date
views 1 924

Shota Arveladze: "Biz juda erta bo‘shashib, o‘yin tizginini qo‘ldan chiqardik"

Shota Arveladze: "Biz juda erta bo‘shashib, o‘yin tizginini qo‘ldan chiqardik"
Superliganing 8-tur doirasidagi markaziy to‘qnashuv "Paxtakor" - "Navbahor" (2:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida "sherlar" bosh murabbiyi Shota Arveladze ishtirok etdi.
- Qiziqarli to‘qnashuv yuzaga keldi. O‘yindagi azart, keskinlik va shiddat yuqori bo‘ldi. Chempionat yetakchilari o‘ynashdi, vaziyatlar, sariq kartochkalar va gollar. Bu hafta nafaqat "Paxtakor" uchun, balki "Barselona" va "Ayaks" uchun YeChLda alamli bo‘ldi. Albatta bu achinarli. Alam qilgani shuki, raqibda deyarli yuz foizlik vaziyat yuzaga kelmadi. Hisob 2:0 ga aylangach jamoa bo‘shashdi.

Shuningdek, bugun "Navbahor"ni qo‘llash uchun kelgan namanganlik muxlislarni ham alohida e’tirof etish lozim. Ular o‘yin oxirigacha o‘z suyuklilarini tinimsiz olqishlab, qo‘llab turishdi. Mavsum davom etadi. Oson o‘yinlarning o‘zi yo‘q. Barcha bahs qiyin o‘tmoqda. "Paxtakor" o‘z yo‘nalishida harakatlanishni davom ettiradi.

- Joriy mavsumda ilk bor g‘alabani qo‘ldan chiqarganimizga asosiy sabablardan biri, bu raqibning munosib qarshiligi. Shuningdek, biz juda erta bo‘shashib, o‘yin tizginini qo‘ldan chiqardik. Natijaga o‘ynashni boshlab yuborgach, ko‘proq orqaga o‘ynadik. "Navbahor" esa birinchi golni urib olgach tezda o‘yinga qaytdi. Balki jamoamizga qiyin rejim ham xalaqit qilgandir. Chunki har 4-5 kunda o‘yin o‘tkazyapmiz. Bu ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.

Shunga qaramay yuqori darajada o‘ynayotgan jamoamizni maqtab qo‘ymoqchiman. Bu oson emas. Hali aytganimdek, chempionat davom etadi. Biz esa yo‘l qo‘yilgan xatolardan tegishli xulosalar chiqarishimiz kerak. Tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarish alamli. Lekin hisob tenglashgach ham jamoamiz futbol o‘ynadi va oldinga o‘tdi.

- Bir narsani tushunmayman, nega hakam hushtagidan keyin to‘pni tepib yuborgan futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatilsa muxlislar uni so‘kishadi? Nega? Futbolchi hakam hushtagidan keyin to‘pni tepib yuborishi mumkinmi? Futbol maktabidagi yosh o‘quvchi ham hushtakdan keyin to‘pni tepib yuborish mumkinmasligi va shunday holat ro‘y bersa, unda bu sariq kartochka ekanligini biladi. Muxlislar nega shu payt hakamlarni haqorat qilishadi? To‘pni yon chiziqdan o‘yinga kiritsak kimdir xato qiladi. Autdan offsayd. Lekin biz bunday xatolar payti hakamni jo‘r bo‘lib haqorat qilmayapmiz-ku. Hamma adashadi, xato qiladi.

- Hisob 2:2 bo‘lgach nega A’zamovni chaqirdim? Marko Simich qo‘lini ko‘tardi. Biz u o‘yinni davom ettira olmasligini aytyapti deb tushundik. Keyinchalik hammasi joyidaligini bildirdi. Shu boisdan bu o‘zgarishni amalga oshirishga hojat qolmadi.

- Bikmayev? Hamma ishlamoqda, harakat qilmoqda. To‘g‘ri, hujumchi gol urishi lozim. Men ishonamanki, Marat o‘z soniyalarini topadi va gollar uradi.

- Maydon maysasi tezkor futbol o‘ynash uchun ideal holatda. Bu nafaqat bizga, balki raqiblarga ham manzur keladi deb o‘ylayman. Bu aynan bizga kerak bo‘lgan daraja va sifat. Agarda jamoa sifatli futbol o‘ynamoqchi bo‘lsa, unda shunday maydonda to‘p tepish kerak. Bizga mehmon bo‘lib kelayotgan jamoalar ham mazkur maydonda futbol o‘ynab rohatlanishmoqda deb o‘ylayman. Buni esa kengaytirish lozim. Men o‘z vaqtida barcha joylarda sifatli maydonlar bo‘lishi kerak deganimda balki kulganlar bo‘lgandir, ammo joriy mavsumdan vaziyat yaxshilandi.

Namanganda uzoq kutilgan sifatli maydon paydo bo‘ldi, "Bunyodkor" o‘zgartirdi, Qo‘qonda va boshqa joylarda bu borada ahvol yaxshilandi. Boshqacha yo‘l bilan futbol o‘ynab bo‘lmaydi. Yuqori darajadagi sifatli futbolni aynan mana shunday maydonda o‘ynaladi. Qolgan darajadagi futbol esa asfaltda, ko‘chada yoki zalda o‘ynaladi. Biz Jahon chempionati va Olimpiadaga yo‘llanma olishni istaymiz. Buning uchun esa ishlar shunday ro‘sinda davom etmog‘i lozim. "Paxtakor"ga kelayotgan jamoalardan so‘ranglar, ularga bizni maydon yoqadimi?

Agarda yoqmaydigan bo‘lsa va ular tezkor futbol o‘ynashni istashmasa, unda bizga yoqadigan futbol o‘ynashadigan chempionatlar: Italiya, Ispaniya, Angliya yoki Germaniyada nega bunday kichik detallarga jiddiy e’tibor qaratilishi haqida o‘ylab ko‘rishsin. Faqat bugungi kun bilan yashab, ma’lum bir o‘yinda durang yoki natija ko‘rsatishni o‘ylash yaramaydi.

- Masalan biz bilan durang o‘ynab, buni g‘alabadek nishonlash aslida bizga berilgan baho. "Navbahor" bugun xarakter ko‘rsatgani va o‘yinga qaytgani alohida e’tirofga loyiq. Ular bugungi durangni g‘alabadek nishonlashdi. Biz esa shunday katta tashabbusga egalik qilib, yakunda buni boy berdik. "Paxtakor" bugun 2 ochko yo‘qotdi, "Navbahor" esa 1 ochko qo‘lga kiritdi. Chempionat yetakchilaridan biriga qarshi o‘ynadik. Bugungi o‘yinda raqib namoyish etgan xarakter uchun ularni tik turib olqishlasa arziydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shota Arveladze: "Biz juda erta bo‘shashib, o‘yin tizginini qo‘ldan chiqardik"