«Bunyodkor» klubidagi bir qator futbolchilar O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining muhim a’zolari sanalishadi. Ana shunday o‘yinchilardan biri yarim himoyachi Nurillo To‘xtasinovdir. Klubida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan futbolchi olimpiya termasida ham ana shunday mavqega ega. Shuning uchun bosh murabbiy Lyubinko Drulovichning rejalaridan o‘rin olgan. Yaqinda esa To‘xtasinov ham olimpiya terma jamoasining Janubiy Koreyadagi yig‘inida ishtirok etib qaytdi.
Ammo hozircha «Bunyodkor»ning qayd etayotgan natijalari ko‘ngildagidek emas. To‘g‘ri, jamoa uchinchi o‘rin uchun kurash olib bormoqda. Lekin oxirgi o‘yinlardagi mag‘lubiyatlar tufayli muxlislarini havotirga solib qo‘ymoqda. Tabiiyki, Nurillo To‘xtasinov bilan o‘zaro suhbatimiz davomida ushbu masalaga ham to‘xtalib o‘tdik. Birinchi navbatda esa O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi haqidagi savollarga javob oldik. Chunki ular yaqinda Koreyadagi yig‘inni yakunlab qaytib kelishdi. Shu bilan birga Osiyo chempionatidagi guruhimiz xususida ham to‘xtalib o‘tdik.
- Yaqinda olimpiya terma jamoamiz Janubiy Koreyada yig‘in o‘tkazib qaytdi va mazkur tayyorgarlik jarayonida Koreya olimpiyachilariga qarshi ikkita o‘yin ham tashkil etildi. O‘sha yig‘in davomida ko‘proq nimalarga e’tibor qaratildi?
- Janubiy Koreyadagi yig‘inimiz har doimgidek tayyorgarlik kabi o‘tdi. Albatta, o‘rtoqlik uchrashuvidagi raqibimiz Koreya bo‘lgani sababli biz jiddiyroq tayyorgarlik ko‘rdik. To‘g‘ri, aniq bir nimagadir e’tibor berilmadi, ammo har bir yig‘in Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Janubiy Koreya bilan o‘yin esa biz uchun muhim edi. Chunki Osiyo chempionatida ular bilan bitta guruhdan joy olganmiz.
- Albatta, Koreya bilan bir guruhdoshmiz. Shunga qaramasdan, u yerda yig‘in hamda ularga qarshi nazorat uchrashuvlari tashkil etildi. Shuni unutmaslik kerakki, bu yig‘in qur’a tashlashdan ancha avval rejalashtirib qo‘yilgandi. Tabiiyki, guruhdagi raqiblar nomi ma’lum bo‘lgach, Koreyadagi yig‘inda bo‘lajak raqibga nisbatan yanada jiddiyroq va e’tiborliroq bo‘lish talab etilgandir-a? Har holda ularga qarshi uchrashuvlar o‘rtoqlik maqomidan ko‘ra yuqoriroq darajaga ko‘tarilgan bo‘lsa ajab emas…
- Ha, to‘g‘ri aytdingiz. Bu o‘yin biz uchun oddiy o‘rtoqlik o‘yinidan ko‘ra muhimroq ahamiyatga ega edi. Bu o‘zimiz uchun ham, raqib uchun ham e’tiborliroq bo‘ldi. Shu boisdan ushbu o‘yinlarda ulardan ko‘ra kuchli ekanligimizni isbotlashimiz kerak edi. Albatta, raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini o‘rganib chiqdik. Bu holatlar Osiyo o‘yinlarida bizga foyda beradi degan umiddaman.
- Ko‘pchilik terma jamoamizni Osiyo o‘yinlarida «o‘lim guruhi»dan joy olganligi haqida munosabat bildirishmoqda. Janubiy Koreya, Xitoy va Eron chindan ham kuchli raqiblar. Ammo O‘zbekiston ushbu musobaqada amaldagi Osiyo chempioni sifatida ishtirok etadi. Bu holat sizlarga qo‘shimcha bosim yuklamaydimi? Umuman olganda, qur’adan avval qanday raqiblarni kutgandingiz?
- To‘g‘ri, bosim har doim bo‘lgan. Lekin qur’adan avval qandaydir taxminlar qilmagandim. Biz hamma jamoalarni hurmat qilamiz. Agar biz nimagadir erishmoqchi bo‘lsak, baribir qanday raqib bo‘lishidan qat’iy nazar yutishimizga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun bizga qaysi raqiblarning tushishi u qadar muhim emasdi. Asosiysi, biz ko‘zlagan maqsadimizga erishishimiz kerak.
- Olimpiya terma jamoamizni Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli qatnashishi hamda Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun serbiyalik Lyubinko Drulovich taklif qilingan. Ayting-chi, ushbu murabbiyga qanday ta’rif bergan bo‘lardingiz? Undan qanday yangiliklarni o‘rganyapsizlar?
- Drulovich haqida gapiradigan bo‘lsam, albatta uning mashg‘ulotlarida yangicha narsalarni ko‘ryapmiz va buni o‘zimiz yaqindan his qilyapmiz. Mashg‘ulotlar davomida bizga yevropacha o‘yin uslubini singdirib bormoqda. Shuningdek, jamoada tartib-intizomni ham o‘z yo‘liga tushirib qo‘ygan. Shu boisdan jamoamizda muhit ajoyib darajada desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
- Vadim Abramov milliy terma jamoamizga bosh murabbiy bo‘lganidan keyin negadir uning «Bunyodkor»dagi natijalari ijobiy ko‘rinish olmayapti. Bu borada siz nima degan bo‘lardingiz?
- Bilasizmi, bu holatga aniq bir narsa sabab sifatida ko‘rinmayapti. Shunchaki, o‘yinimiz o‘xshamayapti. Aslida esa hamma jamoada ham bunday holatlar bo‘lib turadi. Lekin biz o‘zimizga ishonamiz. Shuning uchun mavsumni yaxshi yakunlashga harakat qilamiz.
- Shu bilan birga «Bunyodkor» a’zolari sifatida sizlarda Abramovga o‘zinglarni har tomonlama ko‘rsatish imkoniyati ko‘proq. Balki Abramov terma jamoa boshqaruvini o‘z qo‘liga olgach, qandaydir o‘zgarishlar sezilayotgandir…
- Yo‘q, hamma narsa oldingidek. Abramov milliy terma jamoaga bosh murabbiy bo‘lishidan oldin qanday bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday. Vadim Karlenovich shunday insonki, sizning birgina xatoingiz yoki yaxshi harakatingizga qarab baho bermaydi.
- «Paxtakor» muddatidan oldin chempionlikni naqd qilib qo‘ygan. Ikkinchi o‘rin esa katta ehtimol bilan «Lokomotiv»ga nasib etadigan ko‘rinadi. Bronza uchun esa «Bunyodkor» bilan «So‘g‘diyona» kurash olib boryapti…
- Uchinchi o‘rinni saqlab qolish uchun bizda yetarlicha imkoniyatimiz bor. Xudo xohlasa, albatta maqsadimizga yetamiz. Hali oldimizda yana to‘rtta o‘yin bor.
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi