
“Lokomotiv” hujumchisi Temurxo‘ja Abduholiqov yana ko‘pchilikning e’tiborida bo‘lib turibdi. U Superliganing ketma-ket oltita uchrashuvidan beri gol urib kelmoqda. Qolaversa, hujumchi Osiyo Chempionlar ligasida ham gol urishni unutib qo‘yayotgani yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda, Abduholiqov mavsumni juda yaxshi boshladi. Ayni paytda murabbiylar tomonidan o‘ziga bildirilayotgan ishonchni to‘la oqlab kelyapti desak yanglishmaymiz.
Agar shu ruhda davom etadigan bo‘lsa, Temurxo‘ja to‘purarlik uchun asosiy nomzodga aylansa ham ajab emas. Ko‘pchilik “Lokomotiv”dan to‘purar hujumchi Marat Bikmayev ketganidan so‘ng uning o‘rnini Abduholiqov munosib to‘ldira olarmikin, degan savollarni ham o‘rtaga tashlashgandi. Mana, ko‘rib turibmizki, Temurxo‘ja Maratning yo‘qligini umuman sezdirmayapti. U o‘ziga bildirilayotgan ishonch va imkoniyatdan unumli foydalanib kelmoqda.
- Temurxo‘ja, siz oltita o‘yindan beri gol urib kelyapsiz. Buning boisi nimada? Jamoadoshlaringizning hissasimi yoki individual mahoratmi?
- Futbol jamoaviy o‘yin bo‘lgani uchun urayotgan gollarim birgina mening hissam bilan o‘lchanmaydi. Qolaversa, bizda yaxshi jamoa va murabbiylar shtabi bor. Shuning hisobiga ham har o‘yinda gollar urishga muvaffaq bo‘lyapman. Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, jamoadoshlarim har bir uchrashuvda menga qulay imkoniyatlarni yaratib berishyapti. Men esa o‘zim uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlardan qo‘limdan kelganicha foydalanishga harakat qilyapman. Ishqilib, ko‘z tegmasin deb turing (kuladi). Hammasi faqat jamoaviy o‘yin evaziga sodir bo‘lyapti. Yoki futbolni bitta o‘yinchi o‘ynaganini ko‘rganmisiz?
- Lekin “Lokomotiv”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtiroki bizni xafa qilyapti. Jamoangiz ushbu musobaqada imkoniyatlarini to‘liq ko‘rsata olmayapti. Natijada ochkolarni yo‘qotib, qiyin ahvolga tushib qolyapti...
- Chempionlar ligasida kuchsiz raqiblarning o‘zi bo‘lmaydi. Aslida har bir uchrashuvda g‘alaba uchun oxirigacha harakat qilyapmiz. Biroq yakunda natija biz o‘ylagandek bo‘lib chiqmayapti. To‘g‘ri, shunday o‘yinlar bo‘ladiki, unda raqib jamoaga umuman imkoniyat qoldirishmaydi. Lekin biz bilan bunday holat yuz berayotgani yo‘q. Saudiya Arabistonida ham, Qatarda ham o‘yinni yaxshi boshladik. Gollar ham urdik. Ammo oxirigacha barqarorlikni saqlab qola olmadik. O‘sha uchrashuvlarda “Lokomotiv”dan omad yuz o‘girdi desak ham bo‘ladi. Balki o‘zimizga bo‘lgan ishonchni ham oxirigacha ko‘rsata olmayotgandirmiz. Buning natijasida biz alamli mag‘lubiyatlarga uchradik.
Hozirdan bizning keyingi taqdirimiz haqida xulosa chiqarishga erta. Biz oxirigacha keyinchi bosqichga chiqishga harakat qilamiz. Asosiy maqsadimiz ham shu. Lekin nima sababdan yutadigan o‘yinlarimizda yutqazib qo‘yayotganimizni o‘zim ham bilmayapman. Agar buning sabablarini bilganimizda o‘sha xatolarimizni to‘g‘rilagan bo‘lardik. Lekin ayniqsa, Saudiya va Qatarda juda alamli mag‘lubiyatlarga uchradik. Toshkentda esa “Al Ittihod” bilan durang o‘ynab qo‘ydik. Biroq o‘sha uchrashuvda ham bizning g‘alaba qozonishga yaxshi imkoniyatimiz bor edi. Lekin butun diqqat-e’tiborimiz faqat Osiyo Chempionlar ligasiga qaratilgan desak ham noto‘g‘ri bo‘ladi.
Chunki bizda milliy chempionat bahslari ham davom etyapti. Shuning uchun biz bor e’tiborimizni o‘yindan-o‘yingacha qaratyapmiz. Masalan, bungacha ichki chempionat doirasida “Qo‘qon-1912” bilan o‘yinga bor e’tiborimizni qaratgan bo‘lsak, endi Osiyo Chempionlar ligasidagi bahsga tayyorlanyapmiz. Agar hozir mavsum oxiri bo‘lganida ham mayli edi va endi biz barcha o‘y-xayollarimizni OChLga qaratgan bo‘lardik. Lekin hozir bunday emas. Biz o‘zimiz ishtirok etayotgan barcha musobaqada oxirigacha borishga harakat qilamiz. Boya aytganimdek, chempionlar ligasida bizda hali imkoniyat bor. Faqat nasib qilgani bo‘ladi.
- Lekin “Lokomotiv” jamoasining Osiyo Chempionlar ligasidagi o‘yinlarini tahlil qilar ekanmiz, o‘tgan yillarga nisbatan bu yil biroz kuchsiz o‘yin ko‘rsatayotgandek. Balki bu qishda tarkibni bir qator yetakchi futbolchilar tark etgani bilan bog‘liqdir.
