11:11 / 07.09.2019
5 471

Xabib Nurmagomedov - Dastin Pore. Prevyu

Xabib Nurmagomedov - Dastin Pore. Prevyu
7 sentyabr, shanba kuni BAA poytaxti Abu-Dabi shahrida UFC242 turniri bo‘lib o‘tadi. Mazkur musobaqaning asosiy jangi yengil vazn toifasida jahon chempioni Xabib Nurmagomedov va vaqtinchalik chempion Dastin Pore o‘rtasida kechadi.

Rossiyalik sportchi o‘tgan yilning oktyabr oyida Konor Makgregorni mag‘lub etganidan so‘ng oktagonni tark etib, ommaviy mushtlashuvga sababchi bo‘lganligi bois diskvalifikatsiya qilingan edi. 11 oylik diskvalifikatsiyadan so‘ng ilk marta oktagonga qaytadigan Nurmagomedov hozirga qadar 27 marta jang o‘tkazgan va biror marta mag‘lub bo‘lmagan. U yengil vazn toifasidagi vakant kamarni 2018 yilning 8 aprel kuni UFC223 turniri doirasida Ela Yakvintani mag‘lub etish orqali qo‘lga kiritgan edi.

Mazkur titulga da’vogar Pore esa Xabibga nisbatan uchta ko‘p jang o‘tkazgan. Ammo uning natijalari xayron qolarli darajada emas: 25 g‘alaba, 5 mag‘lubiyat. Ammo Poreda 4 ta g‘alabadan iborat seriya mavjud. Uning so‘nggi muvaffaqiyati faoliyatidagi eng muhim g‘alaba sifatida e’tirof etiladi. 14 aprel kuni bo‘lib o‘tgan UFC 236 turniri doirasida “Olmos” laqabiga ega bo‘lgan Dastin hakamlarning bir ovozdan qabul qilgan qaroriga ko‘ra, Maks Xolloueyni yengib, yengil vazn toifasida UFC’ning vaqtinchalik chempioni bo‘lishga erishgan edi. U bunga qadar Entoni Pettis, Jastin Getji va Eddi Alvarezlarni to‘xtata olgan edi.

Nurmagomedov va Pore bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lmoqda va ular yaxshi jang bo‘lishi uchun qandaydir janjal yoki so‘kinishlar shart emasligini to‘g‘ri ma’noda isbotlashmoqda. Bir divizionda ikki chempion bo‘lmaydi va biz bugun ularning biridan ayrilamiz.

Quyida esa bo‘lajak jang oldidan har ikki jangchi tomonidan bildirilgan fikrlar bilan tanishasiz.

Pore: "Bu buyuk voqelik. Men oktagonga chiqib, uni mag‘lub etsam, UFC’ning yengil vaznida kim haqiqiy qirol ekanligini namoyish etgan bo‘laman. Men oktagonga chiqaman va rossiyalikni mag‘lub etib, MMA tarixidagi eng yaxshi yengil vazndagi jangchiga aylanaman. Xabib bilan jang menga tarixga kirish imkonini beradi. Men endigina 30 yoshga to‘ldim va katta janglarim hali oldinda".

Nurmagomedov: "Meni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan barchaga rahmat. Biz birgalikda mana shu kunlarga yetib keldik. Ertaga ham g‘alaba qozonish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni amalga oshiraman".

Ma’lumot uchun, mazkur qarama-qarshilik bugun oqshom Toshkent vaqti bilan soat taxminan 00:30 da boshlanadi.

Shahzod Xolboyev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xabib Nurmagomedov - Dastin Pore. Prevyu