Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Otabek Gʻulomxoʻjayev oʻz vazifasidan ozod etildi. Bir qarashda bu kutilmagan xabar boʻlib koʻrinadi. Chunki yaqinda Saudiyadagi saralash bahslarida uning jamoasi 7 ochko toʻplagandi va yomon taassurot qoldirmagandi. Buning ustiga kelasi yili boʻladigan Osiyo chempionati yurtimizda oʻtadi, shu bois saralash bahslaridagi natijalar aslida biz uchun u qadar ahamiyatsiz ham edi. Shunday ekan, Gʻulomxoʻjayevning isteʼfosi haqida savollar kelib chiqishi mumkin.
OʻFA esa bu borada izoh berar ekan, Saudiyadagi Osiyo chempionati saralashining oxirgi turida mezbonlarga qarshi uchrashuvda terma jamoamiz aʼzolari va murabbiylarining tartibsizliklarni keltirib chiqarishda asosiy aybdorlar deb topilgani yozilgan va bu borada OFKning qarori shunday boʻlgan. Shu sababli OʻFA Otabek Gʻulomxoʻjayev boshchiligidagi murabbiylar shtabini ishdan boʻshatdi. Biz esa vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Gʻulomxoʻjayev bilan bogʻlanganimizda isteʼfo haqida fikr bildirib, yuz bergan voqea aslida unday boʻlmaganini aytdi.
- OʻFA tomonidan chiqarilgan qarorga koʻra sizning boshchiligingizdagi murabbiylar shtabi yoshlar terma jamoasidan isteʼfoga chiqarildi va unda yozilishicha Saudiya Arabistonidagi saralashning oxirgi bahsida tartibsizliklar keltirib chiqarishda asosiy sababchilar sifatida koʻrsatilgansizlar. Aslida voqealar rivoji qanday boʻlgandi va isteʼfo haqidagi qarorga qanday munosabatdasiz?
- OʻFA saytida biz haqimizda yozilgan xabarning hammasiga ham qoʻshilmayman. U yerda men bilan yordamchim Doniyor Usmonov biz mushtlashuvda ishtirok etmaganmiz va hech qanday nojoʻya hatti-harakatlarni amalga oshirmaganmiz. Saudiya Arabistoniga qarshi oʻyinda hakamlar haqida hech nima demayman, insofni oʻziga bersin. Ular oʻyinni “buzib” yuborishgan. Saudiyalik futbolchilar “provakatsiya” qilishgani uchun yigitlarimiz tortishib qolishgani rost.
Shunchaki, oʻsha vaziyatda koʻproq bizning oʻyinchilar kameraga tushib qolishgan. Doniyor bilan biz esa yigitlarni ajratganmiz xolos. Yana qaytaraman, u yerda hech qanaqa nojoʻya hatti-harakat boʻlmagan. Bu – futbol va unda xissiyotlar junbushga kelishi tabiiy. Toʻgʻri, murabbiy doim oʻrnak boʻlishi va oʻzini yaxshi tutishi kerak. Lekin bunday musobaqalarda baribir xissiyotlar boʻladi. Chunki biz yoshmiz va bunday musobaqa biz uchun dastlabki rasmiy oʻyinlardir. Biz u yerda vatanimiz nomidan oʻynadik. Axir ogʻzimizni berkitib qoʻya olmaymiz-ku.
Menga hech boʻlmaganda Yevropada xissiyotlarga berilmaydigan murabbiyni koʻrsata olasizmi? Oʻtgan safar aytgandim, ikki yil oldin hozirgi tarkibimizdagi 30-40 foiz futbolchilarimiz Saudiyaga qarshi rasmiy oʻyinda oʻynashgan va oʻshanda vakillarimizni “ezib” tashlashgandi. Shu bois futbolchilarimizda navbatdagi toʻqnashuvda kuchli ekanligimizni isbotlaymiz degan ishtiyoqi kuchli boʻlgan. Toʻgʻrisi, shu kuni butun jamoamiz bir oila boʻlib, butun vujudi va eʼtiborini uchrashuvga qaratib oʻynashganidan xursandman. Qoʻl ostimdagi yigitlarni bir oila sifatida shakllantira olganimdan mamnunman. Bu men uchun faxr. Murabbiylar shtabiga ham hamjihatlikda ishlaganimiz uchun rahmat.
Shuningdek, bizga Saudiyaga qarshi oʻyinning 82-daqiqasida Doniyor Usmonov nojoʻya hatti-harakat qilgani uchun hakam tomonidan jazolagani aytilgan. Vaholanki, oʻsha paytda biz gol urganimiz uchun men bilan Doniyor golni nishonlayotgandi. Aksincha, darvozabonlar murabbiyi Valeriy Karpenkoga ogohlantirish koʻrsatilgan. Doniyor esa hech nima qilmagan. Hayronman, OFK oʻsha vaziyatni qaysi koʻzi bilan koʻrgan ekan? Golni nishonlaganimizda ham raqib tomoniga hurmatsizlik qilmagan va yigitlarni janjallashgan paytda faqat ajratgan xolos.
