Oldinga o‘tib bir narsani aytib o‘tay bu maqolani yozishdan ko‘ra, yozmaslikka ko‘proq harakat qilgandim. Taxminan bir yilcha oldin shunday maqola yozish g‘oyasi tug‘ilgan bo‘lsada, doim bu fikrdan qaytishga uringanman. Chunki barcha o‘ylaganlarim xato bo‘lib chiqishini istardim. Afsuski har safar aksincha bo‘lib chiqaverdi. So‘nggisi o‘tgan hafta oxirida sodir bo‘ldi.
2016 yilgi Rio olimpiadasi o‘zbek boksi uchun butunlay yangi davrni boshlab berdi desak yanglishmagan bo‘lamiz. O‘sha avgust O‘zbekistonda birinchi raqamli sport turi qaysi degan savolni ham o‘rtaga chiqargandi. Boksga bo‘lgan qiziqish keskin ravishda oshgandi. O‘zbek bokschilariga bo‘lgan e’tibor ham xuddi shu darajada o‘sgandi. Aynan o‘sha pallalarda o‘zbek professional boksida yangi nom — Shohjahon Ergashev paydo bo‘ldi.
Avvaliga «17 yoshli nokautchi» nomi bilan internetda dong taratgan bu bokschi ko‘pchilikning og‘ziga tushdi. O‘shandan keyin bu sportchi haqida ma’lumot to‘plash niyatida internet orqali qidiruvlar berdim. Bokschilarning statistikalari, barcha natijalari haqida to‘liq ma’lumotni topish mumkin bo‘lgan Boxrec portali orqali uning yoshi (o‘sha vaqtda Ergashev 25 yoshda edi) kattaroq ekani, Rossiyada janglarda ishtirok etishini aniqladim. Bu orada o‘zbek sport nashrlari u haqida bot-bot yoza boshlagandi.
O‘shanda e’tibor qaratganim, negadir Shohjahonning o‘ziga tayanib matbuotda uning janglari soni bittaga ko‘paytirib berilar, ammo Boxrecʼda bu ko‘rsatkich bitta kam chiqardi. Agar rostan qiziqsangiz, eski arxivdagi xabarlarini bir izlab ko‘ring: masalan Shohjahonning nisbatan jiddiyroq ilk jangi - Sonni Fredriksonga (21-1, 14 KO) qarshi jang uning faoliyatidagi 11-jangi bo‘lgan. Lekin deyarli hamma xabarlarda bu 12-jang sifatida ko‘rsatilgandi.
Keyingi ham xuddi shunday sanoqda davom etgan. Faqat Maykal Foksga qarshi janggacha. Ishi faqat g‘alabani yozish, bevosita aloqador bo‘lmasa ham professional boksdagi g‘alabalarni (albatta mag‘lubiyat yozilmaydi) doim yoritib boradigan Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytidagi Shohjahon haqidagi xabarlarni o‘qib ko‘ring. Hammasida shunaqa - albatta bitta jang ko‘paytirib ko‘rsatib kelingan. Yuqorida aytganimdek, Foks bilan jangdan keyin negadir hisob-kitoblar to‘g‘ri bo‘lib qoldi.
Qisqasi mana shu holat boshida menga biroz g‘alati ko‘ringandi. Texnik xatodir, aldashmayotgandir deb ko‘pam e’tibor bermadim. Ammo Shohjahonning keyingi faoliyati haqidagi xabarlar borgan sari g‘alatilashib boraverdi. Ehhe, u haqda qanday xabarlar chiqmadi deysiz, uning qo‘li sinsayam, ringga chiqqani haqida yozishdi, Moskvadagi janglari asosiy sport kanali «Match TV», «Boks Tv» kanallari orqali namoyish etilishini yozishdi. Singan qo‘li haqida aniq ma’lumotga ega bo‘la olmadikku, lekin «Match TV» haqidagi gaplari doim xato bo‘lib chiqaverdi. Bunga oddiy misol - Juma Vasvaga qarshi jangi. O‘sha vaqtlardagi afishalarni bir qidirib ko‘ring...
