22:11 / 01.02.2020
2 701

Koronavirus Xitoy futboliga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

Koronavirus Xitoy futboliga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
Yaxshi bilasiz, oxirgi paytlarda Xitoyning Uxan shahrida paydo bo‘lgan koronavirus atamasi jahon matbuotidan tushmay qoldi.
Bu esa o‘z navbatida nafaqat odamlarning turmush tarziga, balki Xitoy futboliga ham katta ta’sir o‘tkazyapti. Quyida ushbu "ko‘rinmas ajal"ning sportga o‘tkazayotgan ta’siri haqida to‘xtalamiz.

Superkubok qoldirildi
5 fevral kuni chempion "Guangju Evergrand" hamda Kubok sohibi "Shanxay Shenxua" o‘rtasida Superkubok bo‘lib o‘tishi belgilab qo‘yilgandi. Superkubok sharqiy Xitoydagi Jiangsu provinsiyasida joylashgan Suju shahrida o‘tkazilishi reja qilingan hamda shu o‘yin bilan yangi mavsumga start berish kutilgandi.

Lekin mamlakatda tarqalgan koronavirus sabab Superkubok noma’lum muddatga qoldirildi. Xitoy futbol assotsiatsiyasi bu haqda shunday bayonot berdi: "Keng jamoatchilikning bir joyda to‘planishiga hukumat tomonidan ruxsat berilmayotgani sababli Superkubok noma’lum muddatga qoldirildi. O‘yin qachon va qayerda bo‘lib o‘tishi assotsiatsiya tomonidan keyinroq ma’lum qilinadi".

Klublar dastlabki 3 turni safarda o‘tkazadi
Aynan koronavirus sabab OFK Xitoy klublari OCHLdagi dastlabki uchta turni safarda o‘tkazishini ma’lum qildi. Bu yilgi Osiyo chempionlar ligasida Xitoydan "Beyjing FK", "Shanxay Shenxua", "Guangju Evergrand" hamda "Shanxay SIPG" ishtirok etadi.

Hozircha to‘rttala jamoa ham dastlabki 3 turni safarda o‘tkazishi aniq bo‘lib ulgurdi. Qolgan uchta tur ham safarga ko‘chirilishi mumkin. Chunki OFK bergan ma’lumotda 4,5,6-turlar qayerda bo‘lib o‘tishi vaziyatga qarab oydinlik kiritiladi deyilgan.

Superliga qachon start olishi noma’lum
Xitoy Superligasi aslida 22 fevraldan boshlanishi lozim edi. Lekin tushunarli sababga ko‘ra, yangi mavsum starti noma’lum muddatga qoldirildi. Endi katta ehtimol bilan Superliga bahslariga bahorda start beriladi.

Mamlakat sport vazirligi bu borada shunday chiqish qildi: "Xalqimiz salomatligini o‘ylab barcha sport turlaridagi xalqaro va ichki musobaqalarni aprel oyiga qadar to‘xtatib turamiz".

Voqealar qanday tus olyapti?
- Koronavirus alomatlari Xitoydan tashqari AQSH, Kanada, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tailand va Singapurda ham ko‘rina boshladi.

- Xitoy hukumati Uxan va Xuangan shaharlarini yopib qo‘yishdi. Mamlakatning katta qismi izolyatsiya holatiga tushgan. Ko‘plab restoran va kinoteatrlar yopilib, ular o‘rniga kasalxonalar qurilyapti.

- 26 yanvar kuni Xitoy futbol assotsiatsiyasi ayollar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlariga saralash bosqichi Xitoydan Avstraliyaga ko‘chirilishini rasman ma’lum qildi.

- 3-9 fevral kunlari Xitoy, Avstraliya, Tailand va Xitoy Taypeyi o‘rtasida futbol bo‘yicha xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tishi lozim edi. Bu o‘yinni ham Xitoyda o‘tkazish bekor qilindi.

- Xitoyning Dunguan shahrida tennis bo‘yicha Federatsiya Kubogi o‘tkazilishi lozim edi. Bu musobaqa Qozog‘istonga ko‘chirildi va 4-8 fevralga belgilandi.

- 24 yanvar kuni Xitoy basketbol federatsiyasi ichki chempionat o‘yinlari noma’lum muddatga qoldirilganini e’lon qildi.

- Koronavirus kibersportga ham katta ta’sir o‘tkazdi. To‘g‘ri, internet orqali onlayn tarzda kompyuter o‘yinlarini o‘ynasa bo‘ladi. Biroq Xitoyda kibersport LAN shaklida rivojlangan bo‘lib, bunda o‘yinchilar kompyuter qarshisida o‘tirgani bilan ularni katta ekranlar orqali minglab muxlislar tomosha qiladi.

- Epidemiya sabab Xitoyda ancha urf bo‘lgan League of Legends chempionati hamda WESG Olimpiadasi noma’lum muddatga qoldirildi. Shuningdek, Starcraft II, CS:GO, Hainan Master Spring Invitational musobaqasi ham o‘tkazilmayapti. Bundan esa tashkilotchilar millionlab dollar miqdorida moliyaviy zarar ko‘rgan.

Yulduzlarga nima bo‘ladi?
Ma’lumki, Xitoy chempionatida ko‘plab yulduzlar faoliyat yuritadi. Hozirda ko‘pchilik xorijlik futbolchilar mamlakatni tark etsa, chempionat qay ahvolda qolishidan sarosimaga tushgan.

Masalan, birgina "Shanxay SIPG"da to‘p tepayotgan legionerlarni olaylik. U yerda Xalk, Oskar, Arnautovich, shuningdek hamyurtimiz Odil Ahmedov ham bor. Hozirda ba’zi OAV yulduzlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra shartnomani bekor qilish haqida o‘ylay boshlaganini yozmoqda.

"Guangju Evergrand"da bosh murabbiy sifatida Fabio Kannavaro ishlab kelmoqda, futbolchilardan Paulino va Taliska to‘p tepyapti. Lekin kimda ikkita fuqarolik bo‘lsa, mamlakatdan chiqib ketish oson bo‘lmaydi. Masalan, o‘tgan yil Xitoy fuqaroligini qabul qilib, hatto milliy terma jamoada o‘ynashga ulgurgan Elkeson nima qiladi?

Lekin hozircha fakt shuki, hech kim o‘z klubini tark etgani yo‘q. Hamma jimgina voqealar rivoji qanday yakun topishini kutmoqda.

Xayrulla Xoliqov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Koronavirus Xitoy futboliga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?