23:13 / 06.03.2020
2 157

Baxtiyor Ashurmatov: "Metallurg"ga omad kulib boqdi"

Baxtiyor Ashurmatov: "Metallurg"ga omad kulib boqdi"
"Metallurg" jamoasidan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin "Qo‘qon-1912" bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Bugun maydonda ikkita teng kuchga ega bo‘lgan jamoalar o‘ynadi. Shu sababli o‘yin ham teng kurashlar ostida kechdi. "Metallurg"ga omad kulib boqdi. Ularni g‘alaba bilan tabriklayman. Biz esa navbatdagi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishda davom etamiz.

Garchi safarda o‘ynagan bo‘lsak-da, muxlislarimiz bizni qo‘llab-quvvatlab turishdi. O‘zimizning maydonda o‘ynayotgandek bo‘ldik. Faqatgina yaratilgan vaziyatlardan foydalanishda "Metallurg" ustunlik qildi.

- O‘yin teng kurashlar ostida o‘tganini barcha ko‘rdi. Omaddan tashqari yana qanday jihatlar jamoaning mag‘lubiyatiga sababchi bo‘ldi?
- "Metallurg" o‘z maydonida o‘ynashiga qaramasdan himoyaviy o‘yinni tanlashini taxmin qilgandik. Shuni e’tiborga olib, o‘yinga tayyorgarlik ko‘rdik. O‘yin davomida bizda himoyadan hujumga o‘tishda katta muammolar bo‘ldi. Shuningdek, "Metallurg"ning bir nechta qarshi hujumlarini o‘tkazib yubordik. Aynan shu jihatlar bizning mag‘lubiyatimizga sabab bo‘ldi.

"Metallurg" tarkibida tezkor qarshi hujumga o‘tib keta oladigan futbolchilar ko‘pchilikni tashkil qildi. Doniyor Narzullayev va Shaxzod Ubaydullayev ancha chiroyli o‘yin ko‘rsatishdi. O‘tgan o‘yinda Abror Toshqo‘ziyev gol urganiga qaramasdan, asosiy tarkibda Ubaydullayev tushishini kutmagandim. "Metallurg"ning bu o‘zgarishi o‘zini oqladi. Narzullayevning tezkorligi esa o‘yin taqdirini hal qildi.

- Standartlar jamoaning asosiy quroli ekanligini bilamiz. Faqatgina shu jihatga tayanib qolish ham noto‘g‘ri emasmikin?
- Yo‘q. Biz raqibning o‘yiniga qarab, qay tariqa hujumlarga o‘tish, qay tariqa himoyalanish borasida ham ishlayapmiz. Lekin tarkibda standartlardan ajoyib tarzda foydalanadigan shunday futbolchi bor bo‘la turib, bunga e’tibor bermaslik ham noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Ikkinchi bo‘limda "Metallurg" ko‘p sonli futbolchilari bilan himoyalandi va o‘yin tashkil qilishda muammolarga duch keldik.

Standartlardan foydalanish asosiy faktorlarimizdan biri edi. Bugun esa bundan to‘g‘ri foydalanish nasib qilmadi. Navbatdagi turlarda o‘z maydonimizda o‘tadigan o‘yinlarda ham shunday muammolarga duch kelishimiz mumkin. Ya’ni, raqiblar himoyaviy o‘yin ko‘rsatadigan bo‘lsa, istalgan jamoa o‘z o‘yinini tashkil qila olishi qiyin bo‘ladi. Shu boisdan bu borada qattiq ishlaymiz.

- Filip Rayevas nega maydonga tushmadi? Unda jarohat bormidi yoki boshqa muammo bormidi?
- Yo‘q, unda hammasi joyida. U kecha Serbiyadan uchib keldi, testlarni topshirdi va tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. O‘ylaymanki keyingi o‘yinlarda Filip maydonga tushadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Baxtiyor Ashurmatov: "Metallurg"ga omad kulib boqdi"