OFK esa bu vaziyatni notoʻgʻri talqin qilgan. Menga aytishlari boʻyicha oʻsha oʻyindagi voqealar sababli qanchadir miqdorda jarima puli va ikkita rasmiy uchrashuvga diskvalifikatsiya boʻlishim mumkinligini aytishdi. Bu holat boʻyicha Ravshan aka Ermatov bilan gaplashdim. Osiyo chempionatining dastlabki ikkita oʻyinida diskvalifikatsiya tufayli oʻyin chogʻida murabbiylar shtabida boʻlmasang bu jamoaga qanday taʼsir qiladi deganida, agar ikkita oʻyinda mening yoʻqligim jamoaga taʼsir qiladigan boʻlsa, siz nima desangiz shu boʻladi dedim.
Lekin biz hech qanaqa mushtlashuvda ishtirok etmaganmiz. Qoʻl ostimdagi yigitlar bilan birga ishlaganimdan xursandman. Ular bilan natija qila oldik. Hech kimdan tilim qisiq joyim yoʻq. Barcha terma jamoalarimizga omad tilayman. Ravshan aka Ermatovga esa oʻtgan vaqt davomida menga ishonch bildirgani uchun rahmat aytaman. Bunday inson bilan ishlab zavqlandim.
Oʻz oʻrnida shuni aytib ketishim kerakki, oʻsha Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvning 35-daqiqasida futbolchilarimiz mening koʻrsatmalarimni yaxshi bajara olishmayotgani uchun jaxl ustida qoʻlimdagi suv idishni yerga uloqtirib yuborgandim, xolos. Oʻsha holat videokamerada ham koʻrinib turibdi, men hech qanaqasiga hakamga baqirmaganman. Aksincha, hakamning shuncha qiliqlariga qaramasdan tishimni-tishimga qoʻyib chidaganman. Hakamlarning ishiga baho berib, ularni tahlil qilish mening vazifam emas. Yaxshisi, oʻsha oʻyinni oʻzinglar koʻringlar.
- Umuman olganda, oʻsha oʻyindagi holat va OʻFA tomonidan chiqarilgan qaror sizning isteʼfoga chiqishingizga arzirmidi?
- Ravshan aka Ermatov bilan gaplashganimdan keyin boshimni tik tutgan holda chiqib ketdim. Natija va tarkib boʻyicha ham biz toʻgʻri yoʻlda edik. Masalan, Osiyo chempionati saralash bahslariga maksimal darajada eng yaxshi tayyorgarlikka ega boʻlgan 22 nafar futbolchilarni olib ketganman.
Hattoki, Saudiyaga bora olmagan va bizning zaxira roʻyxatimizda boʻlgan yigitlar bizni olib ketmadi deb xafa boʻlishlari mumkin edi. Lekin ular ham mening isteʼfoga chiqarilganimni eshitib telefon qilishdi yoki sms yozib yuz bergan vaziyatdan xafa boʻlishganini aytishdi. Saudiyaga qarshi uchrashuvda shu narsani koʻrdikki, biz oldimizdan chiqadigan har qanday raqibni yuta olardik. Lekin, bilasizmi, OʻFA bizni himoya qilib, OFKga qandaydir xat yuborsa kerak deb oʻylagandim.
Mayli, oʻsha ikkita oʻyinga diskvalifikatsiya qilishgan taqdirda ham jamoani oʻzim shugʻullantirib, oʻrnimga boshqasi oʻyin kuni oʻtirgan taqdirda ham yigitlar mening yoʻqligim uchun ham ikki barabar kuch bilan oʻynashgan boʻlardi. Toʻgʻri, saudiyaliklarga qarshi oʻyinda yigitlarning qilgan ishlari notoʻgʻri boʻlishi mumkin, ammo biz murabbiylar hech nima qilmadik. Biz maydonga chiqqanda futbol oʻynashimiz kerak, ammo qachongacha raqiblar yoki hakamlar bizga nisbatan notoʻgʻri hatti-harakatlarni qilishadi? Menimcha, oʻzini hurmat qilgan murabbiy bunday holatlarga jim qarab tura olmasa kerak.
- Yana bir gap: sizni isteʼfoga chiqarishlaridan bir necha kun oldin Otabek Gʻulomxoʻjayevning oʻrnini Timur Kapadze egalladi degan gap-soʻzlar ham tarqalgandi. Demak, bu xabar bejiz emas ekan…
- Jamoam manfaati uchun agar isteʼfoga chiqishim foyda keltirsa ketishga tayyorligimni aytdim. Ammo nazarimda, kimdir mening qayerdadir xato qilishim yoki qoqilishimni kutib turgandek tuyuldi. Isteʼfoga chiqishimdan 4-5 kun oldin terma jamoadan ketishim mumkinligi haqidagi maʼlumotlar chiqib ketdi. Balki kimgadir joyim kerak boʻlgandir, yana bilmadim. Lekin hech kimdan xafagarchiligim yoʻq. Lekin tirik jon borki xato qiladi. Faqat kimni qanday koʻrishi va tushunishiga bogʻliq. Oxirigacha terma jamoamizga muxlislik qilamiz.
Shuhratbek Joʻrayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...