21:26 / 02.10.2019
2 287

Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi 10 ta eng yirik hisob

Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi 10 ta eng yirik hisob
Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasida mavsumning eng yirik hisobi qayd etib bo‘lindi. «Tottenhem» va «Bavariya» uchrashuvida muxlislar jami 9ta golga guvoh bo‘lishdi. Lekin Londondagi o‘yin turnir tarixidagi eng gollarga boy uchrashuv emasdi. Bir o‘yinda 9 gol urilishi rekord natijaning yaqiniga yo‘lay olgan, xolos. Quyida muxlislar turnirning kuzgi o‘yinlarida qanday yirik hisoblarga guvoh bo‘lishgani haqida keltiriladi.

2011 yil. «Dinamo» Z – «Lion» – 1:7
«Lion» o‘shanda pley-off bosqichiga chiqishi uchun Zagrebda juda yirik hisobda g‘alaba qozonishi talab etilardi. O‘shanda fransuzlar o‘z vazifalarini bajarishgandi, holbuki 45-daqiqaga kelib «Dinamo» 1:0 hisobida oldinda borayotgandi. Keyin Bafetimbi Gomes poker qayd etadi. Bu o‘yin natijasi barchada shubha uyg‘otadi, ammo UYeFAning o‘sha vaqtdagi prezidenti, fransiyalik Mishel Platini bu o‘yin kelishilgan o‘yin bo‘lmaganini ma’lum qiladi.

2014 yil. «Roma» – «Bavariya» – 1:7
«Bavariya» YeChLning guruh bosqichi safar o‘yinlarida avval ham 7ta gol urgan. Besh yil muqaddam myunxenliklar «Roma»ni yanada yirikroq hisobda yengishgandi. O‘sha o‘yinning 36-daqiqasiga kelib Aren Robben dubl rasmiylashtirgan, Mario Gyotse, Robert Levandovski va Tomas Myuller bittadan gol urishga ulgurgandi. Rimlik muxlislar tom ma’noda yerga urilishadi. Ikkinchi bo‘limda Frank Riberi va Sherdan Shakiri yana bittadan gol urishadi.

2015 yil. «Bayer» – «Roma» – 4:4
Bunday gollarga boy uchrashuv durang natija bilan yakunlangan yagona holat. Bu uchrashuvda ham «Roma» ishtirok etgan, ammo nemislarning bu jamoasiga qarshi rimliklar Leverkuzenda 4:4 hisobidagi durang natijaga erishishgandi. Holbuki, o‘sha o‘yinning 19-daqiqasida maydon egalari Xaver Ernandesning dubli evaziga 2:0 hisobida oldinga chiqib olishgandi. Keyin «Roma» 44 daqiqa ichida 4ta gol uradi. Bu gollarning ikkitasi Daniel De Rossi hisobiga yoziladi. Lekin o‘yin yakunida Rodjer Shmidt boshqaruvidagi «Bayer» mag‘lubiyatdan qutulib qolgandi.

2015 yil. «Real» – «Malmyo» – 8:0
Krishtianu Ronaldu va Karim Benzema o‘shanda «Santyago Bernabeu»da istaganini qilishgandi. Portugaliyalik futbolchi shvedlar darvozasiga poker qayd etgan, fransuz esa het-trik bilan kifoyalangandi. Yana bir gol Mateo Kovachich tomonidan urilgandi. Qolaversa, Ronaldu o‘z statistikasiga beshinchi golli harakatni yozib qo‘ygan – golli uzatmani amalga oshirgandi.

2019 yil. «Red Bull Zalsburg» – «Genk» – 6:2
Joriy mavsumning birinchi turida tomoshabinlar Avstriya va Belgiya jamoalarining quvnoq o‘yiniga guvoh bo‘lishdi. Ayniqsa Erling Holand muxlislarni xushnud qildi: «Red Bull Zalsburg»ning yosh hujumchisi Yevropadagi asosiy turnirdagi debyutini het-trik bilan nishonlagandi. «Genk» qisqa vaqt ichida uchta gol o‘tkazib yuborgan, keyin ikki marta hisobni qisqartirgan bo‘lsada yirik hisobda mag‘lub bo‘lgandi.

2008 yil. «Vilyarreal» – «Olborg» – 6:3
2008 yilgi bu o‘yindan avval «Olborg» muxlisiga kimdir jamoasi safarda «Vilyarreal» darvozasiga uchta gol urishi haqida aytganida u bu g‘alaba yoki kamida durang natija bo‘lishini hisoblab quvonchdan sakragan bo‘lardi. O‘yinda mehmonlar haqiqatdan uchta gol urishdi, lekin yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrashdi. O‘yinning 67-daqiqasigacha hisob 2:2 ko‘rinishida edi. Ammo o‘yinga zaxiradan qo‘shilgan Xoseb Lorente 17 daqiqa ichida het-trik qayd etib, natijani ta’minladi.

2000 yil. «PSJ» – «Rusenborg» – 7:2
«PSJ» Neymar va Mbappe kelishidan avval ham Chempionlar ligasida yaxshi ishtirok etgan. 2000-yillarda Parijda mehmon bo‘lgan jamoalar yoqimsiz onlarni boshdan kechirishardi, ayniqsa «Rusenborg» qiyin ahvolga tushgan. «PSJ» o‘sha o‘yinning bir bo‘limida to‘rtta gol urgan, yana uchtasini so‘nggi 15 daqiqasiga qoldirgan. O‘yinda Nikolya Anelka va norvegiyalik hujumchi Krister George ikkitadan gol urishga erishgan.

2019 yil. «Tottenhem» – «Bavariya» – 2:7
Chempionlar ligasining o‘tgan mavsumdagi finalchisi o‘zining yangi stadionida, muxlislari ko‘z o‘ngida 7ta gol o‘tkazib sharmanda bo‘ldi. Ha, «Tottenhem» hozirda o‘tgan mavsum bahoridagi holatida emas. Bu o‘yin boshida mezbonlar Son Xin Minning goli bilan hisobni ochishgandi. Ammo «Bavariya» o‘yinning qolgan qismida APL vakilini tor-mor qilishdi. Fantastik o‘yin o‘tkazgan Serj Gnabrida poker va golli uzatma, Robert Levandovskida – dubl.

2003 yil. «Monako» – «Deportivo» – 8:3
«Tottenhem» va «Bavariya»ga 10talikni zabt etish uchun bir gol yetishmagan bo‘lsa, monegasklar va ispanlar 2003 yilda birgalikda 11 gol urishgandi. Chempionlar ligasida bu rekord uzoq vaqt saqlanib turdi, bu rekord abadiy qoladigandek ko‘rinardi. Mezbonlarning xorvatiyalik hujumchisi Dado Prsho 23 daqiqa ichida pokerga erishgan, «Deportivo» darvozaboni Xose Molina esa birinchi bo‘limda 5ta gol o‘tkazib yuborgach, tanaffusda almashtirilgandi. Lekin mehmonlar safida o‘zini sharmanda bo‘lmagan deb hisoblashga haqli bir futbolchi ham bor edi – Diyego Tristan «Monako» darvozasiga ikkita gol urgan.

2016 yil. «Borussiya» D – «Legiya» – 8:4

Muxlislar hisobni hisoblashda chalkashib ketgan o‘yin, bu o‘yin YeChLning yangi rekordini o‘rnatgandi! «Borussiya» va «Legiya» Dortmundda haqiqiy shou namoyish etishgan va jami 12 gol urishgandi. Intriga o‘yinning faqat dastlabki qismida bo‘lgan, polyaklar ilk 15 daqiqalikda hisobda oldinda borishgan, keyin Sindzi Kagava ikki daqiqada ikkita gol urgan, uning ortidan Nuri Shahin uchinchi golni urgan, 24-daqiqada birinchi gol muallifi Aleksandr Priyovich dublni rasmiylashtirgan, qolganiga «Borussiya» klassdagi ustunligini namoyish etgan Marko Roys ikkita, Usmon Dembele va Feliks Passlak bittadan gol urgan, ikkinchi bo‘limda Mixal Kuxarchik va Nemanya Nikolichning gollari faqat hisobni qisqartirishga xizmat qilgan, o‘yinga so‘nggi nuqta mehmonlar futbolchisi Yakub Jeznichak tomonidan urilgan, u qo‘shimcha daqiqalarda o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi 10 ta eng yirik hisob