22:45 / 11.09.2019
2 316

Abdusamad Do‘rmonov: "Purishkin uchun alohida reja tuzmagandik"

Abdusamad Do‘rmonov: "Purishkin uchun alohida reja tuzmagandik"
A PRO-Liga 19-turidan o‘rin olgan "Neftchi" - "Oq-tepa" (3:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Abdusamad Do‘rmonov saytimizga intervyu berdi.
- Abdusamad aka, avvalo g‘alaba bilan tabriklaymiz! Bugungi o‘yin haqida fikrlaringiz...
- Uchrashuvning dastlabki qismida o‘yinimiz qovushmadi. Shundan kelib chiqib, jamoamiz taktikasini o‘zgartirdik. Birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib futbolchilarimiz tashabbusga ega bo‘la boshlashdi. Bizda vaziyatlar yuzaga kela boshladi, penalti ham tepdik, umuman olganda o‘yindagi ustunlik biz tomonga o‘tdi. Tanaffusda jamoamiz murabbiylari bilan futbolchilarga ikkinchi bo‘limda o‘yinga yana qo‘shish lozimligini, uchrashuvda tashabbusni qo‘llariga olishlarini aytib o‘tdik.
Ikkinchi bo‘limda jamoamiz birinchi bo‘limga qaraganda kuchliroq o‘yin ko‘rsatdi. Vaziyatlar yuzaga keldi va gollar kiritdik.

- Jamoangizda penalti tepish vazifasi kimga yuklatilgan?
- Doim takrorlayman, bizda kim o‘sha vaziyatda tayyor bo‘lsa, mas’uliyatni bo‘yniga olsa o‘sha futbolchi tepadi. Endi ko‘proq Toshpo‘latov, Karimovlar bu ishni bajarib kelishardi. Bugun Islombek Karimov bu ishni amalga oshirdi, afsus gol bo‘lmadi.

- Raqiblar tomonidan namoyish etilayotgan uchrashuvlarni kuzatib borishingiz tabiiy. "Oq-tepa" jamoasida Pavel Purishkin ketma-ket uchrashuvlarda gol kiritayotganligini inobatga olsak, demak u xavfli futbolchi sanaladi. Bugungi o‘yinda aynan Purishkinni "yopish" uchun sizda alohida reja bor edimi?
- Ha to‘g‘ri aytdingiz, biz raqiblar o‘tkazayotgan uchrashuvlarni tahlil qilamiz, ko‘rib chiqamiz va ularning o‘yinidan kelib chiqib taktika tanlaymiz. Pavel Purishkin haqida bilaman, lekin bugun uni zararsizlantirish uchun bizda alohida reja yo‘q edi. Bizda hozir har bir chiziqda raqobat kuchli, himoyachilarimiz raqib hujumchilariga munosib qarshilik ko‘rsata olishmoqda.

Bugungi g‘alaba bilan Farg‘ona ahini, barcha "Neftchi" muxlislarini tabriklayman. Uchrashuvlarga tashrif buyurib bizni qo‘llab-quvvatlab kelayotganliklari uchun minnatdorchilik bildiraman. O‘ylaymanki, jamoamiz muxlislari navbatdagi uchrashuvlarda ham stadionga kelib, bizni qo‘llab-quvvatlab turishadi.

Bekzod Tolibov yozib oldi.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abdusamad Do‘rmonov: "Purishkin uchun alohida reja tuzmagandik"