07:00 / 21.03.2020
3 638

Rossiyalik futbolchi Superliga saviyasiga qanday baho berdi?

Rossiyalik futbolchi Superliga saviyasiga qanday baho berdi?
Joriy mavsumda o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan Namanganning “Navbahor” jamoasi yangi mavsum arafasida o‘z tarkibiga yana ikki nafar xorijlik futbolchini qo‘shib oldi. “Lochinlar” safiga bu yil qo‘shilgan legionerlardan biri bu – hujumkor yarim himoyachi Pavel Golishev.
U namanganliklar tarkibiga Superliga 2-turi doirasidagi “Navbahor” - “Lokomotiv” (2:0) o‘yini arafasida qo‘shildi hamda o‘sha bahsning qo‘shimcha daqiqasida zaxiradan maydonga tushib, “lochinlar” safidagi debyutini nishonladi.

"Navbahor" matbuot xizmati Superligada yuzaga kelgan tanaffusdan foydalangan holda, Pavel Golishev bilan suhbat uyushtirdi.

- Pavel, suhbatimizni “Navbahor”ga kelishingiz qanday yuz berganligi bilan boshlasak. Sizni jamoaga kim taklif etdi? “Navbahor” to‘g‘risida oldin ham ma’lumotga egamidingiz?
- Jamoa tarkibiga agentim orqali keldim. U menga “Navbahor” varianti borligi, bu haqda o‘ylab ko‘rishim mumkinligini ta’kidladi. Namanganliklar tarkibida o‘tgan yili sobiq jamoadoshim va do‘stim Aleksandr Kasyan o‘ynagandi. Sasha bilan 2016 yili Tomskning “Tom” jamoasida birga to‘p surganmiz. Kasyan menga “Navbahor” to‘g‘risida ko‘p narsa gapirib bergandi. Shuningdek, internet orqali ushbu jamoa to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘ldim hamda o‘z nomi va obro‘siga ega “Navbahor”da o‘ynashga ahd qildim.

Ammo namanganliklar safiga qo‘shilish uchun o‘sha paytda o‘zim o‘ynayotgan “Nijniy Novgorod” klubi prezidenti va bosh murabbiyi bilan kelishib, ularning ruxsatlarini olishim lozim edi.
Yaxshi, baxtimga barchasi ijobiy tarzda yakunlanib, Namanganga kelib, “Navbahor” bilan bir yillik shartnoma imzoladim.

- Jamoada sizni qanday kutib olishdi?
- “Navbahor”da meni juda yaxshi kutib olishdi. Namanganliklar safida vatandoshlarim – Igor Golban, Ivan Solovyov hamda Ruslan Bolov bor. Albatta, barchamiz bir-birimizni yaxshi taniymiz va bilamiz. Hamyurtlarimdan tashqari, jamoa tarkibidagi barcha mahalliy futbolchilar bilan ham yaxshi chiqishib ketdim. Umuman olganda, barcha o‘yinchilar bilan munosabatim yaxshi.

- Futbolchilik faoliyatingiz davomida ko‘plab murabbiylarning qo‘l ostida o‘ynagansiz. “Navbahor” ustozi Andrey Antanasovich Kanchelskisning mashg‘ulotlari boshqa murabbiylarnikidan nimasi bilan farq qiladi?
- Hech kimga sir emaski, har bir murabbiyning o‘z mashg‘ulot olib borish jarayoni bo‘ladi. Andrey Antanasovichning mashg‘ulotlari kuchli.
U har kuni mashg‘ulotlar jarayoniga yangilik kiritadi, jismoniy tayyorgarlikka ko‘proq urg‘u beradi. Buning esa bo‘lajak o‘yinlarda asqotishi ehtimoli yuqori.
Umuman olganda, Andrey Antanasovichning mashg‘ulotlari rang-barang hamda menga juda yoqadi.

- “Navbahor” tarkibidan joy olganingizdan so‘ng, jamoa ishtirokidagi ikkita o‘yinni tomosha qilishga muvaffaq bo‘ldingiz. O‘sha uchrashuvlar borasidagi fikrlaringiz...
- "Navbahor”ning “Lokomotiv” (2:0) va “Andijon” (0:0) jamoalariga qarshi kechgan o‘yinlarini bevosita zaxira o‘rindig‘ida kuzatish, “temiryo‘lchilar” bilan bo‘lgan bahsda esa hattoki, oz daqiqaga bo‘lsa-da, zaxiradan maydonga tushib, “Navbahor”dagi debyutimni nishonlash nasib etdi.

O‘sha o‘yinlardan kelib chiqib, shuni ta’kidlashim joizki, O‘zbekiston Superligasining saviyasi ancha kuchli. Jamoalar kombinatsion o‘yinga ko‘proq e’tibor qaratar ekan.

Bilishimcha, “Lokomotiv” O‘zbekistonning so‘nggi mavsumlardagi kuchli klublaridan biri va o‘tgan mavsumning kumush medali sohibi.
6 mart kuni “temiryo‘lchilar”ga qarshi kechgan o‘yinda stadionga ko‘plab muxlislar tashrif buyurib, supermuhit yaratishdi.

Albatta, o‘zbek futbolida his - hayajonga boy shunday bahslarning borligi ijobiy holat.
“Lokomotiv”ga qarshi kechgan o‘yinda zafar quchib, ishqibozlarni xursand qilishga muvaffaq bo‘ldik.

Safarda “Andijon”ga qarshi kechgan bahs esa “vodiy derbisi” maqomiga ega edi va o‘yin ham shunga yarasha keskin kurashlarga boy bo‘ldi: to‘qnashuvlar, sariq kartochkalar, har ikki jamoa muxlislarining munosib tarzda qo‘llab-quvvatlashlari.

Aytgancha, Andijondagi o‘yinda ham tomoshabinlar ko‘pchilikni tashkil etdi. Ayniqsa, Namangandan ham ko‘plab muxlislar Andijondagi stadionga tashrif buyurib, ajoyib muhit yaratishdi. Ularga qoyil qolmasdan ilojim yo‘q.

- Futbolchilik faoliyatingiz davomida derbi maqomidagi o‘yinlarda o‘ynaganmisiz?
- Albatta, faoliyatim davomida ko‘plab derbilar, jumladan, Moskva, Krasnodar, Sibir derbilarida ishtirok etganman.

Albatta, derbi o‘z nomi bilan derbi. Bunday o‘yinlarning shiddatli va keskin kurashlar ostida o‘tishining ehtimoli doimo yuqori bo‘ladi. Rossiya hamda O‘zbekiston derbilarini solishtiradigan bo‘lsak, “vodiy derbisi”ni o‘yin saviyasi va muxlislarning tashrifi bo‘yicha Moskva hamda Krasnodar derbilari bilan tenglashtirsa bo‘ladi.

Umuman olganda, “Andijon” – “Navbahor” o‘rtasidagi “vodiy derbisi” menda juda yaxshi taassurot qoldirdi.


- Futbolga qay tarzda kirib kelgansiz?
- Tog‘am futbol muxlisi bo‘lgan. U men va akam Dmitriyning futbolchi bo‘lishimizni xohlardi. Dmitriy mendan 2 yosh katta bo‘lganligi bois, tog‘am mendan oldin akamni qo‘lidan yetaklab, futbol maktabiga olib borgan, 2 yildan so‘ng esa meni futbol maktabiga joylashtirgan.

Akam Dmitriy hamda mening futbolga kirib kelishimiz shu tarzda boshlangan. Akam Dmitriy futbolchi bo‘lganligi bois, men ham uning izidan ketganman. U ayni paytda futbolchilik faoliyatini yakunlagan.

- Koronavirus sababli, deyarli dunyoning barcha mamlakatlari, shu jumladan yurtimizda ham futbol musobaqalari vaqtincha to‘xtatildi. Bu boradagi fikringiz...
- Albatta, koronavirus sababli, muxlislarning futbolsiz qolishlari afsuslanarli holat. Ammo inson sog‘ligi barcha narsadan ustun turishini ham unutmaslik lozim. Shuning uchun ayni paytda “Navbahor” qarorgohida karantin qoidalariga amal qilyapmiz.
Umid qilamanki, barchasi, tez kunlar ichida o‘z iziga tushib ketadi va muxlislar yana futbol o‘yinlaridan zavq olishadi.

- “Navbahor” muxlislariga tilaklaringiz...
- Namanganning futbolsevarlar viloyati ekanligiga “Lokomotiv” hamda “Andijon”ga qarshi kechgan bahslarda shaxsan guvoh bo‘ldim. Ta’kidlaganimdek, Namangandagi ochilish o‘yinida stadion muxlislar bilan to‘lib-toshdi, Andijonga ham Namangandan 5-6 ming nafar atrofida muxlislar tashrif buyurishganligini aytishmoqda.

Albatta, ishqibozlarning bunday qo‘llab-quvvatlashlari biz – futbolchilarga qo‘shimcha kuch-quvvat beradi.
Lekin shuni unutmaslik lozimki, muxlislarga birinchi navbatda natija kerak. Jamoa musobaqa jadvalining yuqori pog‘onasida bo‘lsa, stadion doimo muxlislar bilan to‘ladi.

Ishqibozlardan jamoamizning uy uchrashuvlarida doimo stadionni to‘ldirib o‘tirishlari va “Navbahor”ni munosib tarzda qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rayman.

Biz – futbolchilar esa ularga chiroyli o‘yin hamda g‘alabalarni tortiq etishga harakat qilamiz.
Baxtimizga jamoamiz muxlislari doimo sog‘-salomat bo‘lishsin. Ularning oilalariga baxt tilab qolaman.

Bizning ma’lumot
Pavel Golishev - 1987 yil, 7 iyulda Rossiya poytaxti Moskva shahrida tug‘ilgan.
Futbol bilan 7 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.
Ampluasi: yarim himoyachi.

Futbolchilik faoliyati davomida Rossiyaning “Moskva” (Moskva, 2005-2009 yillar), “Spartak” (Moskva, 2010 yilning 1-davrasi), “Alaniya” (Vladikavkaz, 2010 yilning 2-davrasi), “Tom” (Tomsk, 2011, 2012-2015, 2016-2017 yillar), “Tosno” (Tosno, 2015 yilning 2-davrasi), “Krilya Sovetov” (Samara, 2017 yilning 2-davrasi), “Baltika” (Kaliningrad, 2018 yilning 1-davrasi), “Luch” (Vladivostok, 2018 yilning 2-davrasi), “Nijniy Novgorod” (Nijniy Novgorod, 2019 yil) klublarida to‘p surgan. 2020 yildan “Navbahor”da.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiyalik futbolchi Superliga saviyasiga qanday baho berdi?