Albatta, bular bir qarashda juda mayda mavzular. Ammo yuqorida aytganimdek, barchasi faqat shular bilan tugaganida bu maqola hech qachon hayot yuzini ko‘rmagan bo‘lardi. So‘nggi oylarda yana yolg‘onlar avj oldi. Tushunarli, har bir sportchi uchun «piar» kerak. Ular o‘zlarini reklama qilishi, keng ommaga yoyishga urinishi normal holat. Xorij tajribasida ham bu an’anaviy holatga aylangan.
Sport bu biznes. Istaymizmi yo‘qmi bunda pulning roli juda katta. Birinchi o‘rinda ham desa bo‘ladi. Shohjahon va uning promouterlari shu ma’noda reklama uchun harakat qilgan bo‘lishlari mumkin. Ammo reklama faqat yolg‘ondan iborat bo‘lib qolsachi? Afsuski, oxirgi vaqtlarda Shohjahon haqidagi xabarlarning barchasi oxir-oqibatda yolg‘on bo‘lib chiqaverdi, chiqaverdi...
Keling ularni birma-bir sanashni boshlaymiz.
2018 yilning oxirlaridan boshlaymiz. Shohjahon navbatdagi janglarini o‘tkazganidan keyin O‘zbekistonga qaytdi va doimgidek bir qator nashrlarga intervyu berdi. Oldin ham doimiy ravishda tez orada «jahon chempionligi kamarini tez orada O‘zbekistonga olib kelaman» (birinchi marta bu intervyu berganiga ham adashmasam, yil bo‘ldi. Lekin o‘sha «tez orada» haligacha kelmayapti) deyishni kanda qilmaydigan Shohjahon bu safar IBF International chempionlik kamari uchun ringga chiqishini aytdi.
YouTube tarmog‘idagi asosan shou-biznes vakillari bilan suhbatlashadigan bloger bilan suhbatini ko‘ring, TVga bergan intervyularini ko‘ring, hammasida bu haqda aytgan. Ammo undan keyin u ikkita jang o‘tkazdi hamki, kamar uchun jang qilmadi. Sportchining o‘zi og‘zi bilan aytgani uchun deyarli barcha nashrlar bu haqda yozgandi. Ammo bu xabar ham yolg‘on bo‘lib chiqdi.
Umuman olganda, Shohjahonning birinchi chempionlik kamari haqidagi xabar 2017 yilning yozida chiqqandi. O‘shandayoq saytlar uning Rossiyada chempionlik kamari uchun jang qilishi haqida yozgandi, ammo yakunda u faoliyatidagi 6ta jangning 5tasida yutqazgan, Shohjahondan keyin umuman ringga qaytib chiqmagan tojikistonlik bir bokschi bilan jang qilgandi.
Keyingi xabar uning Maykal Foksga qarshi jangidan so‘ng chiqdi. Aeroportda kutib olingan Ergashev TV qarshisida hali e’lon qilinmagan WBA reytingida birinchi o‘ringa chiqqanini, aprel oyida WBA jahon chempionlik kamari vakant bo‘lishi va u chempionlikka birinchi raqamli da’vogar sifatida ringga chiqishini e’lon qilib yubordi. Bunga oddiy muxlis ishonishi va xursand bo‘lishi mumkin, ammo boksni chuqurroq tushunadigan muxlis bunga ishonmagani aniq.
Tushuntiraman. Shohjahon ringga chiqayotgan super yengil (-63,5 kg) vazn toifasining WBA chempionlik kamari o‘sha vaqtlarda belaruslik Kirill Relixga tegishli edi. U prof-boksdagi yangicha formatdagi turnir Butunjahon boks super seriyalari (WBSS) musobaqasida ishtirok etayotgan chorak finaldagi g‘alabasi evaziga endi yarim finalda AQSh vakili Rejis Progrega qarshi jangga chiqishi kerak edi.
