klub shaxsiy uy va mashina bergan. Qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Mashgʻulotlar va oʻyinlarga qatnashda muammolarga yoʻliqmayapman. Umuman, yangi muhitga moslashish hamisha qiyin kechadi. Ammo hozir bu borada nolishga hojat yoʻq.
- “Lokomotiv” oʻyinlarini kuzatib boryapsizmi?
- Oʻzbekiston chempionatining birinchi turini koʻrib, hayron qoldim. Deyarli barcha uchrashuvlarda durang qayd etildi. Albatta, “Lokomotiv”ning YECHLdagi ishtirokini ham kuzatib boryapman. Superliganing joriy mavsumi ancha murosasiz oʻtishiga shubham yoʻq.
Abdulaziz ISKANDAROV suhbatlashdi
Manba: interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Mariya Zaxarova ukrainaliklarni Amerika hindulariga o‘xshatdi
Ruslar Abrams tanklarining zaif tomonini topishdi
AQSHning G‘azodagi siyosatidan norozi Davlat departamenti rasmiysi iste’foga chiqdi
Piyoda yurish va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish depressiyaga chalinishni 23 foizga kamaytiradi
Zoir Mirzayev “Telefonsiz maktab”ga 300 mln so‘m mukofot berdi
Ispaniya va Gretsiya Kiyevga Patriot tizimlarini yetkazib berishdan bosh tortdi
Germaniyada maktab o‘quvchilari ommaviy ravishda islom dinini qabul qilmoqda
Amerikalik olimlar barcha uchun birdek foydali jismoniy faollik turini aniqladi