date

Oʻzbek futboli afsonasi Abdusamad Doʻrmonov olamdan oʻtdi

Oʻzbek futboli afsonasi Abdusamad Doʻrmonov olamdan oʻtdi

Oʻzbekiston futboli ogʻir yoʻqotishga duch keldi. Milliy jamoa sobiq aʼzosi, mamlakatda xizmat koʻrsatgan sportchi va murabbiy, haqiqiy futbol faxriysi Abdusamad Doʻrmonov 60 yoshida hayotdan koʻz yumdi.

Abdusamad Doʻrmonov 1965 yilda Termiz shahrida tavallud topgan. U futbolchilik faoliyati davomida yurtimizning yetakchi klublarida oʻynab, muxlislar mehrini qozongan. Jumladan, u «Paxtakor» (1987–1989), «Surxon» (1990–1991) hamda uzoq yillar davomida «Neftchi» (1992–2002) jamoasi sharafini munosib himoya qilgan.

Ayniqsa, Fargʻonaning «Neftchi» klubi bilan birga qoʻlga kiritgan yutuqlari uning faoliyatida alohida oʻrin tutadi. U jamoa bilan besh marotaba Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritib, klub tarixida oʻz nomini oltin harflar bilan yozib qoldirgan.

Shuningdek, Doʻrmonov 1992–1994 yillar oraligʻida Oʻzbekiston milliy jamoasiga jalb etilgan. U 1994 yil Yaponiyada boʻlib oʻtgan Osiyo oʻyinlarida qatnashib, tarixiy gʻalabaga hissa qoʻshgan futbolchilardan biri boʻlgan.

U nafaqat maydonda, balki hayotda ham futbol bilan chambarchas bogʻlangan inson edi. Uning oilasi ham sportga yaqin boʻlib, ukasi Rustam Doʻrmonov bilan birga «Neftchi»da toʻp surgan, yana bir ukasi Ravshan Doʻrmonov esa «Surxon» klubida faoliyat yuritgan.

2002 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan soʻng, u murabbiylikka oʻtib, oʻz tajribasini yosh avlodga ulashishga bel bogʻladi. U «Neftchi», «Yozyovon lochinlari» va «Istiqlol» kabi jamoalarda murabbiy sifatida ishlab, soʻnggi yillargacha «Neftchi» klubi murabbiylar shtabida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Abdusamad Doʻrmonov nafaqat natijalari, balki inson sifatidagi samimiyligi, mehnatsevarligi va futbolga boʻlgan sadoqati bilan ham yodda qoladi. Uning nomi oʻzbek futboli tarixida abadiy saqlanib qoladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Oʻzbek futboli afsonasi Abdusamad Doʻrmonov olamdan oʻtdi