Jang g‘olibi esa finalda eng yaqini bilan sentyabrda (hozirgi vaqtda final sentyabrdan ham kechikishi kutilmoqda) IBF chempionlik kamarini birlashtiruvchi jangda ishtirok etishi lozim edi. Tushunyapsizmi, bir so‘z bilan aytganda, Shohjahon reytinglarda bo‘lgan ikkala yo‘nalishda ham chempionlik uchun janglar kamida 2019 yil yakuniga qadar band. Ammo Shohjahon, bilmadim, balki promouterlariga ishonibmi, yoki o‘zi shunchakimi, aprelda chempionlik uchun jang qilishini aytib yubordi va kutilganidek aprelda hech qanday jang bo‘lmadi.
Oradan ko‘p o‘tmadi. 1 mart kuni WBA yangilangan reytingi e’lon qilindi va unda Shohjahon reytingda bor-yo‘g‘i bir pog‘ona ko‘tarilib 4-o‘ringa joylashgani ma’lum bo‘ldi. Ammo shunda ham u turli tadbirlarda mashhur sharhlovchilar nomidan birinchi raqamli sifatida e’lon qilinaverdi. Keyinroq o‘sha xabarlarni o‘zlari ko‘rishgandir, jim bo‘lib ketishdi. 2018 yilda WBA International kamari qo‘lga kiritilganidan keyin u kamarni biror marta himoya qilmagan va kamar undan olib qo‘yilgandi. Faqatgina matbuot buni ancha vaqt o‘tib yozganidan keyin uning tanishtiruvlarida bu unvon qo‘shilmaydigan bo‘lgandi.
Keyingi xabar Ergashevning mashhur promouter Freddi Rouch bilan ishlashi haqida bo‘ldi. Afsonaviy Menni Pakyaoning sobiq ustozi Shohjahonni chempionlik jangiga tayyorlashi haqida hamma saytlar yozdi. Ko‘pa o‘tmay Shohjahonning o‘ziga bu borada savol berishganida u hali birinchi xabar sovimay ikkinchi xabarni berdi: «Menga Rouch varianti yoqmayapti, bu promouterlarimning tanlovi, men Gennadiy Golovkinning ustozi Abel Sanches bilan ishlamoqchiman».
Afsuski bu ikki gap aytilganidan buyon uch oy o‘tar-o‘tmas, bu ham yolg‘on ma’lumot bo‘lib chiqdi. Shohjahon Abel Sanches tugul, o‘zi xushlamay turgan Freddi Rouch bilan ham ishlamadi. Hattoki Amerikaga ham bormadi. Mazkur maqola yozilayotgan vaqtda internetdan u Abel Sanches bilan ishlamoqchi ekani haqida xabarni qidirdim. Ishonasizmi, 2017 yilning yozidagi xabar chiqib qoldi.
O‘shanda Ergashev AQShga birinchi marta ketayotgani va u yerda Abel Sanches unga ustozlik qilishini aytgan va buni saytlar xabar sifatida yozgan ekan... O‘sha vaqtlarda bir necha yengilmas bokschilarga qarshi ringga chiqish haqida ham xabarlar berilgan, lekin o‘sha janglarning birortasi ham o‘tkazilmagan.
Eng so‘nggisi o‘tgan haftada ma’lum bo‘ldi. Avvaliga Shohjahon o‘zi Rossiyada vaqti hamkorlik qilayotgan YouTube tarmog‘idagi ommabop kanallardan birida puerto-rikalik yengilmas Danielito Zorrilyaga qarshi ringga chiqishi haqida xabar tarqatdi. Xabarlarda puerto-rikalik bokschi Moskvaga kelishi e’lon qilindi va eng qimmat 50 dollardan bo‘lgan chiptalarni sotishdi. Ammo jangga bir kun qolganida go‘yoki «Zorrilyaning tobi qochib qolgani» aytilib, u kelolmasligini bildirishdi.
Albatta prof-boksda janglarning bekor bo‘lish holati tez-tez uchrab turadi. Bunga ajablanmaslik mumkindir, ammo sinchkov muxlis internet rivojlangan zamonda hamma narsani bilib olishi mumkin. Zorrilyaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasini kuzatsangiz, undan bir yoki ikki hafta oldin ham hattoki Moskvaga kelish rejasi ham bo‘lmaganini payqash mumkin. U postlarining birida 15 iyun kuni Amerikada ringga chiqishiga ham ishora qilib ketgan.