- O‘tgan yili ham chempionlar ligasida guruhdan chiqa olmagandik.
- Ammo “Loko”ning o‘yini bu yilgisiga nisbatan jozibaliroq edi...
- Kuchli o‘ynaymizmi yoki kuchsizmi, baribir guruhdan chiqa olsak, shunda dastlabki vazifa bajarilgan bo‘ladi. Agar zo‘r o‘ynab turib, guruhdan chiqa olmasak buning nima foydasi bor? Biz uchun natija ustivor vazifa. Har bir uchrashuvda g‘alaba qozonishga astoydil harakat qilyapmiz-u, biroq doim ham siz o‘ylagandek bo‘lib chiqavermaydi. Shuning uchun o‘tgan yili kuchli, bu yil kuchsiz o‘ynayapti, degan fikrlarga qo‘shilmayman. Biz doim chiroyli o‘ynab, natija ko‘rsatishga harakat qilamiz. G‘alaba qozonishni esa hamma ham xohlaydi. Shu bois raqiblar ham jiddiy qarishilik ko‘rsatishadi.
- Superligamizda shu narsa ko‘rinib qolyaptiki, boshqa jamoalarning “Paxtakor” va “Lokomotiv” darajasiga yetishishi juda qiyin. Fikringizcha, chempionatimizning bugungi saviyasi qanday?
- Chempionatimizda ko‘zga tashlanayotgani narsa – bu chiroyli gollar kiritilyapti. Bundan xursandman. Rostdan ham chempionatimiz o‘yinlarida shedevr, takrorlanmas gollar urilayotgani baribir muxlislarni o‘ziga jalb etmasdan qo‘ymaydi. Agarda rakurslar bisyor bo‘lib, chiroyli gollar televideniyeda ko‘proq ko‘rsatilsa faqat foydadan holi bo‘lmasdi. Meni birinchi navbatda quvontirayotgani aynan chiroyli gollar. Qolganlari esa oldingidek.
- Qolaversa, chempionlik uchun kurash yana “Paxtakor” bilan “Lokomotiv” o‘rtasida kechadigandek...
- Hamma ham chempionlik uchun ko‘proq jamoalar kurashishini xohlaydi. Mavsum yaqinda boshlandi va hali uzoq davom etadi. Balki chempionat davomida ko‘p narsalar o‘zgarib ketishi ham mumkin. Lekin Yevropa birinchiliklariga qaraylik, Ispaniyada chempionlik uchun “Barselona, “Real” va “Atletiko” kurashdi. Angliyada kim? “Manchester Siti” bilan “Liverpul” talashyapti. Germaniyada “Bavariya” bilan “Borussiya” (Dortmund).
Fransiyada esa chempionlik uchun faqat PSJ da’vogarlik qilib qildi. To‘g‘ri, bizda “Paxtakor” bilan “Lokomotiv” oldinda ketishyapti, balki bu boshlanishidir. Menimcha, hali ko‘p jamoalar o‘z o‘yinlarini topib ulgurishgani yo‘q. Har bir o‘yin biz uchun qiyin o‘tadi. Chunki jamoalar bizga qarshi o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishga harakat qilishadi. Shu sababli hozirda har bir o‘yin, gol va ochkoning qadri juda baland.
- Boya chiroyli gollar haqida gapirdingiz. 3-turda “Andijon” darvozasiga siz ham ajoyib gol urganingizni yaxshi eslaymiz. Ayting-chi, faoliyatingizda kiritgan chiroyli gollaringiz orasida “Andijon” darvozasiga kiritgan to‘pingizni nechanchi o‘ringa qo‘ygan bo‘lardingiz?
- 2016 yili ham “Metallurg” darvozasiga xuddi “Andijon”ga urgandek gol muallifi bo‘lgandim. Menimcha, arxiv videolariga qarasangiz ham chiqadi. Shu bois “Andijon”ga urgan golim men uchun yangilik bo‘lgani yo‘q. Baribir bunday uslubda kiritgan birinchi golingiz boshqacha tuyuladi. Mashg‘ulotlarda ham shunday gollar urib turaman. Ammo baribir rasmiy o‘yinda kiritgan gollar boshqacha tuyuladi. Xullas, avval ham shunday gol urganim bois bu safar bu men uchun noodatiy bo‘lib ko‘rinmadi. Menimcha, faoliyatimdagi chiroyli gollar orasida bunisi kuchli beshlikka kirsa kerak.
- Siz o‘sha 2016 yilda 22 ta gol bilan chempionat to‘purari ham bo‘lgandingiz. Bu yil ham shashtingiz baland va hozirgacha 6 ta gol urishga erishdingiz. Ketma-ket golli seriyadagi barqarorlikni saqlab qolish istagingiz ham kuchli bo‘lsa kerak...
- Futbolda eng asosiysi, gol urish. Natija avvalo gol bilan bog‘liq. Buning ustiga siz hujumchi bo‘lganingizdan keyin ishingiz faqat gol urishdan iborat bo‘lib qoladi. Shuning uchun men ham har bir uchrashuvda o‘z ishimni bajarishga harakat qilyapman. Barqarorlik? U yog‘ini vaqt ko‘rsatadi. Lekin golli seriyani davom ettirish qiyin bo‘lishini o‘zim ham tushunib turibman. Chetdan qaraganda hammaga gollar urayotganim oson ko‘rinishi mumkin. Lekin buning zamirida katta mehnat yotibdi. Hujumchi hattoki, yakkama-yakka vaziyatda va bo‘sh qolgan darvozaga ham gol ura olmasligi mumkin.
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar