Rio Olimpiadasi chempioni Fazliddin G‘oibnazarovning murabbiyi Abror Tursunpo‘latov barcha boks muxlislariga yaxshi tanish. Uni nafaqat yurtimizda balki, MDH mamlakatlari va okean ortida ham yaxshi bilishadi.
U Fazliddin bilan bir qatorda rossiyalik mashhur Sergey Kovalyovga ham murabbiylik qilganligidan xabaringiz bor. Bir so‘z bilan aytganda yaxshi mutaxassis. Biz ushbu murabbiy bilan faoliyatiga oid batafsil suhbat qurdik. Quyida mazkur intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.
- Abror aka sizni murabbiy sifatida muxlislar yaxshi bilishadi. Lekin bokschilik faoliyatingiz borasida esa ma’lumotlar biroz kamroq. Keling bu boradagi xotiralaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?
- Boks olamiga 8 yoshimdan kirib kelganman. 1995 yil Chirchiqdagi sport maktabida mashg‘ulotlarni davom ettirgandim. Birinchi murabbiyim rahmatli Ruslan Vladimirovich Say edi. Stepan Stepanovich, Ilyas Rahimjonovlar ham ustozim bo‘lgan.
Keyinchalik Sirdaryoda Yuriy Sergeyevich Yemelyanov va Lochin Qo‘chqorov qo‘l ostida shug‘ullana boshladim. Biroz vaqt o‘tgach Lochin aka bilan Namanganga ketganman va u yerda faoliyatimni davom ettirgandim.
To‘g‘risini aytganda boksning rostmana sir-asrorlarini Lochin akadan o‘rgandim. Chunki ushbu insonning bu borada o‘ziga xos maktabi bor edi. Bokschi sifatida u qadar muvaffaqiyatga erisha olmaganman. Sababi, raqobat kuchli bo‘lgan.
Qolaversa, qaysidir ma’noda e’tibor kamroq bo‘lganmi, 2000 yil yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladim. Bir nechta xalqaro turnirlarda g‘alaba qozonishga ham muvaffaq bo‘lganman.
- Murabbiylik faoliyatingiz qachondan boshlangan va bunga qanday omil turtki bo‘lgandi?
- Bu boradagi faoliyatimni juda erta boshlaganman. O‘sha vaqtda Namanganda o‘qirdim. 2000 yil edi. Lochin akani qo‘lida ko‘plab yosh bokschilar shug‘ullanar va unga yordam kerak bo‘lgan. Shuning uchun meni va Bahodir Nuriddinovni murabbiylikka o‘tishimizni aytgandi. Shundan so‘ng 14:00 dan 16:00 ga qadar, yosh bolalarga mashg‘ulot o‘tib, keyin o‘zimiz ikki soat shug‘ullanardik.
Hozir murabbiy sifatida shuni tushundimki, qaysidir ma’noda kuchli bokschi bo‘la olmaganimga murabbiylikni erta boshlaganim ham sabab bo‘lgan. Vaholanki, murabbiyim chaqmoq kabi tezligim borligini aytardi. Lekin rizq-nasiba, har kim ham yaxshi bokschi bo‘lavermaydi. O‘shanda Lochin aka sen yaxshi murabbiy bo‘la olasan. Faoliyatini davom ettir degandi.
- Bu borada kamol topishingizda yana qaysi murabbiylardan ko‘proq maslahatlar olgansiz?
- Avvalo, yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek o‘zimning ustozim Lochin Qo‘chqorov, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov hamda Vladimir Shinni alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim.
- Havaskor va professional yo‘nalishdagi murabbiy degan tushunchaga qanday izoh berasiz?
- Aslida, unchalik farqi yo‘q. Lekin havaskordan birdaniga professionalga o‘tsangiz biroz qiyinchilik yuzaga kelishi bor gap. Lekin bokschilik faoliyatini boshidan o‘tkazgan va nazariya borasida ham yaxshi bilimga ega mutaxassislar bu qiynchilikni osongina yengib o‘tadi. Shaxsan o‘zimda ham AQSHga borganda shunday holat yuzaga kelgan. Bu borada menga Anatoliy Lomachenko o‘ziga xos maslahatlar bergandi.
- Fazliddin G‘oibnazarovning muvaffaqiyatlarida sizning o‘rningiz beqiyos... U bilan necha yoshidan boshlab ishlay boshlagansiz?
- 2003 yil Namangandagi oliygohni bitirib, o‘zimning shahrim Bekobodga qaytganimdan so‘ng ikkita zalda murabbiylik qila boshladim. Uchta guruhga ustozlik qilardim. O‘shanda Fayzi yosh bola edi va u ham mashg‘ulotlarga kelardi.
Bir oy ishlash davomida bundagi iqtidorni ko‘ra oldim. Lochin aka Qo‘chqorov qo‘l ostida men, Nodir G‘ulomov, Bahodir Nuriddinov va To‘lashboy Doniyorovlar birga mashg‘ulot o‘taganmiz. Fazliddinni harakatlari To‘lashboyga o‘xshab ketardi. Uni chaqirib hozir boks qo‘lqopi kerakmasligini aytib, alohida mashg‘ulotlar tavsiya qildim. Keyin Lochin akaga telefon qilib, kichik To‘lashboy Doniyorovni tayyorlayotganimni aytdim.
Oradan biroz vaqt o‘tgach Namanganga olib borib, u yerda sparring janglarda ishtirok etdik. Harakatlari barchaga yoqdi. Uning chapaqayligi, umuman olganda talant bor edi.
Fazliddinni muvaffaqiyatlaridagi eng katta xizmatim uni o‘z vaqtida payqay olganligimda bo‘lsa kerak. Chunki qanchadan-qancha iqtidorlar e’tiborsizlikdan yoki murabbiylik faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi uchun boksdan sovib ketishadi. Vaholanki, ular orasida jahon, Olimpiada chempioni bo‘lish salohiyatiga ega bo‘lganlari ham topilishi mumkin.
- Fayzi Buxoroda adashmasam Nodir G‘ulomovni qo‘l ostida ham mashg‘ulotlar olib borgan edi. Bu nima bilan bog‘liq bo‘lgan?
- Bilasizmi, o‘sha vaqt murabbiylikni tark etishimga to‘g‘ri kelib qolgan. Maosh juda oz edi. Bir o‘g‘ilman. Uydagilarga yordam berish kerak. Oila qurdim va farzandli bo‘ldim. Harajatlar ko‘paydi. Shu bois savdo bilan shug‘ullanishga qaror qilganman. Qolaversa, xalqaro toifadagi hakam edim. Ko‘plab musobaqalarda ishlash jarayonida, Fazliddinga e’tibor kamayib ketishi mumkin edi. Shuning uchun uni Nodir G‘ulomovni oldiga olib borganman. Boisi, yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, u bilan bitta boks maktabidan chiqqanmiz. Ikkimiz ham Lochin Qo‘chqorovni tarbiyasini olganmiz. Bolani men boshlagan yo‘ldan davom etishi uchun Lochin akaga yoki Nodir G‘ulomovga olib borishim kerak edi. Ustozning qo‘l ostida juda ko‘p shogirdlari borligi tufayli Buxoroga Nodir G‘ulomovni oldiga borib, unga topshirganman.
U yerda ushbu murabbiy va Olim Muhammedov qo‘l ostida mashg‘ulotlarni davom ettirgan. Ularning ustozligida ham juda ko‘p muvaffaqiyatlarga erisha oldi.
- Sergey Kovalyov bilan hamkorlik qanday boshlangandi?
- AQSH da Fazliddin G‘oyibnazarov hamda Baxrom Murtazaliyev bilan ishlayotganimda zalimizga Sergey keldi va mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. O‘sha vaqt Andre Uorddan ikkinchi bor mag‘lubiyatga uchragan vaqti edi. Keyin biroz birga ishlaylik deb so‘radi. Unga lapa ushladim. Mashg‘ulotdan so‘ng, kechki ovqatga taklif qildi. U menga o‘zining birinchi murabbiyi Novikovni eslatib yuborganini aytdi va birga ishlashni taklif qildi. Mayli qo‘limdan kelgancha yordam beraman dedim. Lekin professional tajribam u qadar yuqori emasligini, unga katta va’dalar bera olmasligimni aytdim. U esa ikkimiz birga o‘sishimizni ta’kidladi. Shu bilan hamkorlik boshlanib ketdi.
- Gonorar masalasi qanday kelishildi?
- Pul masalasida og‘iz ochganda, men bu ikkinchi darajalik ekanligini, ustoz-shogirdlik munosabati ahamiyatli ekanligini tushuntirdim. Ish boshlanmasdan pul haqida kelishuv qilsak, bu biznes bo‘lib qolishini aytdim. Vaholanki, buning o‘zi biznes sanaladi. Qancha bersang shunga rozi bo‘laman dedim.
- Boshlanishi yomon emasdi?
- Birinchi jangga tayyorgarlik boshlanib ketdi. O‘sha vaqt Andre Uord WBO chempionlik kamarini vakant qoldirgandi. Ushbu titul uchun Vyacheslav Shabraniskiyga qarshi jangga tayyorgarlik ko‘rdik va g‘alaba qozonib, chempionlikni qo‘lga kirita oldik. Uning ishtirokidagi uchinchi jangda bizda biroz kamchilik bo‘ldi.
- Eleyder Alvaresdan uchralgan mag‘lubiyat nazarda tutilmoqdami?
- Ha, albatta.
- Qanday kamchilik bo‘lgan. Balki buni o‘ziga yarasha sababi bordir?
- U mazkur jang avvalida, bir qizni kaltaklagan ekan. Shuning uchun uni har kuni tergovga chaqirishgan. Butun diqqat-e’tibori o‘sha bilan bo‘lib qolgan. Buni bizdan yashirgan. Sparring janglarda 4-5 raundda charchab qolavergan. Demoqimanki, shu tufayli unda ruhiy tushkunlik yuzaga kelgandi. Mag‘lubiyatga qaysidir ma’noda ushbu omil ham sabab bo‘lgan.
- Mazkur mag‘lubiyat hamkorlikni to‘xtatilishiga sabab bo‘lganmi?
- Yo‘q. Faqat mag‘lubiyat tufayli demagan bo‘lardim. Undagi vaziyatdan kelib chiqib, jarohati sabab unga faoliyatini yakunlashni maslahat beraman degan gaplarim matbuotda chiqib ketdi. Shu bilan oramizga sovuqchilik tushdi deb ham ayta olmayman. U bilan munosabatimiz hali ham yaxshi, hozirga qadar gaplashib turamiz. Shunchaki o‘shandan keyin ishni to‘xtatdik.
- Terens Krouford va Fazliddin o‘rtasidagi sparring qanday bo‘lgandi. Fayzi Feliks Diasga qarshi jangida unga yordam bergan ekan?
- Qaysidir ma’noda “Top Rank” ning jiddiy qiziqishi ham aynan ushbu sparring natijasida yuzaga kelgan. Biz AQSHda birinchi jangni yutdik. Ikkinchisi Krouford-Dias jangini anderkardida bo‘lishi kerak edi. Fazliddinni uslubi, chapaqayligi Diasga o‘xshab ketishi tufayli, bizga Kroufordga yordam berasizlar dedi. Biz bu taklifni qabul qilib, u mashg‘ulotlar o‘tayotgan joyga bordik.
Yaxshi kutib olishdi. Dengiz satxidan ancha baland bo‘lgan Koloradoning tog‘li hududida ushbu mashg‘ulotlar jarayoni bo‘lib o‘tdi. Yuqori bosim va iqlim tufayli tomog‘imizdan xech narsa o‘tmasdi. Faqat suv ichardik. Shuni inobatga olmasa, barchasi ajoyib ko‘rinish oldi.
Sparring besh raund 4 daqiqadan davom etdi. 30 soniya dam edi. Bu biz uchun yangilik edi. 1-3 raundlarda Fazliddin Kroufordni aldab qo‘yaverdi. Chunki o‘sha vaqt Fazliddin yaxshi formada, yaqindagina jang o‘tkazgan edi. 4-raundda Terens jigarga kuchli zarba yo‘lladi.
Lekin Fazliddin yiqilmadi. Jangni davom ettirdi. 5 raundda esa buni aksi bo‘ldi. Fayzi uni jigariga yaxshigina zarbasini o‘tkazdi. Qisqasi juda ajoyib va kuchli sparring bo‘ldi. Shuni ayta olamanki, bu sparringda Fazliddin uni yutib qo‘ydi. O‘sha yerda “Top Rank”ning matbuot xizmati bor edi.
AQSHda bu soha qanday ekanligini yaxshi bilasiz. Tezda Fazliddin Kroufordga qarshi juda kuchli jang o‘tkazdi degan gap-so‘zlar tarqaldi. Ikkinchi sparringga endi ushbu promouterlik kompaniyasining vitse-prezidenti, menejerlari, Bob Arumdan boshqa barcha mutasaddilari tashrif buyurdi. Bu safargisida ham yaxshi jang bo‘ldi. Biroq avvalgisidan ko‘ra, Terens extiyotkorroq bo‘lib harakat qildi. Chunki uni oldida muhim to‘qnashuv bor, jarohatlar unga qimmatga tushishi turgan gap edi.
O‘sha yerdagi barcha, ushbu sparringdan keyin menga shogirding bo‘lajak jahon chempioni, ishlashda davom etinglar degan gaplarni aytdi.
- Yaxshi fikr bildirganlar orasida “Top Rank” mutasaddilari ham bor edimi?
- Albatta. Bob Arumning o‘zi ham menejerimiz Egis Klimasga telefon qilib, Fayzi haqida iliq gap-so‘zlarni aytgan.
- Rossiyalik yana bir bokschi Baxrom Murtazaliyev bilan hamkorlik nima bo‘ldi?
- AQSHdaligimiz vaqtida uning o‘zi oldimga kelgan. U yerga borganiga besh-olti oy bo‘lgan bo‘lsada, murabbiylar tomonidan unga jiddiy e’tibor qaratilmagan. Baxromga meni mashg‘ulot jarayonlarim yoqqanligini va birga ishlashni taklif qildi. Buni qabul qildim va u bilan ham ishlay boshladim. Qo‘l ostimga kelguniga qadar 6 ta jangni yutgandi. Men bilan 10 bora ringga ko‘tarilib, barchasida g‘alaba qozondi.
Demoqchimanki, faoliyatidagi ko‘plab janglarini meni murabbiyligim ostida o‘tkazgan. U yaqindagina elminator jangida g‘alaba qozondi va chempionlik uchun rasmiy da’vogarga aylandi. Men viza tufayli AQSHga borishim kechikib ketganidan so‘ng yangi murabbiy topib, u bilan ishlamoqda. Agar, vizamiz hal bo‘lsa, yangi murabbiyi bilan birgalikda u bilan ishlashda davom etamiz. Ya’ni u bilan hali ham hamkorlik davom etmoqda.
- Viza masalasida oldinga siljish bormi?
- Yanvar oyida elchixonaga borgandik. Dastlab Fazliddin kirgandi. Unga ham bermagandi. Bir haftadan keyin chaqirib, bu masalasi hal bo‘lganligini aytishdi. Menga ham o‘zimiz aloqaga chiqamiz degan edi. Lekin bundan hozircha darak yo‘q.
O‘shani hisobiga biz Almatidagi boks oqshomida ringga ko‘tarilishni lozim topdik. Chunki Fayzini AQSHdagi jangi iyunning oxiri iyulning boshlariga qo‘yilgandi. Bunga ancha vaqt bor. Uzoq muddat jangsiz yurish ham yaxshi emas. Shu sababli o‘zim ulardan Almatidagi jang kechasida ishtirok etishimizni iltimos qildim.
- “Top Rank” bilan hamkorlikni davom ettirish to‘g‘ri qaror deb o‘ylaysizmi. Albatta, bu g‘ayritabiiyroq savol bo‘lishi mumkin. Chunki bu kompaniya jahonning eng grandlaridan biri...Lekin tangani ikkinchi tomoni ham bor. Ya’ni, Bob Arumda shunchalik TOP bokschilar ko‘pki, asosiy e’tiborini ularga qaratib, qolganlar biroz chetda qolib ketadi.
- To‘g‘ri, ular AQSHlik va meksikalik bokschilarga ko‘proq e’tibor qaratadi. Ularga kuchli ekanligingizni isbotlashingiz kerak. Buni Vasiliy Lomachenko misolida ko‘rishingiz mumkin. “Bir yomonni bir yaxshisi bor”, deyishadiku. Bu kompaniya bilan har kim ham shartnoma imzolay olmaydi. Mana bir nechta jang o‘tkazdik. Chempionlik janglariga ham yaqin qolmoqdamiz. Umuman olganda hamkorlikni davom ettiramiz.
- Fazliddinni navbatdagi raqibi Darrag Folini o‘rganish jarayonlari qanday kechmoqda?
- Bu raqibni ham ko‘rib chiqdim. Chapaqay, yaxshi bokschi. Lekin men birinchi navbatda Fazliddinni yuqori formaga chiqarishga e’tibor qarataman. Chunki u yaxshi formasini tiklay olsa, har qanday raqibni mag‘lub eta oladi.
- Professional boks olamida anchagina tanilib qoldingiz. Balki boshqa taniqli bokschilardan ham hamkorlik uchun takliflar bo‘lgandir?
- Albatta. AQSHda Sergey Kovalyov bilan ishlayotgan vaqtimda Maksim Dadashev Baddi Makgirtga borishdan avval menga rosa iltimos qilgandi. Bilasiz, bu bokschi yorug‘ olamni tark etdi. O‘shanda qo‘l ostimda Sergey, Baxrom, Fazliddin borligini, unga e’tiborim kamroq bo‘lishini tushuntirganman. Yana chexiyalik bola kelgan. Moldovalik Pyotr Apostol taklif bilan chiqib, bir oycha qo‘l ostimda shug‘ullangan. U ham 5 ta jang o‘tkazib, mag‘lubiyatsiz odimlayapti. Shunchaki ularga vaqtim yetmasligini aytganman.
-Suhbat uchun tashakkur. Kelgusi faoliyatingizga omad tilaymiz!
- Katta rahmat.
Ahmadbek Eshmatov
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»