Lekin Shohjahon uni bir kun qolganida betob bo‘lib qolgani uchun kelmaganini aytyapti. Ergashev shu kuni familiyasi hazillarga sabab bo‘lgan navbatdagi «o‘tkinchi» raqibga qarshi 6 raundlik jang o‘tkazdi. Lekin bu jang biz yuqorida eslagan eng asosiy boks portali Boxrec natijalar bo‘limidan o‘chirib tashlangan. Ya’ni jang rasmiy maqomda emasligi qayd etilgan.
Bir narsani yaxshi tushunaman. Sportda biror natijaga, biror mavqega erishishning o‘zi bo‘lmaydi. Nohaqliklar, yana boshqa qator sabablar tufayli ko‘plab iqtidorlar o‘zini ko‘rsata olmasdan, faoliyatini tugatib, tirikchilik uchun boshqa kasblarga o‘zini urishga majbur bo‘lishadi. Shohjahon ham ko‘p bora aytganidek havaskor boksda nohaqliklarga uchragandir. Bunisini yaxshi bilmayman ochig‘i. Shunday holatida u prof-boksga o‘tib, bugun O‘zbekistonga yetarlicha muxlisga ega bokschiga aylana oldi. Nom chiqardi.
«Qo‘lingdan kelsa, sen ham shu darajaga chiq» deyishni yaxshi ko‘radiganlar ko‘p, buni bilamiz. Lekin bir narsani unutmaslik lozimki, hamma o‘z ishida «qo‘lidan kelganini qiladi». Men Shohjahonning qanday bokschi ekani haqida gapirmayapman. Uning iqtidoriga shubha yo‘q. Yuqorida ko‘tarilgan mavzu, uning atrofida, ringdan tashqaridagi g‘alati, aytish mumkin bo‘lsa isbotlanmagan bayonotlari haqida edi.
Shohjahonning kelgusida rostdan ham jahon chempionlik kamari uchun chiqishini men ham sizdan, har bir muxlisdan ko‘proq istayman, xohlayman. Chunki bu o‘zbek sportining yutug‘i bo‘ladi. O‘zbek sportining bunday darajadagi yutug‘idan faxrlanish kerak, albatta. Ammo buni barchasini maydonda, ringda ko‘rsatib isbotlash chiroyliroq bo‘lardi. Muxlislarni, ommani aldab emas. Bugungi muxlisni aldab bo‘lmaydi.
Yuqorida avvaliga bu maqolani yozishni istamaganimni aytdim. Umid qilamanki, nega baribir yozishga qaror qilganimni tushungandirsiz. Faqat birgina sportchi qisqa faoliyatini butun boshli tanqidiy maqola qilib yozish ham to‘g‘ri emas, deganlar topilishi mumkin edi. Ammo bu gaplar to‘xtamagach, davom etgach yozmasam bo‘lmasligini tushunib yetdim. Maqola orqali kimnidir yomon ko‘rsatish niyatim yo‘q. Shunchaki mavjud aniq faktlar va uning oqibatlarini sanashga harakat qildim. Bor gap shu.
Tilagimiz, Shohjahon nihoyat chempionlik uchun jang qilsin, g‘alaba qozonsin. Lekin buning uchun yolg‘on xabarlar bilan muxlisni aldash shart emas. Bugun chempionlik uchun kurashish imkoniyati yo‘q bo‘lsa, reyting janglarini davom ettiraversin, vaqti kelganda, imkoniyat bo‘lganda chiqsin va o‘shanda haqqoniy axborotlarni tarqatsin. O‘shanda Shohjahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritsa birinchi bo‘lib o‘zim uni tabriklab maqola yozishga va’da beraman. Yolg‘onlarni chetga surib, jiddiylashish vaqti allaqachon kelgan.
Azim Abdusalomov
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin